Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Adabiy Laylatul qadr kechasi» – Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlanadi

«Adabiy Laylatul qadr kechasi» – Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlanadi

«Ishchi-dehqonlar yozg‘on asarlarimni suyunib o‘qiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon o‘qirlar va unutmaslar...»

Abdulla Qodiriy

Joriy yilning 7-aprelida Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan «Adabiy Laylatul qadr kechasi»da ishtirok etar ekanman, yuragimni bir narsa ezaverdi, ezaverdi. Abdulla Qodiriy haqida gapirganimizda «bobomiz» deya fahrlanib qo‘yamiz. Uning haykali oldida suratga tushar ekanman, «mana 60 yoshga ham kirdim, ammo millat va vatan yo‘lida 44 yoshida halok bo‘lgan Abdula Qodiriy kabi shu yurt uchun biror narsani qoyilatib qo‘ydimmi?» degan savolni o‘zimga berdim. Beixtiyor Abdulla Qodiriyning «Ahvolimiz» she’ridagi quyidagi satrlar yodga keldi:    

Ko‘r bizning ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz,
Joyi kelgan chog‘ida vijdonni pulg‘a sotamiz.
O‘g‘limizg‘a na adab, na fan, na yaxshi so‘ylamak,
Na xudoni buyrug‘i bo‘lgan ilm o‘rgotamiz.
O‘rtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguchi,
Biz ani dahriy sanab, to‘fangcha birla otamiz.

Men, Abdulla Qodiriyni «O‘tkan kunlar» kinosi orqali taniganman. Kattalarning o‘zaro suhbatlarida Abdulla Qodiriy ulug‘ inson bo‘lgani haqida ko‘p eshitardik. Shu suhbatlarda Qodiriy bobomizning bog‘i, bog‘dagi shiypon (boloxona) haqida ham gapirilardi. Shiypon deganda, beixtiyor onamning amakisi Abdujamil tog‘am va otamning amakisi Turg‘un dodamning uylaridagi kichikroq shiyponcha ko‘z oldimga kelardi.

Menimcha, to‘rtinchi yo beshinchi  sinfda o‘qir edim, qo‘limga «Yoshlik» almanaxi (keyinchalik almanax negizida «Yoshlik» jurnali chiqa boshladi) tushib qoldi. Almanaxdan o‘rin olgan  she’r va hikoyalar qatorida, Abdulla Qodiriyning 1916-yilda yozilgan «Uloqda» hikoyasi ham bor edi. Mustaqil ravishda o‘qigan ilk hikoyalarimdan biri aynan «Uloqda» edi. Bu asar o‘zbek realistik hikoyasining eng yaxshi namunalaridan biri hisoblanadi.

Keyinchalik maktab darsliklari orqali Otabek, Kumush, Zaynab, Anvar va Ra’nolar bilan tanishdim. Maktabni bitirib Toshkentga keldim. Ana o‘shanda «O‘tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon»ni to‘la o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldim.

«Obid ketmon» haqida «bu buyurtma asar edi», degan gaplarni eshitamiz. Darhaqiqat shunday – kollektivlashtirish haqida yozilgan buyurtma asar. Ammo o‘sha davrni aks ettirgan zo‘r asar. Mustaqillikdan avval bu asar o‘qilsa qiziq bo‘lmasligi mumkin edi. Agar hozir o‘qilsa, beixtiyor o‘tgan asrning 30-yillari ko‘z oldingizga keladi.  

Shaxsan men, «Obid ketmon»ni o‘qib chiqar ekanman, otamning otasi To‘lagan buvam va onamning otasi Abdurasul buvam ko‘z oldimga kelardi. Keksalarning aytishlaricha, har ikki buvam bir umr halol ishlab o‘tishgan. Har ikkisi ham zamonning zayli bilan kolxozga kirishgan. Ammo, zamona zayli bilan o‘zlarining qo‘l ostida bo‘lgan batraklar  kolxoz raisi, brigadir, zvenovoy, o‘zlari esa kolxozchi bo‘lib qolganlari tufayli qishloqni tark etib Toshkentga ketib qolishgan. Shu sababli ham «Obid ketmon»ni har ikki buvam aks etgan asar sifatida ko‘raman. «Obid ketmon»da adib o‘zini tasvirlagani e’tiborga olinsa, Abdulla Qodiriyni bobom deyishga to‘la haqliman, deb o‘ylayman.  

Bobomizning nabiralari Sherkon va Xondamir Qodiriylar bilan bitta ulfatdamiz. Tez-tez uchrashib turamiz. Ularning taklifi bilan Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan «Adabiy Laylatul qadr kechasi»da ishtirok etdim.  Adabiy kecha ajoyib o‘tdi. Tadbirni uyushtirishda Abdulla Qodiriy ijod maktabining rahbari Hilola Nazirova ko‘p mehnat qilgani ko‘rinib turibdi. Unga alohida rahmat. 

Tadbir avvalida o‘nta jamoa ishtirokida «Zakovat» intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Men «Kuchli jurnalistlar» jamoasi tarkibida qatnashdim. Kishini o‘ylantiradigan, tafakkurga chorlaydigan ajoyib savollar bo‘ldi. Hech kim zerikmadi. Mehmonlar ham, mezbonlar ham tadbirdan rozi bo‘lib ketishdi. Ora-orada Abdulla Qodiriy ijod maktabining o‘quvchilari sahna ko‘rinishlari ijro etishdi. Ijod maktabida ta’lim olayotgan yigit va qizlarga, ularning ota-onalariga, ustozlariga ming marta rahmat.

«Zakovat» intellektual o‘yinidan so‘ng Abdulla Qodiriy yashab ijod etgan davrga oid, jumladan, uning o‘zi, yaqinlari, yoru do‘stlari foydalangan benazir ashyolar, nodir buyumlar,shuningdek, adib xotirasiga bag‘ishlab ishlangan san’at asarlari, yosh havaskorlarning yuksak baholangan ijod namunalarining kimoshdi savdosi bo‘lib o‘tdi.

Shu o‘rinda biroz chekinish. Auksion haqida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon berilganidan keyin ko‘pchilik e’tiroz ham bildirishdi. «Bu narsalarni kimoshdi savdosiga qo‘yishdan ne naf? Tirik tariximizni sotamizmi? Ruhlar chirqiramaydimi?», «Shaxsan foydalangan buyumlarni kimoshdiga qo‘yish nechog‘liq to‘g‘ri? Uy muzeyida saqlangani yaxshi emasmi?», «O‘zi Abdulla Qodiriydan muzeyga arzigulik sanoqli buyumlar qolgan-ku! Shularni ham sotib yuborilsa, keyin muzeyda nima qoladi?» degan savollar o‘rtaga chiqdi.

Haqiqatan ham, Qodiriy eksponatlari, portret, asarlari auksioni o‘tkazildi. 1934-yilda Qozon shahrida nashr etilgan «To‘la ruscha- o‘zbekcha lug‘at»i, «O‘tkan kunlar» romanining 1926-yilda arab alifbosida Samarqandda chop etilgan nashri, Qodiriy uy-muzeyidagi ayrim buyumlar auksionda yuqori narxlarda sotib olindi.

Agar yuqorida e’tirozli savol beruvchilar tadbirda ishtirok etganlarida bormi, ko‘zlariga yosh olishlari aniq edi. Bu yoshlar albatta quvonch yoshlari bo‘lardi. Chunki sotib olingan eksponatlarning ayrimlari (deyarli 90 foizi) yana uy muzeyiga qayta topshirildi.

Kun qahramoni so‘zsiz Abror Zohidov bo‘ldi. Do‘stimiz eng katta xaridlarni qildi va yana muzeyga qaytarib berdi.

To‘g‘ri, tadbirda asosan Abdulla Qodiriy uy muzeyini moddiy emas, balki ma’naviy qo‘llab-quvvatlashgagina qurbi yetadigan ijodkorlar, ziyolilar, talabalar, o‘quvchilar ishtirok etdi. Ular yordam bergisi keladi-yu, lekin imkoni kamligidan hijolat chekayotganliklari ko‘zlaridan bilinib turdi. Tadbirda boylar, puldorlar ko‘rinmagandek tuyuldi, menga.

Fikrim avvalida «Ahvolimiz» she’ridagi satrlarni keltirgan edim. O‘sha she’rdagi quyidagi satrlarni yozib fikrimni yakunlayman:

Kelingiz yoshlar, ziyolilar bu kun g‘ayrat qiling,
Uxlaganlarni agar qodir esak uyg‘otamiz.

Ha, uxlaganlarni uyg‘otishga qodir ekanmiz, fursatni boy bermaylik.

 Sharofiddin To‘laganov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring