Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FVV aholini sel xavfidan ogohlantirmoqda

FVV aholini sel xavfidan ogohlantirmoqda

FVV respublikada kuzatilayotgan o‘zgaruvchan ob-havo sharoiti sababli aholini sel xavfidan ogohlantirmoqda.

«Sel xavfi tufayli tog‘li va tog‘oldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam olish maskanlarida dam oluvchilar va ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilar, shuningdek, chorva mollarini boquvchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni so‘raymiz», – deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, sel - katta miqdorda tog‘ toshlari, qum va tuproq jinslari bilan birgalikda tog‘dan oqib tushuvchi suv oqimi bo‘lib, muntazam jala quyishi (85 foiz holatlarda), tog‘ qorlarining erishi (4 foiz hollarida), tog‘ suv havzalari,  suv omborlari, muzlagan suv havzalari qirg‘oqlarining  o‘pirilib ketishi (1,3 foiz hollarida) va boshqa sabablar (9,7 foiz hollarda) olib kelishi mumkin.

Katta hajmga va yuqori tezlikka ega bo‘lgan sel oqimi, yo‘lidagi barcha binolarni, aholi yashaydigan uylarni, gidrotexnik inshootlarni buzib, qishloq xo‘jalik ekinlarini, bog‘larni payhon qiladi. Odamlar va hayvonlarni nobud qiladi.

O‘zbekiston Respublikasidagi barcha tog‘ va tog‘ oldi hududlari sel xavfi bo‘lgan zonalarga kiritilgan. Respublikaning Namangan (19 foiz), Farg‘ona (14 foiz), Surxondaryo (13 foiz), Toshkent (12 foiz), Samarkand (12 foiz) va Qashqadaryo viloyatlari (12 foiz) hududlari suv toshqini-sel xavfi mavjud hududlardan hisoblanadi.

Sel oqimi vujudga kelishi aprel va may oylariga to‘g‘ri keladi, bu davrda tog‘ va tog‘ oldi hududlarida ko‘p yomg‘ir yog‘ishi kuzatilgan.

Sel xavfi bo‘lganda aholining harakati bo‘yicha tavsiyalar: 

  • Sel xavfi bo‘lgan   hududlarda  yashovchi   har   bir   kishi  uning uyi, xo‘jaligini sel kelish hududida joylashganligi haqidagi ma’lumotga ega bo‘lishi kerak va O‘zgidromet, FVV/FVB, hokimiyatlar vakillari  tomonidan berilgan ko‘rsatmalardagi sel va suv toshqinidan himoya qilish yo‘l-yo‘riqlariga albatta amal qilishi lozim. 
  • Sel oqimining o‘tishi va uning oqibatlari katta moddiy zarar keltirib, odamlar hayot va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin (sel oqibatida odamlarning qurbon bo‘lganligi bir necha marta qayd qilingan).
  • Sel oqimlaridan faqat qochib qutilish mumkin. Sel xavfi to‘g‘risida habar eshitgandan so‘ng darhol xavfsiz joyga ko‘chish harakatlarini qilish kerak. Sel oqimining tez fursatda shakllanishi, uning tezligini hisobga olgan holda, xabar tarqatish va muhofaza tadbirlarini bajarish uchun vaqt juda chegaralanganligini  (bir necha daqiqadan 10-20 daqiqagacha bo‘lishi mumkin) doimo yodda tutish lozim.  
  • Sel oqimidan xalos bo‘lishning iloji bo‘lmasa, balandroq tepalik ustiga, daraxtga yoki biror balandroq moslamalar ustiga chiqish kerak. Odatda sel 3-5 soat vaqt davom etishi mumkin.
  • Sel oqimi o‘tgandan so‘ng devor va ustunlarning holatini, gaz, elektr va suv ta’minotining sozligini tekshirish zarur.

Sel oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar:

  • Doimo sel-suv toshqini ro‘y berishi ehtimol bo‘lgan hududlarda joylashgan uy-joylar va boshqa ob’yektlar ro‘yxati aniqlanib turiladi, aholi va ob’yektlarni muhofaza qilish uchun o‘tkaziladigan tadbirlarning yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatilgan tegishli tavsiyanomalar tarqatiladi. 
  • Sel oqimi xavfi bo‘lgan joylarda ishlab chiqarish muassasalari va uy-joylarni ishonchli muhofaza inshootlari bo‘lmagan va O‘zgidromet bilan kelishilmagan holda qurish qat’iyan man etiladi. 
  • Sel xavfi yuzaga kelganda kuzatuv va xabar berish xizmati tashkil etiladi. 

Quyidagi agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi:

  • yonbag‘irlarda yerga ko‘ndalangiga ishlov berish, tog‘ yonbag‘irlarini pog‘ona-pog‘ona qilish, tog‘ adirlarida suv yo‘llari ochish, yer haydalib ekiladigan ekinlarni ekishga yo‘l qo‘ymaslik, yemirilishga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, daryo o‘zanlari, tog‘ adirlarida o‘rmonchilikni tashkil etish va ularni saqlash. 
  • Sel omborlari, selni ushlab turuvchi, selni boshqaruvchi va selga qarshi gidrotexnik inshoot, selxonalarni qurish ishlari amalga oshiriladi.

Gidrometeorologik hodisalarni kuzatish va nazorat qilish:

  • O‘zgidromet va uning bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi xuzuridagi sel-toshqin va qor ko‘chkilari ehtimoli mavjud zonalarni aniqlash, tekshirish va dala kuzatishlar yo‘li bilan amalga oshiriladi.
  • Ko‘p yillik kuzatishlar mobaynida O‘zbekiston hududida sel toshish ehtimoli aprel-iyun oylarida bir muncha faollashuvi qayd etilgan va sodir bo‘lgan hodisalar quyidagicha taqsimlangan: aprel oyida 30 foiz, may oyida 36 foiz, iyun oyida 14 foiz.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring