Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Odri Xepbern va Karomat Isomova. Ularni nima bog‘lab turadi? (video)

Karomat Isomova

Aktrisa.

Teatr  rejissyori.

Karomat Isomova bir qator xorij filmlarining dublyajida turli xarakterdagi obrazlarga ovoz bergan. Ulardan eng mashhuri –  Uilyam Uaylerning «Rim ta’tillari» filmidagi malika Anna obrazidir.

Aktrisaga shu filmdagi dublyaji xususida suhbatga taklif qilib, qo‘ng‘iroq qilganimda, «Siz, Annaga ovoz berganligimni qayerdan bildingiz? Axir, bu haqida hech qayerda ma’lumot yo‘q-ku!...», – deya hayron qolganini yashirmadi. Men esa shunday javob qildim: Axir, bu obraz dublyajdagi ijodingizda alohida voqea-ku!...

Aktrisaning dublyajdagi bu ijrosi haqida balki har kuni eslamaslar, lekin bu haqida bilmaslik mumkin emas! 

Anglaganingizdek, Odri Xepbern va Karomat Isomovani  dublyaj bog‘lab turadi.

Siz ham bu filmni har safar sevib tomosha qilasiz! Chunki, unda toza muhabbat bor. Jo Bredli va malika Anna... Ikkisi ham tuyg‘ularini asrash uchun bu haqida so‘z ochmaydilar. Lekin ular bir umrga yetgulik baxtni Rim ta’tillarining bir kunida yashab o‘tishga ulguradilar.

Bu zamonaviy kinoqissaning bosh qahramonlarini o‘zbek tilida atoqli dublyaj aktyori– Omon Abdurazzoqov va shirali ovoz egasi Karomat Isomova juftligi so‘zlatganlar.

Aktrisa film dublyaji bilan bog‘liq xotiralarini va obrazi xususida o‘z fikrlarini bo‘lishdi:

– «Rim ta’tillari» retro filmini azaldan yaxshi ko‘rib, tomosha qilganman. Unda malika Anna obrazini ijro etgan go‘zal aktrisa – Odri Xepbern va u ishtirok etgan barcha filmlarning muxlisiman. Lekin kun kelib, malika Annaga ovoz beraman, deb hecham o‘ylamaganman. Ushbu filmni dublyaj rejissyori rahmatli ustozim, Kamoliddin Usmonovdir. Meni Annaga ovoz berish uchun o‘zlari taklif qilganlar. To‘rtlik bilan dublyaj qilganmiz. Men, Barno Qodirova, Omon Abdurazzoqov, Hojiakbar Komilov. Lekin film dublyajida qatnashgan aktyorlarning ism-sharifi kadr ortidan o‘qilmagan. Shunda men, «Kamoliddin aka, aktyorlarni ismini kim o‘qiydi?», – deb so‘raganman. Kamoliddin aka esa: «Hech kim o‘qimaydi!»,– deya qat’iy javob berganlar. Haligacha buni sababini bilmayman.

Dublyaj jarayoni qizg‘in o‘tgan. Yaxshi ko‘rgan aktrisangiz bilan kutilmaganda ko‘rishib qolsangiz, xuddi u bilan har kuni gaplashib yuradigandek, uni yaqindan taniydigandek tuyulib, muomala qilasiz-ku!.. Malika Anna bilan ham ana shunday tillashganmiz!..

Esimda!... Kamoliddin Usmonov sinov uchun Anna xiyobonning uzun o‘rindig‘ida uxlab qolib, uyqu aralash jurnalist yigit bilan suhbatlashadigan epizodini topshirganlar. Shunda, «Hoy, u  mast emas! Axir, qahramoning uyqisirab gapirayati-ku! Farqlab ol!», – deb tushuntirganlar Kamoliddin aka.

Dublyaj jarayoniga shu qadar berilib ketganimdanpartnyorim Omon Abdurazzoqov: «Qani, kim qoqilmasdan va  necha varaqqacha o‘qishdan bahs boylaymiz!», – deb qoldilar. Men yutganman! Undan oldin esa men: «Bo‘pti, kelishdik! Kim yutqazsa, o‘sha bitta tushlik oberadi!» degandim. «Bitta tushlik sendan aylansin!», – deya Omon aka jo‘rttaga yutqazib berganlar. Vaholanki, doim Omon aka yutardilar. O‘shanda charchadim, deb atayin o‘yinni to‘xtatganlar. Muddaoligi esameni ijroimni to‘xtatmasdan chetdan kuzatish bo‘lgan shekilli, deb o‘ylab qolaman.

Birgina shu «Rim ta’tillari» filmidagi malika Anna uchun suhbatga taklif qildingiz, bundan juda ham xursand bo‘ldim! Yana bir bor yoshligimga qaytgandekman!.. Bu film dublyajining ijodimdagi o‘rni bo‘lak. Chunki, o‘zi hayotda to‘poriroqman. Annaga ovoz berganda esa uning gapirish ohangi, pauzalari, qarashlarini kuzatib, beixtiyor, o‘sha obrazga mahliyo bo‘lganman. Qaysidir ma’noda, bu obraz meni to‘porilikdan sal chekkaga olagandek, nazarimda. Annaga ovoz berdim-u, Anna bo‘lib qoldim go‘yoki!.. Bu degani, hayotda men har doim Anna bo‘lib yurmayman. Demoqchimanki, aktrisa obrazlaridan ham o‘rganadi. Men ham unga ovoz berish bilan birgalikda o‘rgandim, izlandim. Yonimdagi ustoz partnyorlar ham «Uni ko‘zlari, nigohlariga e’tibor qilgin-a!», – deb obrazimga yaqinlashtirishga harakat qilishardi. Lekin to‘poriligim hayajonimni yengishda qo‘l kelgan. Avvaliga ustozlar salobati bosdi. O‘rtadagi kursiga cho‘kkancha berilib ovoz berib tursam, rahmatli Omon aka: «Bizga ham mikrafon tegadimi? Biz ham ishlaylik!», – deb hazil qilardilar. «Keling, mana! Bo‘ldimi? Endi qochib turing! Meni galim!», – deb bo‘sh kelmasdim men ham. O‘z sohasining ustalari bilan ishlaganingizda, siz ham ularga bo‘ylashib, charxlanarkansiz. Shuning uchun ham «Ustoz-shogird» an’anasini qadrlayman.

Filmda  jurnalist Jo Bredli  yolg‘iz o‘zi qoladigan joyi bor-ku, esladingizmi?.. Shu epizodni dublyaj qilarkanmiz, Omon aka ikkovimiz ham ekranga qaragancha Annani qayta chiqishini kutib, jim o‘tiraverganmiz. O‘sha lahzada bu film ekanligini, uning qahramonlariga ovoz berayotganimizni unutganmiz. Haligacha filmni ko‘rsam, bilaman chiqmasligini, ortga qaytmaydi Anna! Lekin jurnalist yigitga shunaqangi rahmim kelganidan balki chiqib qolar, degan xayollarimga ishonishda davom etaman.

Azaldan shunday gap bor: Agar  ayol o‘zgarmoqchi bo‘lsa yoki hayotiga o‘zgartirish kiritmoqchi bo‘lsa, hasrat, ko‘ngil yukidan qutilmoqchi bo‘lsa, birinchi navbatda, sochlariga yopishadi!  Annada ham shu holat yuz beradi. «Kesing!», – deydi-ku qat’iyat bilan sartaroshga qarata. Sartarosh ham hayron. Annaning uzun sochlariga achinish bilan qaraydi. Malika Anna sochlarini kesib, go‘yoki, qolipdagi hayotidan erkin hayot sari, erkinlik sari intiladi. Bu hayotda yashab ham ko‘radi – rasmiy tashrif bilan Rimga kelgan malika Anna saroydan qochib, shahar ko‘chalari bo‘ylab sayr qiladi. Lekin burchiga sodiq qoladi! Majburiyatini unutmaydi! Baribir, saroyga qaytadi! Shuning uchun ham uning tilidan quyidagi so‘zlar yangraganda: Menga burch haqida va’zxonlik qilishingizni hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Oilam va mamlakatim oldidagi burchim va mas’uliyatimni his etmaganimda edi, balkihech qachon qaytmagan bo‘lardim!

Oddiy Anna va Malika Anna orasidagi o‘tishlarda yaxshigina qiynalganman. Yurak va burch o‘rtasidagi murosa va iztirob obrazning o‘zbekcha dublyajida ham ishonarli va tabiiy chiqishi kerak edi-da...

Bilasizmi, muhimi, malika Annada bir umrga ta’tigulik esdaliklar qoldi. Film finalida matbuot anjumaniga yig‘ilgan jurnalistlar oldiga salomlashgani tushgan malika Annaning xayol-o‘yida: «Pinhona sevgilisi Jo Bredli  oldiga qachon yetib boraman? Nima deyman? Ko‘ziga qandoq qarayman? Uni oldida ko‘p qolib ketmasligim kerak!» kabi fikrlar g‘alayon qiladi. 

Anna qarshisida o‘zini tanishtirgan o‘sha jurnalist yigit bilan salomlashadi-yu, lekin ularning qalblari ayriliqqa hali ko‘nikmaganligi yaqqol seziladi. Jurnalist yigitning fotograf do‘sti Rim  safarini eslatib turuvchi suratlarni taqdim etganida, «Qaysi paytda suratga olishga ulugurdiykin-a?» mazmundagi so‘roqli nigohi ila malika bir lahzaga o‘sha oddiy Annaga qaytgandek bo‘ladi.

Muxlislarim meni «Rim ta’tillari» filmidagi malika Anna  dublyaji bilan eslashsa, bundan doim xursandman! Agar yana Odri Xepbern ijrosidagi obrazlarga ovoz berish imkoniyati tug‘ilsa, jon-jon deb, uni yana o‘zbekcha «gapirtirgan» bo‘lardim!

Lobar Qobilova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring