Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekning Vitsini» – Dias Rahmatov o‘limidan o‘n yil o‘tib...

«O‘zbekning Vitsini» – Dias Rahmatov o‘limidan o‘n yil o‘tib...

U o‘ziga xos aktyor edi. Iste’dodi shakllangan, iqtidori sayqallangan ko‘p qirrali san’atkor edi. Yirik rollari kam bo‘lsa-da, salmoqli edi. Dublyajda ancha ijod qildi. Uning ovozi bilan jahonning mashhur aktyorlari ekranda o‘zbek tilida gapirdilar. Radioda ham faoliyat ko‘rsatdi. Bugun u oramizda yo‘q. Iste’dodli va kamtar aktyor, xalqimiz sevgan san’atkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dias Rahmatov bundan o‘n yil muqaddam – 2013-yilning 18-avgustda olamdan o‘tgan edi. Yillar o‘tib o‘zbek kinosi ham, dublyaj san’ati ham, ashaddiy muxlislar ham bu kabi insonlarga, albatta, ehtiyoj sezmoqda. Axir Dias aka kabi san’atkorlar baribir boshqacha edi...

Kichik odamga katta mukofot

Kulgisevarlarga umr bo‘yi halol xizmat qilib kelgan aktyorni muxlislari «Epizodlar qiroli», «O‘zbekning Vitsini» deb atashardi. Dias Rahmatovning uzoq yillik munosib va halol xizmatlari taqdirlanib, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvoniga sazovor bo‘ldi. Kichik rollarning katta ustasi sifatida Ostona shahrida o‘tkazilgan kinofestivalda «Kichkina odamlar» filmidagi o‘qituvchi Mixliboy roli uchun «Eng yaxshi erkak roli» mukofotini qo‘lga kiritdi.

Biz bilgan kino aktyori va dublyaj ustasi Dias Rahmatov aslida ijodini teatrda boshlaganini ko‘pchilik bilmasa kerak. Ota-onasi Ne’mat va Mukarrama Rahmatovlar «Hamza» (hozirgi Milliy Akademik) teatrida san’atkor bo‘lishgani bois u talabalik paytidanoq ommaviy sahnalarda ishtirok etib, sahnaga chiqardi. Ozgina ishlab, «Yosh tomoshabinlar teatri»ga o‘tdi. 1964-yili Jizzax teatri ochilgach,  u yerda faoliyatini davom ettirdi. 1967 yildan esa O‘zbekiston televideniyesiga rejissyor bo‘lib ishga o‘tib, 20 yil ijod qildi.

Qirq besh yoshda «...qo‘zg‘olon»

Dias Rahmatov kino olamiga yetuk yoshida kirib kelgan. «Suyunchi» filmidagi rolidan so‘ng rejissyor Melis Afzalov «Kelinlar qo‘zg‘oloni»dagi to‘ng‘ich o‘g‘il roliga taklif etganida u ayni 45 yoshda edi. Bu qadam qutlug‘ kelib, ijro etgan katta-kichik rollari sonini yuztadan oshirib yuborishga erishdi.  Ular orasida ko‘plab chet el filmlari ham bor. O‘zining aytishicha, rus kinemotografchilari tomonidan suratga olingan «Platina»dagi roliga ovoz berish uchun borolmaganida, rus aktyorlaridan biri: «Men  bu aktyorga ovoz berolmayman, u o‘zbeklarning «Vitsin»i deb...» zo‘rg‘a ko‘ngan ekan. Xuddi aytganiday bo‘lib, aktyorning ovozi Dias akaga mos tushmagani oddiy tomoshabinga ham seziladigan darajada chiqqanini ko‘plab tomoshabinlar tan olishgandi. Chindan ham Dias Rahmatovga mashhurlikni ko‘proq ovozi keltirgandi...

«Yashasin dunyodagi eng odil sud!»

«Qiziqchi Mirza Xolmedov: «Ovozingizni o‘xshatolmayman. Ovozingizga tan beraman», deydi. Chindan ham birorta qiziqchi mening ovozimni «kopirovka» qilganini eshitmaganman», derdi Dias aka. Chunki, u betakror ovoz sohibi edi.

Yodingizda bo‘lsa, «Kavkaz asirasi» filmining yakunida Dias Rahmatovning qahramoni «Yashasin, dunyoda eng odil sud!» deya qarsak chaladi. Dias aka, aynan o‘sha joyini «badiiy kengash»dan o‘tkazolmay rosa xunob bo‘lgani haqida so‘zlab berishni yaxshi ko‘rardi. Kengash a’zolaridan «bu joyini atayin masxara qilish uchun o‘zingiz qo‘shgansizlar» deyishgan, filmning  ruscha variantini ko‘rsatibgina zo‘rg‘a o‘tkazishgan ekan.

«Qarz yomon, bolam»

Rafiqasi Neziye Rahmatova xotiralaridan: – Bu insonning muxlislari shunchalik ko‘pligini bilmagan ekanman.  Vafot etganlarida  ta’ziyaga keluvchilarning keti uzilmadi. Andijonlik bir ayol, «Toshkentga tushgandim, shu odam ko‘rinmay qoldi-ya? Sog‘-omonmikan?» deb atay manzilimizni izlab, topib kelibdi. Qashqadaryoning Kitob shahridan «Chavandoz» filmida birga suratga tushgan chollar kelib ketishdi. Farg‘ona, Namangandan  kelishdi. Buxoroning Vobkent shahridan bir muxlislari: «Dias aka o‘ynagan ko‘p kino, seriallarni mazza qilib ko‘rayapmiz. Lekin negadir yangi filmlarda ko‘rinmayapti», deb xabar olgani kelgan ekan. Vafoti haqida eshitib chuqur qayg‘uga botdi. Odam o‘z yaqinidan xabar olishga vaqt topolmayotgan bir zamonda, shunchalar izzat qilib qidirib kelganlarni ko‘rib, boshimiz osmonga yetgandi.

Dias aka vafodor va ro‘zg‘orbop turmush o‘rtog‘i, mehribon ota edi. Bolalarga sira qattiq gapirmasdi. Farzandlariga doim: «Birovning haqqiga xiyonat qilma, Alloh bergan rizq bilan yasha!» deb takrorlashni yaxshi ko‘rardi. «Yolg‘on gapirma, birovga qarz ber, ammo qarz olma! Qarz yomon, u dunyoga ham ketingdan quvib boradi», deguvchi edi. Hayotimizdagi o‘rinlari judayam bilinyapti. Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin!

So‘nggi kunlar

«Tabassum» radiojurnalining  rejissyori Gulchehra G‘iyosova: – «Tabassum» yoziladigan kuni Dias Rahmatov bemor bo‘la turib ham ovozini yozishga kelgani hech ko‘z oldimdan ketmaydi. Zo‘rg‘a, bir amallab studiyadagi qirq-ellikta zinadan tushdi, ranglari oppoq. Jag‘lari qimirlamayapti hamki, o‘qishlari kerak bo‘lgan matnga ko‘z yugurtirib mikrofon yoniga bordilar.

Ahvollarini ko‘rib, u kishini birinchi yozib oladigan bo‘ldik. Matnni bir amallab o‘qidilar. Shundan keyingi ko‘zlarida porlagan quvonchni so‘z bilan ta’riflab berish qiyin. Yozishga-ku, yozib oldik. Ammo efirga berolmadik. Chunki Dias akaning ovozlari g‘o‘ldirab chiqqani tufayli, aytilgan so‘zlarni anglab bo‘lmasdi.

«Tabassum»chi yigitlar u kishini telefonda suratga tushirishganidan keyin, xuddi hammamiz bilan bir umrga xayrlashganday, chiqib ketdilar. Infarktni oyoqda  o‘tkazganlari haqidagi xabarni keyin eshitdik. Bu oxirgi tashriflari ekan...

Tuhfa Nazarova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring