Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozodbek Nazarbekov OAV xodimlari bilan kechgan ochiq muloqot haqida

Ozodbek Nazarbekov OAV xodimlari bilan kechgan ochiq muloqot haqida

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov OAV xodimlari bilan kechgan ochiq muloqot haqida fikr bildirdi. 

«Odatdagi hisobot yig‘ilishlaridan farqli o‘laroq, ya’ni qilingan ishlar haqida uzundan-uzun hisobotni o‘qishdan cheklanib, ochiq muloqot qildik. Sohadagi biz ko‘rolmayotgan muammo va kamchiliklar, jurnalist va bloger do‘stlarimizni qiziqtirayotgan savollar tabiiyki, men uchun ham, vazirlik xodimlari uchun ham juda muhimligi uchun ham shunday yo‘l tutdik», deydi soha rahbari.

Vazir jurnalist Ilyos Safarovning teatrlar faoliyati, ularning saviyasini «qotib» qolgani, tomoshabinni jalb qilish uchun samarali yechimlar joriy qilish kerakligiga oid savoliga shunday munosabat bildirgan:

«Darhaqiqat, bugun teatrlarimiz faoliyatida bir maromda ijod qilish kuzatilyapti. Ammo bu “saviyasiz” deyishga asos bo‘lmaydi. Repertuarlar milliy, mumtoz va jahon adabiyotidan tanlangan asarlar asosida yaratilayotgani, badiiy kengash ko‘rigidan o‘tmagan spektakllar repertuardan olib tashlanayotganining bevosita guvohi, ishtirokchisi bo‘layotganim uchun ham ayta olamanki, texnik tomondan oqsash kuzatilyapti. Badiiy-ijodiy jihatdan kamchiliklar deyarli ko‘zga tashlanmaydi.

Shuni ham aytish kerakki, bugun xalqaro teatrlarda spektakl voqealaridan kelib chiqib, sahnada qor yog‘yapti, olov yonyapti, kerak bo‘lsa suv toshib, aktyor cho‘kib ketyapti...

Bularning barchasi innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan teatrlarda bo‘layotgani, yana bir marta teatrlarimiz texnik salohiyati hamda xodimlar malakasini oshirishdek muhim masala oldimizda ko‘ndalang turganini ko‘rsatayotir».

Ozodbek Nazarbekov matbuot anjumani davomida san’atkorlarning «xurmacha» qiliqlariyu, teledasturlarni tartibga solish, katta-katta madaniy tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish, yil yakunida san’at vakillari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan «eng yaxshi»larni taqdirlash marosimini haqqoniy tashkil etish kabi e’tirozli savollarga ham  javob berganini aytadi.

«Bundan tashqari, san’atkorlarning daromadlaridan soliq to‘lashni yo‘lga qo‘yish masalasi ham o‘rtaga tashlandi.

Muxtasar aytganda, bugungi muloqotimiz odatdagi matbuot anjumanlaridan farqli ravishda anchayin savollaru, bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.

Xulosamiz: bu kabi muloqotlarni an’anaga aylantirib, jamoatchilik vakillari bilan o‘zaro fikr-mulohaza va takliflar almashib turishimiz kerak ekan...», ta’kidlagan madaniyat vaziri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring