Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2,4 milliondan ortiq uy-joy «o‘zboshimchalik bilan egallangan» – Kadastr agentligi

2,4 milliondan ortiq uy-joy «o‘zboshimchalik bilan egallangan» – Kadastr agentligi

Bugungi kunda O‘zbekistonda 3,8 milliondan ortiq ya’ni 493 ming gektar yer uchastkalarining hujjatlari yo‘q. Bu haqda Kadastr agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

«Joriy yilning 5-avgust sanasida qabul qilingan «O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonunning maqsadi ham o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat», – dedi Agentlik Boshqarma boshlig‘i Behzod Nishonov.

Qayd etilishicha, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari o‘rganilganida ularning rasmiylashtirilmagan asosiy 8 ta holati belgilab olingan.

Ular:

  • 2018-yil 1-maygacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  •  «bir martalik aksiya» doirasida huquqlarini e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2021-yil 8-iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer;
  • bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
  • kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
  • davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
  • hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.

Jumladan, hozirgi kunda «bir martalik aksiya» doirasida hujjatlari rasmiylashtirilishi boshlangan, lekin yakuniga yetmagan 60 mingdan ziyod holat bor. Shuningdek, kichik sanoat zonalarida joylashgan 1 200 nafardan ortiq tadbirkorlarning yerlarini rasmiylashtirish ishlari tugatilmagan. Xuddi shunday, tumanlarda hokim qarori bilan uy-joyga mulk huquqi e’tirof etilib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq belgilanmay qolgan ko‘plab holatlar mavjud. Qonunda ana shularning barchasini rasmiylashtirish nazarda tutilgan.

Matbuot anjumanida, shuningdek, qonunchilikda hujjatlari saqlanib qolinmagan yer yoki bino-inshootlarga nisbatan ham «o‘zboshimchalik bilan egallangan» degan ta’rif qo‘llanilishi aytib щtildi. Masalan, o‘tgan asrda ajratilgan yerlarning ko‘pi shunday holatda, ya’ni qaysidir sabablarga ko‘ra hujjatlari saqlanmagan. Hozirgi kunda yurtimizdagi 2,4 milliondan ortiq uy-joy shu holatda turibdi. Ularning barchasi tegishli tartibda o‘rganilib, qonuniy yechimlari beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Qonun imzolangan vaqtdan boshlab uch oydan keyin, ya’ni 2024-yil 8-noyabr kuni kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring