Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektr iste’moli bo‘yicha bir xonadonda yashayotgan uch-to‘rt oila uchun alohida hisobraqam ochilishi mumkin

Elektr iste’moli bo‘yicha bir xonadonda yashayotgan uch-to‘rt oila uchun alohida hisobraqam ochilishi mumkin

Joriy yilning 1-avgustidan  respublika bo‘yicha  billing tizimi yangilanadi.

Bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayev ma’lum qildi.

«Bugungi kunda ishlayotgan billing tizimi 2012 yilda joriy qilingan. Keyingi yillarda elektr energiyaga talabning shiddat bilan oshayotgani va zamonaviy billing tizimining zarurligi uchun 2022 yilda texnik shartlar ishlab chiqilgan. Joriy yilning 1-avgustidan  esa respublika bo‘yicha  billing tizimi yangilanadi», – deydi A.G‘aybullayev.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur tizim sinov tarzida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joriy etilgan. Amaldagi tizimda abonentning ism-familiyasi, pasport ma’lumotlari va hisob-raqami bo‘lgan bo‘lsa, yangi tizimda abonentning kadastr ma’lumotlari, bitta odam nomida nechta hisob raqami borligi kabi ma’lumotlar jamlanadi. Yangi tizimda monitoring ishlarini olib borish maqsadida iste’molchining shikoyat va takliflari, ularning soni ham yozib boriladi.

Mutaxassis, shu bilan birga, 200 kilovatt soat etib belgilangan ijtimoiy norma bilan bog‘liq masalaga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Ijtimoiy norma masalasiga kelsak, bitta kadastrga bitta hisobraqami beriladi. Biroq ayrim xonadonlarda bir kadastr asosida to‘rttagacha oila mavjud. Bunday xonadon 200 emas, 800 kilovatt soat  elektr energiyasini ishlatadi. Shu asosda biz bir kadastr ostida yashaydigan oilalar uchun alohida hisobraqami yoki ijtimoiy holatga bog‘lagan holda yechim qilib berish bo‘yicha takliflar berdik. Albatta, bu masalaga yechim topiladi», – deydi u.

A.G‘aybullayev, shuningdek, shu va boshqa holatlar bo‘yicha Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ishlanayotgani, shu sababli, har oyning beshinchi sanasida agentlikka bu haqida ma’lumotlar taqdim etib borilayotgani hamda yaqinda bu masalalar bo‘yicha ham yechim bo‘lishi ko‘zda tutilayotganini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring