Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiyalik siyosatshunos G‘arbni qo‘rqitish uchun dahshatli yo‘l taklif qildi

Rossiyalik siyosatshunos G‘arbni qo‘rqitish uchun dahshatli yo‘l taklif qildi

Rossiyalik siyosatshunos, Moskva Oliy iqtisodiyot maktabi huzuridagi tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Dmitriy Suslov G‘arb mamlakatlari «aqlini kirgizish» uchun namoyishkorona yadro portlashini amalga oshirishni taklif qildi. Jahon urushiga olib kelishi mumkin bo‘lgan taklif «Profil» jurnalida chop etilgan maqolada ilgari surgan.

So‘nggi vaqtlarda G‘arb davlatlarida ishlab chiqarilgan qurollar bilan Ukrainaning Rossiyadagi qonuniy nishonlarga zarba yo‘llashiga ruxsat berish masalasi keng muhokama etilmoqda. Gap shundaki, Rossiya tajovuziga qarshi kurashda Ukrainaga ko‘mak berayotgan, qurol-aslaha yetkazayotgan aksar G‘arb davlatlari ushbu qurollar bilan Rossiya hududiga zarba bermaslik shartini qo‘ygan. Yaqinda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ittifoqchilarni ayni shu taqiqni bekor qilishga undadi.

Siyosatshunos Dmitriy Suslov G‘arb davlatlari ushbu taqiqni bekor qilgudek bo‘lsa, «qizil chiziq» buziladi deb hisoblaydi. Hukumatga yaqin deb ta’riflanadigan olimga ko‘ra, G‘arb Rossiya va Ukraina ziddiyatiga yanada yaqin aralashmasligi uchun tiyib turish va qo‘rqitish usullarini qo‘llash, jumladan, namoyishkorona tarzda jangovar bo‘lmagan yadro portlashini amalga oshirish lozim.

«Dunyoning barcha telekanallari jonli efirda namoyish etadigan yadro portlashining siyosiy-ruhiy effekti G‘arb siyosatdonlariga yadro urushi qarshisidagi qo‘rquvni qaytaradi degan umiddaman. 1945-yildan keyin buyuk davlatlar o‘rtasidagi urushlarning oldini olgan bu qo‘rquv hozir ancha zaiflashgan», – deydi D.Suslov.

Keyingi vaqtlarda Rossiya rahbariyati va olimlari yadro quroli ishga solinishi haqida goh oshkora tarzda, goh ishoralar bilan bayonotlar berib kelmoqda.

O‘tgan yili prezident Putin komandasiga mansub siyosatshunos Sergey Karaganov ham Rossiya rahbariyatini Yevropa mamlakatlariga qarshi yadro quroli qo‘llashga undab chiqqan edi.

2022-yil 27-fevral kuni, Ukraina urushidan bir necha kun o‘tgach, Putin mudofaa vazirligiga yadro quroliga aloqador kuchlarni harbiy navbatchilikning maxsus rejimiga o‘tkazish haqida buyruq bergan edi. Mazkur tahdidli bayonot ortidan ehtimoliy yadro zarbasi xususida muhokamalar qizg‘in tusga kirdi.

Putin 2022-yil sentyabr oyidagi murojaatida mamlakat hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi haqida gapirgan.

Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham Moskva yadro qurolidan foydalanish huquqiga ega ekanini bir necha bor pisanda qilgan.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy harakatlar ortidan yadro qurolini ishga solishi mumkinligi haqida bayonot bergan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring