Shoirni yiqitgan xastalik, qallob makler, ish qidirgan ayol va shirin-achchiq xotiralar
Chori Avaz. Bu nom adabiyot ahli va muxlislariga yaxshi tanish. Uning she’rlari va tarjimalari bugun ham sevib-sevilib o‘qilmoqda. Afsuski, Chori Avaz bor-yo‘g‘i 35 yil umr ko‘rdi. U adabiyotda o‘ziga xos iz qoldirdi.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov Chori Avazning vafotiga bag‘ishlab o‘kinch ila «Hech kimning shogirdi o‘lmasin» deya she’r bitgan edi... Biz hayotdan bevaqt ko‘z yumgan shoir Chori Avazning hayoti, ijodi va so‘nggi kunlari haqida uning umr yo‘ldoshi Zebo Omon bilan suhbat qurdik.
– Zebo opa, Chori Avaz bir mashhur she’rida shunday deb yozgan edi:
«Yoqasidan tutib dunyoning
Silkitging keladi
Toki yomonlari to‘kilgunicha...»
Ayting-chi, shoir ana shu yomonlar tufayli o‘lmaganmikan? Uning dushmanlari bor edi, deb o‘ylaysizmi?
– Yo‘q, yomonlar tufayli emas, taqdiri azal shu bo‘lgan, menimcha. Dushmanlari emas, qorli, yomg‘irli kunlarda paxta dalalarida o‘tgan kunlari sabab Chori aka og‘ir xastalikni orttirib olgan. O‘sha qiyinchiliklar, noqulay ob-havo sharoitining yomonligi bois sog‘lig‘i yomonlashgan.
– Chori Avazning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari haqida ma’lumot bersangiz.
– Ular oilada to‘rt o‘g‘il, bir qiz bo‘lishgan. Otalari bolalik chog‘larida vafot etgan. Onalari 2000-yilda hayotdan ko‘z yumdilar. Men tez-tez borib, xabarlashib turardim. Keyin qaynopam, ma’lum vaqtdan so‘ng katta akalari dunyodan o‘tishdi.
– Siz Chori Avaz bilan birga o‘qigansiz. Ilk tanishuvingiz qanday bo‘lgan? Shoir, bir she’rida yozganidek, sizni paxta ko‘targaningizda ko‘rib yoqtirib qolganmi yoki oldindan taniganmi? Sevgi izhori qilganmi?
– Biz ilk bor paxta terimidan ham oldinroq, universitet darslarida uchrashgan edik. Chori aka g‘amxo‘r, mehribon kursdosh bo‘lgan. Talabalik davrimizda men yuragidagi tuyg‘udan bexabar edim, chunki u kishi biz, kursdoshlarning har birimizga akalarcha g‘amxo‘rlik qilar, biror muammoga duch kelganimizda eng birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zar edilar.
Sevgi izhor qilmaganlaru lekin menga atab yozgan she’rlari tengdoshlarimiz orasida sevib o‘qilar, yoddan aytib yurilardi.
– Chori akaning oilasiga, rafiqasi va farzandlariga munosabati qanday edi?
– U kishi oilaparvar bo‘lib, qizlarini jonidan ortiq ko‘rardi. Tunlari uxlamasdan ijod qilsa-da, farzandlarini erkalashga, ular bilan o‘ynashga vaqt topar edi. She’rlarining birinchi o‘quvchisi o‘zim bo‘lardim. O‘qib berganlaridan keyin fikrimni eshitishni yaxshi ko‘rardilar. Adabiy suhbatlarimiz soatlab davom etar, gapimiz sira tugamasdi.
– Men shoir tarjimai holi bilan tanishib, bir nuqtaga e’tibor berdim: Chori Avaz 35 yoshida vafot etgan, siz birgalikda 5 yil hayot kechirgansiz. Demak, u ancha kech, ya’ni 30 yoshda uylangan ekan-da?
– O‘sha kezlardagi oilaviy sharoiti shuni taqozo qilgan bo‘lsa kerak. Bu borada hech gaplashmagan ekanmiz.
– Chori aka ikki buyragini qanday shamollatib qo‘ygan? Sovuq o‘lkalarga ketganmidi yoki o‘zimizdagi izg‘irin tufayli xastalanganmidi?
– E’tibor qilgan bo‘lsangiz, she’larida paxta va paxtazor tasviri yirik planlarda qayta-qayta eslanadi. Yuqorida aytganimdek, salomatligini yo‘qotishiga o‘sha paxtazorlardagi og‘ir sharoit sabab bo‘lgan.
– Chori akaning so‘nggi kunlari haqida gapirib bersangiz. Nimalar haqida gapirgan edi? Eng oxirgi so‘zlari yodingizdami?
– U kishining vujudi xasta bo‘lsa-da ruhi tetik bo‘lgani sababmi, bizga bildirmagan. Oldin Qashqadaryoda, keyin Toshkentda davolandi. Deyarli uch oy «Yangi ToshMI»ning sun’iy buyrak bo‘limida yotdi.
Chori akani ko‘rishga, hol-ahvol so‘rashga juda ko‘p ijodkorlar kelishardi. Uzoq suhbatlashishardi. Ikkalamiz yolg‘iz qolgan chog‘larimizda esa Chori aka farzandlarimiz, ularning kelajagi haqida ko‘p gapirardi. Xastalikdan juda qiynalgani boismikan, qizimiz Guli Nigorni shifokor qilamiz, derdilar. Tuzalib chiqay, Toshkentga qaytamiz, deb ko‘p takrorlagan edilar.
– Shoirning o‘zi ikki yoshida otasiz qolgan. Qizlaringiz-chi, otasi o‘tganida ular necha yoshda edi?
– O‘shanda Guli Nigor to‘rt, Kamola ikki yoshda edi.
– Chori akaning vafotidan keyin yashashingiz oson bo‘lmagandir? Ro‘zg‘or tebratish, ikki norasidani boqish... Chori Avazning do‘stlari yordam berishdimi?
– Men ham filologman. Chori akaning hayotlik chog‘larida birga ishlagan maskanimiz «Nasaf» nashriyotida faoliyat ko‘rsatdim. Qaysidir ma’noda u kishi boshlagan ishni davom ettirdim. Kezi kelganda, bir vaqtning o‘zida uchta joyda ishlashga majbur bo‘ldim. Ba’zi vaqtlari uyda ham ishlardim. Lekin qizlarim bilan shug‘ullanishga, ularning tarbiyasiga vaqt topardim. Ko‘ngillari o‘ksimasligiga harakat qilardim.
Oson bo‘lmagan, albatta. Chori aka hayotligida ijara uyda yashardik. U kishining vafotidan keyin yanada qiynaldik. «Propiska» muammosi tufayli sarson-sargardon bo‘ldik. Qashqadaryoga ketdik. Qizlarim o‘qishga kirganidan keyin Toshkentga qaytdik. U yerdagi ikki xonali uyimizni sotgan edik. Poytaxtda bir qallob maklerga aldandik. Ancha payt ijarama-ijara yashab yurdik. Ikkinchi qizimning kontrakt pulini to‘lash mashaqqat edi. Bir amallab, zo‘rg‘a «Kadisheva»dagi 8-qavatdagi «dom»dan bir xonali uy oldik. Yoshim o‘tib borar, o‘ziga yarasha kasallik ham orttirgan edim. Gohida lift ishlamay qolar, yig‘lagudek bo‘lib 8-qavatga ko‘tarilardim.
Mening orzum Chori Avazning uy-muzeyini tashkil etish edi. Bu juda qiyin ish deb ahdimdan qaytarishdi. Bo‘lmasa Chori akaning xotirasiga bitta xonani kutubxona qilaman, dedim va shu maqsadda uy so‘radim. Berishmadi. Shu bois bu orzu qolib ketdi. Chunki bir xonali uyda kitoblarni saqlay olmayman, hatto burchak tashkil etib bo‘lmaydi.
Ish topolmay, ancha qiynalganman. Uyushmaga borganman. Hech kim yordam qo‘lini cho‘zmadi, ish topib bermadi.
Shundan so‘ng o‘zim bir amallab «Eko-olam press» xususiy korxonasiga ishga joylashdim. Boshlig‘i A’zam Xo‘jaqulov baraka topsin, propiskam bo‘lmasayam meni ishga oldi. Keyin bu tashkilotning nomlari o‘zgardi. Hozirgacha shu dargohda ishlab kelaman. Oladigan maoshim va pensiya pulimdan Chori akaning she’rlarini boshqa tillarga tarjima qildirib chop ettiryapman. Ishonmasligingiz mumkin, tarjima qilingach, bu kitoblarni bepul tarqatib chiqaman. Chunki niyatim pul topish emas. Men Chori Avaz degan shoirni yanada tanishlarini, she’rlarini o‘qishlarini istayman.
– Shoirning jami she’rlari soni nechta, tarjimalari-chi? Uning eng zabardast asari qaysi deb o‘ylaysiz?
– She’rlarini to‘liq sanamaganman, buning sababi bor. 1993 yilda Chori akaning juda ko‘p tarjima hamda qo‘lyozmalarini «Ma’naviyat» nashriyotiga olib borib bergandim. Ming afsuski, ularni qaytarib ololmadim. Topib berisholmadi.
Tarjimalari orasida eng zabardast asar polyak yozuvchisi Minkovskiyning «Baqaloq» povesti edi.
Chori akaning she’rlariga kelsak, har birining falsafasi, yuki bor. Birortasini alohida ko‘rsata olmayman, chunki hammasi sara she’rlar.
Mana, bugun shu bir xonali uyda yolg‘iz yashayman. Qizlarimni uzatganman. Ammo ular meni tashlab qo‘yishmaydi. Ayniqsa, Kamola qizim yaqin ko‘makchim. U ichki ishlar sohasida ishlasa-da, adabiyotdan yiroq emas. Chori akaning saylanmalarini taxlayotganimda ko‘chirish yumushlarida men bilan bab-baravar ishlagan. Mabodo kasal bo‘lib qolsam, holimdan xabar oladiganim ham shu Kamola qizim. Chet elga ketayotganimda yoki u yerdan qaytayotganimda, chaqalog‘i bo‘lishiga qaramay, meni kuzatib yoki kutib oladi. Alloh rozi bo‘lsin. Katta qizimning uch nafar bolasi bor, o‘zi ishlaydi, vaqt ajratishga qiynaladi.
Yaxshilar ko‘p. Laziz Rahmatovni hurmat qilaman. Chori akaning «Baxtiyorlik shu emasmi?» kitobini chiqarib berdi. Rosa duo qildim. Shuningdek, Nurboy Jabbor, Akbar Nurmatov va Keldiyor Xo‘jayorovdan minnatdorman. Turkiyada Chori akaning kitobi taqdimotiga taklif qilganimda yonlaridan yo‘lkira to‘lab borib kelishdi. Chunki mening imkoniyatim yo‘q edi. Nurboy domla bilan Akbar domla Bokuga ham borishdi. Qachon bir tadbirga taklif qilsam, albatta yonimda turishadi. Ulardan judayam minnatdorman. Nurboy domla bebaho inson. 2017-yilda Chori akaning 60 yillik xotira kechasini o‘tkazgan edi. «Mening Toshkentda qolishimga Chori aka sababchi, u kishi propiskamga yordam bergan», – deb ko‘p eslaydi.
«Chori kichik muharrir bo‘lib ishlardi. Mualliflarga qalam haqqi berish uchun hamma hujjatlarni u tayyorlardi. Bir kuni telefon jiringlab qoldi. Go‘shakni olsam, nashriyotlardan birining bosh muharriri ekan. Chorini so‘radi. U ishlaydigan joyda Chorining ilk kitobi besh yildan buyon harakatsiz yotgandi. O‘sha bo‘yicha so‘rayotgandir deb o‘yladim-da: «Kattakon so‘rayaptilar. Ishlar yurishibdi shekilli», dedim. Chori go‘shakni oldi. Quloq solib turibman.
– Yo‘q, hali o‘tkazolmadik, – dedi Chori. – Yo‘q, ataylab qilayotganimiz yo‘q. Jo‘natamiz pulingizni. Muharririmiz ayrim qog‘ozlarni to‘ldirib bersa bo‘ldi. Ha. U kishining o‘g‘li vafot qildi... Biron haftalarda kelsa kerak… Xo‘p, mayli.
Chori go‘shakni qo‘ydi-da, indamay tashqariga chiqib ketdi. Orqasidan chiqsam, ayvonda chekib turibdi. Yuzi bo‘g‘riqqan, asabiy.
– Ha, nima bo‘ldi? – deya so‘radim.
– Odamzod qiziq ekan-da, — dedi Chori hazin ovoz bilan. – Anovining kitobi hali bosilib bo‘lgani yo‘q, qalam haqqini talab qilyapti. «Muharrir qani?» deydi. «O‘g‘li vafot etgan, o‘z yurtiga ko‘mish uchun ketgan», desam: «E-e, qachon kelar ekan?» deydi nomard! «Xudo rahmat qilsin!» – demaydi.
A’zam O‘ktam xotirasidan
Hozir yoshim 63 da. Turkiya, Ozarbayjonda Chori akaning kitoblari taqdimotini o‘tkazdik. Endigi rejam Chori Avaz she’riyati bilan Qozog‘istonda uchrashuv tashkil qilish. Ammo Chori akaning she’rlarini Yevropaga olib chiqishga qurbim yetmayapti.
2027 yilda Chori akaning 70 yilligi bo‘ladi. Bokudan ijodkorlar kelishmoqchi. Ammo, to‘g‘risi, bir xonali uyimni ularga qanday ko‘rsataman, bilmayman.
Anvar Namozov suhbatlashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter