Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIBB «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan zo‘ravonni qo‘lga oldi

IIBB «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan zo‘ravonni qo‘lga oldi

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahar IIBB «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qildi. U Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov qilinayotgani aytilmoqda.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari doirasida bir qator jinoiy holatlar aniqlangan. Jumladan, Toshkent shahrida «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan 1987 yilda tug‘ilgan Saidaziz Saidaliyev sport bilan shug‘ullangan jismonan baquvvat shaxslarni o‘z atrofiga to‘plab, qator jinoyatlarni sodir etgan.

«Qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarning muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidan», deyiladi IIBB bayonotida.

Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi Saidaziz Saidaliyev va boshqa bir necha shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov davom etmoqda.

Toshkent shahar IIBB ushbu shaxsdan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan 71-206-45-66, 71-206-49-46 yoki 102 raqamiga yoxud yaqin oradagi IIOga murojaat qilishlarini so‘ragan.

«Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq tarmoqda Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan so‘nggi bir hafta ichida «ko‘cha jinoiy guruhlari va jinoiy dunyoning o‘nlab vakillari»ga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. 2-dekabr kuni Toshkent shahar IIBB poytaxtda kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotgani tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring