Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bu yil kirish imtihonlaridagi «avval test, so‘ng tanlov» tartibi qanday ishlaydi?

Bu yil kirish imtihonlaridagi «avval test, so‘ng tanlov» tartibi qanday ishlaydi?

Joriy yilda OTMlarga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkazilishi belgilangan.

Mazkur tartib joriy yil 24-mayda qabul qilingan Prezidentning PF-81-son farmoni bilan amaliyotga joriy qilinmoqda.

Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori maslahatchisi Zohid Shakarovning ma’lum qilishicha, bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib:

  • dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga;
  • so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.
  • O‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun Agentlikning my.uzbmb.uz saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tadi hamda quyidagilarni tanlaydi:

Faqat test sinovida ishtirok etsa:

  • fanlar majmuasi;
  • ta’lim tili;
  • test topshirish hududi.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirsa (kasbiy (ijodiy) imtihon) topshirsa:

  • ta’lim tili;
  • test topshirish hududi;
  • alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishi;
  • kasbiy (ijodiy) imtihonni topshiriladigan davlat oliy ta’lim muassasasi.

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida Agentlikning my.uzbmb.uz saytida orqali quyidagilarni tanlaydi:

  • oliy ta’lim muassasasi;
  • bakalavriat ta’lim yo‘nalishi;
  • ta’lim shakli;
  • tanlov ustuvorligi.

Abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bo‘yicha tanlov natijasi qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Kollej va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar «avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda quyidagilarni tanlaydi:

  • kollej va (yoki) texnikum;
  • kasb va mutaxassislik;
  • ta’lim shakli.

Kollej va texnikumlar uchun yakuniy tanlov natijasi bir hafta muddatda Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Shuningdek, abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Agentlik tomonidan haftaning seshanba va juma kunlari mutaxassislar ishtirokida 2024-2025-o‘quv yili qabuliga oid masalalar yuzasidan ovozli va videochatlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari barcha fuqarolarimiz Agentlikning 1195 ishonch telefoniga murojaat qilgan holda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishlari mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring