Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘rta yer dengizining eng xushmanzara plyajlari

O‘rta yer dengizining eng xushmanzara plyajlari

Turkiya yozgi ta’tilni o‘tkazish uchun eng mukammal maskan hisoblanadi. Ayniqsa, O‘rta yer dengizi mintaqasining ajoyib plyajlari har yili Turkiya va dunyo bo‘ylab millionlab sayyohni qabul qiladi. O‘rta yer dengizi turkuaz va ko‘k bayroqli (suvi yuqori sifat standartlariga javob beradigan va xavfsiz suzish uchun mos keladigan plyajlar va marinalarga beriladigan e’tirof) dengizi hamda ko‘rkam tabiati bilan barchani o‘ziga maftun etadi.

Patara plyaji

Antaliyaning Kash tumanida joylashgan Patara plyaji O‘rta yer dengizining eng maftunkor plyajlaridan biridir. Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan 2020 yil Patara yili deb e’lon qilinishi plyajning dong‘ini dunyoga taratdi. Patara plyaji 12 km uzunlikda bo‘lib, mayin qumlari bilan tashrif buyuruvchilarga unutilmas hislarni taqdim etadi.

Patara plyaji Kashdan taxminan 45 km uzoqlikda joylashgan. Ushbu plyaj «karetta» toshbaqalarining (dengiz toshbaqasi) tuxum qo‘yish joyi bo‘lgani uchun himoya ostida. Shuning uchun, borishdan oldin kirish va chiqish vaqtlari haqida ma’lumot olish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Kaputash plyaji

Kaputash plyaji O‘rta yer dengizining noyob plyajlaridan biri bo‘lib, Antaliyada Kash va Kalkan o‘rtasida joylashgan. Plyajdan kanon yo‘li o‘tgani uchun o‘ziga xos tabiiy ko‘rinishga ega. Turkiya haqidagi reklama yoki targ‘ibot filmlarida eng ko‘p uchraydigan plyajlardan biri. Kaputash plyajining o‘ziga xosligi 187 pog‘onali zinapoyadan tushib borilishidadir. Plyajning noyob fotosuratini olish uchun eng yaxshi joy ushbu zinayapoyalar hisoblanadi.

Kaputashning yana bir nodir jihati shundaki, tog‘lardan oqib tushadigan buloq suvi yer osti suvi sifatida dengizga quyiladi va bu holat plyajning suvini doimo salqin saqlab turadi. Shu bois, sovuq dengizda suzishni istaganlar uchun Kaputash plyaji ayni muddao.

Iztuzu plyaji

Iztuzu plyaji O‘rta yer dengizining tabiiy va toza plyajlaridan biri bo‘lib, 2008 yilda The Times tomonidan Yevropadagi eng yaxshi ochiq maydon, 2011 yilda Zoover va Meteovista tomonidan Yevropaning eng yaxshi plyaji va 2013 yilda Trip Advisor tomonidan Yevropaning 7 eng yaxshi plyaji sifatida tanlangan.

Iztuzu plyaji, shuningdek, «karetta» toshbaqalarining eng mashhur urug‘lanish joyi bo‘lib, 1988 yildan beri himoya ostida. Toshbaqalarga xalaqit bermaslik uchun plyaj soat 20:00 dan 08:00 gacha yopiladi va hududda shovqin qilish, chiroqlarni yoqish taqiqlangan. Bu joy Toshbaqa plyaji deb ham ataladi.

Kleopatra plyaji

Kleopatra plyaji – Antaliyaning Alaniya tumanida, tarixiy yarim orolning g‘arbiy qismida joylashgan va 2 km uzunlikdagi ajoyib O‘rta yer dengizi plyaji. Oltin qumlari va keng qirg‘oqlari bilan Turkiyaning eng jozibador plyajlaridan biri bo‘lib, dengizi sayoz va tiniq bo‘lganligi bois har yili yuz minglab sayyohlarning dengiz, qum va quyoshda dam olishi uchun sevimli maskaniga aylanib ulgurdi.

Kleopatra plyaji dengizining tiniqligi tillarda doston bo‘lgan va bu yerda ko‘zoynak bilan suzuvchilar dengizdagi baliqlarni va suv osti hayotining sehrini yaqqol ko‘ra olishadi. Plyaj o‘z nomini Misr malikasi Kleopatradan oladi. Hatto Kleopatra va Rim imperatori Antonius bu plyajda suzgan degan fikrlar ham bor.

Beljekiz plyaji

Beljekiz plyaji Mug‘laning Fethiye tumanida joylashgan bo‘lib, dunyo go‘zali O‘ludengizning yuragidir. Plyaj qumli va keng qirg‘oqlari, turkuaz dengizi va afsonaviy manzarasi bilan O‘rta yer dengizining eng shohona plyajlaridan. Fethiye tabiatining go‘zalligini to‘liq Beljekız plyajida ko‘rish mumkin.

Tabiat sporti bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar uchun ham juda qulay joy. Bu yerda ayniqsa, paraplanda uchish juda mashhur bo‘lib, Babadag‘dan boshlanib, O‘ludenizda tugaydigan paraplanda faoliyati uchun mintaqadagi kompaniyalar bilan bog‘lanish mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring