Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

Karantin cheklovlari muddati cho‘zildi. Nimalarga tayyor turish kerak?

Karantin cheklovlari muddati cho‘zildi. Nimalarga tayyor turish kerak?

Karantin muddati avval 20-aprelgacha belgilangan edi. Endi esa shu muddat 10-maygacha cho‘zilibdi. Ko‘pchilik bundan hayron bo‘lib, nolib ham qo‘ymoqda. Nima, sizlar chindan ham 20-aprelda hammasi tugaydi deb o‘ylagan edingizlarmi? Hoynahoy 10-mayda ham ko‘chaga bemalol chiqamiz deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak?! Bemalol mo‘ljalni iyunning oxiriga olavering, undan oldin eski hayotingizni orzu qilmang. Uning o‘rniga ramazon kelyapti, xudo xohlasa, maza qilib uyda o‘tirib ro‘za tutishimiz haqida reja qiling.

Men mana Xitoyda yanvardan beri karantindaman. Sizdan roppa-rosa ikki oy avval karantinni boshlaganman. Yanvardayoq holatni o‘rganib, may oyining so‘ngiga «mix qoqib» qo‘ygandim. To‘g‘ri, Xitoyda ahvol martning oxirida ancha yaxshilandi, mayning oxiriga borib hammasi bemalol bo‘lish ehtimoli yuqori. Lekin ikki hafta oldin, vaziyatni yaxshilab o‘rgangach hisobni yanglish olganimni tushundim va mixni sug‘irib olib sentabrga qaytadan qoqib qo‘ydim. Uydagilarga ham sentabrgacha qaytmasam kerak deb aytib qo‘ydim.

Shu bois sizlarga ham arqonni uzoqroqqa tashlayverishni maslahat beraman. Bundan ikki narsada yutasiz. Birinchisi, agar marrani iyul yoki avgustga olsangiz, demak shunga qarab hamma harakatingiz, hayotingizni rejalashtirasiz, agar muddatni avvalroqqa belgilab reja qilsangizu karantin tugamasa rejalagan ishlaringiz chatoq bo‘ladi. Ikkinchisi, agar mayning o‘rtasi yoki so‘nggiga reja qilsangizu ahvol o‘zgarmasa siqilib qolasiz, yuqori ehtimollik bilan depressiya boshlanadi. Aksincha, iyul yoki avgustga reja qilib turib iyunda chiqsangiz mana bu haqiqiy eyforiya bo‘ladi.

Seneka degan bitta faylasuf o‘tgan qadim zamonda, shuning bir yaxshi gapi bor, tez-tez takrorlab turaman: «Taqdir o‘zi yurishni istagan odamni qo‘lidan yetaklaydi. Yurishni istamaganni esa sudrab olib ketadi». Tanlov o‘zingizda, taqdirning qo‘lidan tutib o‘z holingizcha borasizmi yoki sudralib olib ketishini kutasizmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring