Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IIV vaziri Po‘lat Bobojonov aholiga murojaat bilan chiqdi

IIV vaziri Po‘lat Bobojonov aholiga murojaat bilan chiqdi

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov mamlakat aholisiga murojaat bilan chiqdi.

Vazir huquqni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, kelgusida ushbu tizimni jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini saqlash yo‘lida chin dildan xizmat qiladigan xalqchil professional tuzilmaga aylantirish uchun sa’y-harakatlar davom etayotganini bildiradi.

«Yangi O‘zbekistonda «Inson qadri uchun» ezgu g‘oyasi davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Inson qadri ulug‘lanayotgan ana shunday tarixiy sharoitda qishloq, ovul va mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasida barchamizning zimmamizdagi mas’uliyatli vazifalar yanada ortib bormoqda», – deydi Bobojonov.

U, shuningdek, joriy yil 28 iyul kuni Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligi hay’atining Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida tizimdagi ishlar chuqur tahlil qilingani hamda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar aniq ko‘rsatib berilganini ta’kidlaydi.

Shulardan kelib chiqib, mavjud muammolarga yechim topish, aholi uchun xavfsiz yashash va mehnat sharoitlarini yaratish borasida ichki ishlar organlari tomonidan qator vazifalar belgilab olinganini aytadi.

«Birinchidan, bundan buyon asosiy e’tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni ilmiy yondashuv asosida o‘rganish, ularning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga qaratamiz. Endilikda huquqni muhofaza qilish organlari oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini jalb etib, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda «namunali hudud metodikasi» yaratiladi. Mazkur yondashuv orqali kelgusida har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilikning asl sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Ikkinchidan, achchiq bo‘lsa ham tan olish kerak: to‘qqiz yarim mingga yaqin mahallaning 1,5 mingdan ziyodida kriminogen vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, mahalladagi jinoyatchilikning ildizi ko‘pincha ijtimoiy muammolarga borib taqalmoqda.

Shuning uchun huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha «ijtimoiy profilaktika» tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali profilaktika inspektori, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faolidan iborat «mahalla beshligi» hamkorligi yanada kuchaytiriladi. Mahallaning o‘zida o‘smirlar, yoshlar va ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilikni keskin kamaytirish hamda muammoli fuqarolar bilan ishlashni kuchaytirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralari ko‘riladi.

Uchinchidan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va ularning viloyat boshqarmalari rahbar xodimlari, Bosh prokuror o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va viloyat prokurorlari eng og‘ir mahallalarga biriktirilgan holda ularni «jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish» sa’y-harakatlari faollik bilan amalga oshiriladi. Bunda har bir rahbar joylarga chiqib «mahalla beshligi» faoliyati bilan shaxsan tanishadi, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hamda kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni muhokama qiladi, muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni belgilaydi va nazoratini o‘rnatadi.

To‘rtinchidan, «Oila – mahalla – maktab – mustaqil hayot» tamoyili asosida tarbiyasi og‘ir o‘smirlarga vazirlik, idora va tashkilot rahbarlari biriktiriladi, mustaqil hayotga tayyorlash davrida ular bilan yakka tartibda ishlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun «Voyaga yetmaganlar bilan ijtimoiy-huquqiy ishlash klasteri» tizimi joriy etiladi. Bunda o‘smirlarni uchta toifaga bo‘lgan holda mutasaddilar tomonidan «otaliqqa olish» tartibi belgilanadi.

Xususan, jinoyat sodir etgan yoki jinoyat qilishga moyil bo‘lganlarga huquq-tartibot idoralari rahbarlari va rahbar o‘rinbosarlari, ijtimoiy zararli xatti-harakat sodir etishi mumkin bo‘lganlarga davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari va rahbar o‘rinbosarlari, nazoratsiz va qarovsiz qolganlarga hokimliklar, ta’lim muassasasi direktorlari va mahalla raislari biriktiriladi.

Beshinchidan, «Xavfsiz oila» tamoyili asosida alohida ish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ijtimoiy-maishiy muammosi hal bo‘lmagan oilalar bilan ishlash davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi etib belgilanadi. Sudda nizolashayotgan oilalar bilan manzilli ishlash bo‘yicha yagona idoralararo axborot tizimi ishga tushiriladi. Buning uchun sud organlariga nizoning mazmuni va undan kutilayotgan xatarlarning barvaqt oldini olish bo‘yicha mahalla va ichki ishlar organlarini xabardor qilish, tahliliy tavsiya berish vazifasi yuklatiladi.

O‘z navbatida, ichki ishlar organlari, sud tavsiyasiga asosan, nizoli oilani o‘rganib, himoya orderi orqali «oilabay» profilaktik choralarni ko‘rish, sektor rahbarlari va mahalla raislariga oilaning maishiy muammolarini hal etishda yaqindan ko‘maklashish, adliya organlari esa nizolashayotgan oila bilan manzilli maslahatlashuv o‘tkazib, malakali huquqiy yordam berish ishlarini amalga oshiradi.

Oltinchidan, «Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida» tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish, shuningdek, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududini belgilab qo‘yish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Oliy Majlis, mahalliy kengashlar va keng jamoatchilikka har yarim yilda hisobot berib boriladi.

Mamlakatimiz bo‘yicha eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasi shakllantiriladi. Ushbu xaritada harakatni tartibga solish uchun zarur bo‘lgan svetofor, yo‘l to‘siqlari, yer usti va yer osti piyodalar yo‘laklarining aniq soni va o‘rnatilish joylari, shuningdek, ta’mirtalab, jiddiy xavf tug‘dirayotgan yo‘l qismlarining joylashuvi ko‘rsatiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari ko‘magida, konsultantlarni jalb qilgan holda, ushbu yo‘l va chorrahalarda tartib o‘rnatish ishlari boshlanadi.

Yettinchidan, so‘nggi vaqtlarda yangi turdagi jinoyatlar va ularni sodir etish usullari paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yot g‘oyalarni targ‘ib etish, giyohvandlik va psixotrop moddalarni iste’mol qilishga jalb etish, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini va mol-mulkini internet hamda ijtimoiy tarmoqlar yordamida noqonuniy qo‘lga kiritish holatlari ko‘payib bormoqda.

Mana shunday vaziyatda barchamiz doimo ogoh va hushyor bo‘lishimiz, eng asosiysi, mahalla faollari, nuroniylar, ustoz va murabbiylar bilan birgalikda kelajagimiz egalari bo‘lgan farzandlarimizni jinoyat va huquqbuzarliklardan himoya qilishning sodda va samarali usullari amalda qo‘llanadi.

Sakkizinchidan, shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi zamonda sohani raqamlashtirish darajasini yuksak darajaga yetkazishga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, aholiga elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati va ko‘lamini oshirish, idoralararo axborot almashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘riladi.

Bunga bor kuchimiz va imkoniyatlarimizni yo‘naltiramiz.

To‘qqizinchidan, tizimda ma’naviy-axloqiy masalalarga e’tibor tubdan o‘zgaradi. Ichki ishlar organlari xodimlari har kuni minglab fuqaro bilan muloqotga kirishadi. Bu jarayonda ularning xushmuomala bo‘lishi, fuqarolar muammolariga qonuniy yechim topishi aholi, umuman, jamiyatdagi ijtimoiy kayfiyatga juda katta ta’sir ko‘rsatadi.

Shu ma’noda, o‘z kasbiga, xizmat burchiga sadoqatli, yurt tinchligi, xalq manfaati uchun xizmat qilishni muqaddas burchi deb biladigan chinakam fidoyi xodimlar ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shuning uchun bundan buyon ham kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qo‘yish hamda tizimni nopok, g‘arazli niyatdagi, o‘z manfaatlarini xalq manfaatidan ustun qo‘yadigan shaxslardan tozalash ishlari diqqatimiz markazida bo‘ladi», – deydi vazir.

Po‘lat Bobojonov, shu bilan birga aholidan mamlakatda tinch va osoyishta hayotni yanada mustahkamlash, maxallalarda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda yagona kuch bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishlikni so‘raydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring