Qashqadaryoda ikki bloger «mayda bezorilik»da ayblanib, 5 sutkaga qamaldi
Kecha, 29 may kuni Qashqadaryo viloyatida faoliyat yurituvchi ikki nafar bloger mayda bezorilikda ayblanib, har biri 5 sutkadan ma’muriy qamoq bilan jazolandi. Bu haqda viloyat sudi axborot xizmati xabar tarqatdi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, 2023 yil 29 may kuni soat 10:20 larda Shahrisabz shahar IIB YHXB ma’muriy binosi oldida oq rangli davlat raqam belgisi yechilgan holda barcha oynalari to‘liq qoraytirilgan «Jentra» rusumli avtomashina turganligini ko‘rgan Shahrisabz shahar IIB YHXB boshlig‘i F. Yangiboyev ushbu avtomashinadan shubhalanib, hujjatlarini tekshirish va ushbu avtomashinani kimga tegishli ekanligini aniqlash uchun borganida, ushbu avtomashina oldida turgan A. Abdullayev avtomashina unga tegishli ekanligini ma’lum qilib, o‘zining fuqarolik pasportini taqdim qilib, avtomashinaga tegishli hujjatlarni esa taqdim qilmasdan, «xohlasang o‘zing topib ol» deb qo‘pollik qilgan. Shunda Shahrisabz shahar IIB YHXB F. Yangiboyev va YPX inspektorlari M. Karimov, S. Pirmanov va D. Ashurov bilan birga ushbu avtomashinani kimga tegishli ekanligini aniqlash va sodir qilgan qoidabuzarligi uchun jarima maydoniga joylashtirmoqchi bo‘lganida, haydovchi A. Abdullayevning yonida turgan fuqarolar M. Muzaffarov va U. Karimov IIB xodimlariga nisbatan qo‘pollik qilib, ularga hurmatsizlik va bepisandlik qilib, ularga sensirab murojaat qilib, janjal qila boshlagan.
Shundan so‘ng Shahrisabz shahar IIB YHXB F. Yangiboyev darhol Shahrisabz shahar IIBga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirib, yordamchi kuch yuborishni so‘ragan. Shahrisabz shahar IIB binosi va Shahrisabz shahar IIB YHXB binosi yonma-yon joylashganligi uchun zudlik bilan Shahrisabz shahar IIB boshlig‘ining o‘rinbosari J. Raupov voqea joyiga yetib kelib, A. Abdullayev bilan suhbatlashib, undan «ushbu avtomashinaning egasi sizmi?» deb so‘raganida, A. Abdullayev IIB boshlig‘ining o‘rinbosari J. Raupovga nisbatan ham ko‘pchilik fuqarolar oldida «sen kimsan?» deb qo‘pol munosabatda bo‘lib gaplasha boshlagan. Shunda A.Abdullayevning yonida turgan M. Muzaffarov va U.Karimov ularning suhbatiga aralashib, ular ham IIB boshlig‘ining o‘rinbosari J. Raupov va boshqa xodimlar bilan o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lib, «senlar gala vallomatlar jonga tegib ketdinglar, yashab bo‘lmay qoldi» deb, atrofga ko‘plab odamlarni to‘planishiga va fuqarolar oldida IIB xodimlarini obro‘sizlantirganlar.
IIB boshlig‘ining o‘rinbosari J. Raupov M. Muzaffarov va U. Karimov «o‘zingizni bosing, qizishmang» deb aytishiga qaramasdan, M. Muzaffarov va U. Karimov IIB binosi oldida baqir-chaqir qilib, «senlar shoshmay tur, har biring bilan gaplashamiz hali» deb, ko‘pchilik fuqarolarning oldida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, baqir-chaqir qilib, mayda bezorilik qilganlar.
Shundan so‘ng shu yerda turgan yana bir oq rangli «Gentra» rusumli, davlat raqam belgisi yechib olingan, barcha oynalarining tusi o‘zgartirilib qoraytirilgan avtomashina turganligi aniqlanib, surishtiruv jarayonida ushbu avtomashina M. Muzaffarovga tegishli davlat raqam belgisi 70 W 102 WA avtomashina ekanligi, avtomashinaning barcha oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz o‘zgartirilib qoraytirilganligi, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida A. Abdullayevga tegishli oq rangli, «Gentra» rusumli, davlat raqami 70 U 102 UA bo‘lgan avtomashinaning barcha oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz o‘zgartirilib qoraytirilganligi, tegishli ruxsatnomasiz qayta jixoz o‘rnatilganligi, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olinganligi, tegishli ruxsat olmay turib transport vositasiga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilma o‘rnatganligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudining 2023 yil 29 maydagi qaroriga ko‘ra:
A. Abdullayev MJtK 125-moddasi (transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 3-qismi, 5-qismi, 126-moddasi (ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish) 1-qismi, 127-moddasi (transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish) 2-qismi, 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga MJtKning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish) tartibida 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi;
U. Karimov MJtK 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi;
M. Muzaffarov 125-moddasi 5-qismi, 126-moddasi 1-qismi va 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga MJtKning 34-moddasi tartibida 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ammo blogerlarning ta’kidlashicha, ular IIB xodimlariga nisbatan qo‘pollik, haqorat qilishmagan. Gaplari isboti o‘laroq kamerani ko‘rishni aytishgan. Blogerlar ishi shu kunning o‘zida Shahrisabz shahar sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Bunday qisqa vaqt ichida ishning sudga yetib borgani odamni biroz shubhalantiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter