Farg‘ona hamda Qo‘qon davlat universitetlari tashkil etiladi
Prezidentning «Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi bilan Farg‘ona politexnika instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona davlat texnika universiteti tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali negizida Qo‘qon davlat universiteti tashkil etiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Farg‘ona filiali Farg‘ona davlat universiteti tasarrufiga o‘tkaziladi.
Qaror loyihasi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 2025/2026 o‘quv yiliga qadar Farg‘ona davlat texnika universiteti hamda Qo‘qon davlat universitetining boshqaruv bo‘g‘ini va o‘quv jarayoniga yuqori malakali, tegishli sohalar bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalarga, ilmiy salohiyatga, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarni belgilangan tartibda jalb qilish vazifalari yuklangan.
Vazirlik, shuningdek, Farg‘ona davlat texnika universiteti hamda Qo‘qon davlat universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlariga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etish choralarini ko‘radi.
Hujjat loyihasi bilan:
- Farg‘ona politexnika instituti akademik litseyi negizida Farg‘ona davlat texnika universiteti 1-son akademik litseyi;
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali akademik litseyi negizida Farg‘ona davlat texnika universiteti 2-son akademik litseyi;
- Qo‘qon davlat pedagogika instituti akademik litseyi negizida Qo‘qon davlat universiteti akademik litseyi tashkil etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter