Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Malayziyaliklar Samarqandda tibbiy asbob-uskunalarni ta’mirlovchi mutaxassislarni tayyorlaydi

Malayziyaliklar Samarqandda tibbiy asbob-uskunalarni ta’mirlovchi mutaxassislarni tayyorlaydi

Malayziyaning Kuala-Lumpur universiteti tarkibiga kiruvchi Britaniya–Malayziya instituti (Universiti Kuala Lumpur British Malaysia Institute – UniKL BMI) bilan Samarqand viloyati Tibbiyot texnikumi negizida tibbiy uskuna va jihozlarni ta’mirlash bo‘yicha muhandis mutaxassislar tayyorlaydigan qo‘shma ta’lim dasturi ochiladi.

Bu borada O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyevning UniKL BMI rahbariyati bilan uchrashuvida kelishuvga erishilgan.

Malayziya tomonining ta’kidlashicha, UniKL BMI instituti elektrotexnika, elektronika, telekommunikatsiya va tibbiyot elektronikasi sohalarida har yili 400 dan ortiq mutaxassislarni tayyorlaydi. Talabalar uchun ta’lim jarayoni bevosita amaliyot bilan birga olib borilishiga alohida urg‘u berildi. 2023 yilda mazkur o‘quv dargohini tamomlagan talabalarning 97 foizi ish bilan ta’minlangan.

O‘zbekistonning yuzlab xususiy va davlat shifoxonalarida foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolgan tibbiy uskunalarni ta’mirlash bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga bo‘lgan talab institut xodimlarida ushbu sohada hamkorlik qilishga katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, tomonlar kelajakda ushbu qo‘shma ta’lim dasturida tahsil oladigan talabalar Malayziyaning «Al Global Corporation Sdn Bhd» va Samarqand viloyatining «Neyro Med Diagnostik Centre» MChJ o‘rtasida tibbiy uskuna va jihozlarni ta’mirlash bo‘yicha tashkil etilayotgan qo‘shma korxonada amaliyot o‘tash tajribasini yo‘lga qo‘yish mumkinligi to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatladilar.

Kuala-Lumpur universiteti 2002-yilda «MARA» (Majlis Amanah Rakyat) davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, Malayziyada muhandislik texnologiyasi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Universitetning 13 ta turli yo‘nalishdagi institutlarida 24 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring