Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mayk Tayson, Xolifild, Konstantin Szyu... – nomdor bokschilar Toshkentda yig‘ilyapti

Mayk Tayson, Xolifild, Konstantin Szyu... – nomdor bokschilar Toshkentda yig‘ilyapti

Foto: Getty Images

Joriy yil 12-17-noyabr kunlari O‘zbekistonda ilk bor Butunjahon boks ittifoqining (WBC) yillik konvensiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur yirik professional boks tadbirida WBC prezidenti Maurisio Suleyman, ushbu tashkilot Ijroiya qo‘mitasining 15 nafarga yaqin a’zolari, Mayk Tayson, Xolifild, Konstantin Szyu, Tayson Fyuri, Vasiy Lomachenko kabi jahon chempionlari, 200 ga yaqin davlatdan 300 nafarga yaqin boks tashkilotlari, promuoterlik kompaniya vakillari, mutasaddilari ishtirok etishi kutilmoqda.  

Yoshlar siyosati va sport vazirligida mazkur tadbirga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan bugungi yig‘ilishda O‘zbekiston o‘tgan yillar davomida nufuzli sport tadbirlari, chempionatlar, xalqaro turnirlar, anjumanlar markaziga aylanib borayotgani e’tirof etildi.

Vazir Adham Ikromov olib borgan yig‘ilishda, shuningdek mazkur yirik boks tadbirida qatnashish uchun yurtimizga kelayotgan sportchilar, yirik sport mutasaddilarini kutib olish jarayonlari, tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, tashkil etiladigan professional boks kechasini yuqori saviyada uyushtirish borasidagi ishlar muhokama qilindi. Tashkilotlarning mutasaddilariga aniq vazifalar belgilandi.  

Mazkur konvensiya doirasida o‘tkaziladigan professional boks musobaqalarida o‘zbekistonlik bokschilar Bahodir Jalolov, Abdumalik Xalakov, Qudratilla Abduqahhorov, Mirazizbek Mirzaxalilovlarning chet ellik raqiblari bilan jangi ham rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, taniqli bokschilar – Tayson Fyuri, Vasiliy Lomachenko, Konstantin Szyu kabi nomdorlar 12-noyabrda Toshkentga yetib keladi. Mayk Tayson esa 16-noyabr kuni poytaxt aeroportida kutib olinadi.

Eslatib o‘tamiz, 1963-yilda asos solingan Butunjahon boks ittifoqi professional boksning eng nufuzli yo‘nalishi hisoblanib, uning bosh qarorgohi Meksikaning Mexiko shahrida joylashgan. O‘tgan yili tashkilotning yubiley – 60-yillik konvensiyasi Meksikada o‘tkazilgan va aynan o‘sha tadbirda 61-konvensiya mezbonligi O‘zbekistonga ishonib topshirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring