AQSh Sherdor madrasasini muhofaza qilish uchun 500 ming dollar ajratadi
AQSh Samarqanddagi Sherdor madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirishga qaratilgan loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun 500 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratadi.
AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan taqdim etilgan loyiha dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan saralash bosqichida tanlab olindi va tanlov tarixida O‘zbekiston uchun eng yirik summa ajratishga qaror qilindi.
Madaniy meros agentligi Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) texnik ko‘magida, mahalliy hunarmandlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda Sherdor madrasasi fasadida konservatsiya va restavratsiya ishlarbni amalga oshiradi. Loyiha sifati va samaradorligini oshirish uchun xorijlik mutaxassislar ham taklif etiladi.
«Biz Registon maydonidagi go‘zal va ramziy Sherdor madrasasining konservatsiya ishlarida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Ushbu sa’y-harakatlar bu muhim yodgorlikni kelgusi avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishda yordam beradi», – degan AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.
«Sherdor madrasasining konservatsiya-restavratsiya loyihasi AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirilishi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida madaniy meros sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanyotganiga yaqqol dadildir», – degan Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov.
Avvalroq AQSh ko‘magida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli shahri yaqinidagi Xalifa Rajab (Erejep) maqbarasi qayta tiklangandi.
2001-yilda ta’sis etilgan AQSh madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi rivojlanayotgan mamlakatlarga tarixiy obidalar, madaniy ob’yektlar hamda an’anaviy madaniy ifoda shakllarini saqlab qolish uchun grant ajratadi. Mazkur jamg‘arma 2001-yildan buyon O‘zbekistonda tarixiy binolar restavratsiyasi, nodir qo‘lyozmalar va muzey kolleksiyalarini baholash va saqlash, arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish, an’anaviy yodgorliklarni hujjatlashtirish bo‘yicha 10 dan ziyod loyihani qo‘llab-quvvatlagan, buning uchun 1 mln 350 ming dollar ajratgan.
Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yili Vashington va Toshkent «O‘zbekistonning arxeologik va etnologik materiallari toifalarida import cheklovlarini joriy etish to‘g‘risida» bitimni imzolagan edi. Shu tariqa O‘zbekiston AQSh bilan madaniy boyliklar to‘g‘risida bitim imzolagan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter