Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senatorlar safi 35 nafarga qisqartiriladi – loyiha

Senatorlar safi 35 nafarga qisqartiriladi – loyiha

Senatning vakolatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda. Bu borada Parlamentga «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi kiritilgan.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, Senatga:

  • mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish;
  • Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oliy Majlisning qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish;
  • qonunni u Senatga kelib tushgan kundan e’tiboran 60 kun ichida ko‘rib chiqish va boshqa vakolatlar berilmoqda.

O‘z navbatida, Senatning ayrim vakolatlari bekor qilinib, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanmoqda. Ya’ni:

  • Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
  • Prezidentning taqdimiga binoan Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;
  • Bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish.

Shuningdek, Senat a’zolari har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan (amalda 6 kishi) saylanishi, 9 nafari (amalda 16 kishi) Prezident tomonidan tayinlanishi (jami 65 nafar) belgilanmoqda. Doimiy asosda ishlovchi senatorlar soni esa  amaldagidek 25 nafar miqdorda saqlanib qolmoqda.

Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni esa 7 tadan 2 taga qisqartirilyapti. Bunda Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda.

Fraksiya rahbari moddiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra Spiker o‘rinbosariga tenglashtirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring