Yumshoq kuch yoxud «Amerika orzusi»dan tortib «so‘z erkinligi», «inson huquqlari»gacha...
Ahamiyat berganmisiz, bugun yoshlar o‘rtasida «Amerikaga ketish» orzusi ommalashgan. Chunki AQSh yoshlar uchun taqdim qilinadigan yuz foizlik grant dasturlarining eng katta qismiga egalik qiladi. Qolaversa, «Amerika orzusi» tufayli ingliz tilini o‘rgana boshlagan yoki allaqachon «Green card» vizasiga ariza topshirgan insonlar ham talaygina. Iqtisodiy manfaatlar va texnologik ustuvorlik yuqoridagi harakatlarning birlamchi sababi ekanligi aniq. Biroq siyosiy va ijtimoiy kontekstda olimlar buni Soft power – ya’ni «Yumshoq kuch» deb atashadi.
Bu termin XX asr oxirlarida siyosatchi Josef Nay tomonidan tashqi siyosat mavzusida faollashtirildi. Siyosatchi yumshoq kuchni Sovuq urush davridagi qurollanish poygasidan so‘ng davlatlarning o‘zaro madaniyatlar va intellekt kuchi orqali musobaqaga kirisha boshlashi bilan bog‘laydi. «Kuch – bu o‘zi xohlagan natijalarga erishish uchun boshqalarga ta’sir qilish qobiliyatidir va bu majburlash, to‘lash va ishontirish orqali amalga oshirilishi mumkin. Yumshoq kuch – bu majburlash yoki to‘lash emas, balki jalb qilish orqali ko‘zlangan natijalarga erishish qobiliyati» – deya izoh beradi Nay o‘zining «Yumshoq kuch: Jahon siyosatida muvaffaqiyatga erishish vositalari» kitobida.
Shuningdek, jamiyatda yumshoq kuch bir necha ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi (Josef Nayga ko‘ra): madaniy, mafkuraviy va institutsional. Dunyoning yarmidan ko‘p aholisi har kuni madaniy yumshoq kuch qurboni yoki ishtirokchisiga aylanayotganidan bexabar bo‘lsa kerak. Boisi bu ko‘rinishdagi kuch, Gollivud kinofilmlari, K-pop musiqiy kliplari, Koreys doramalari yoki Yaponlarning animatsion multfilmlari orqali ongimizga kirib keladi. Yana boshqa ommalashgan shakli esa xalqaro ta’limiy grant dasturlari hisoblanadi. Biri bilan ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga qiziquvchi qatlam zabt etilsa, ikkinchisi bilan esa yuqori intellekt egalari jalb qilinadi.
Yumshoq kuch konsepsiyasini rivojlantirishda AQShning ahamiyati beqiyos. Bu gegemon davlat o‘z taraqqiyoti yo‘lida allaqachon yumshoq kuch rejasidan foydalanib keladi. Yozuvchi va tarixshunos Yuval Noa Harari «Amerika orzusi» mafkurasi rivojida Gollivud filmlarining ahamiyati borasida fikr bildirib, filmning g‘oyasi dunyoning tugashi yoki o‘zga sayyoraliklarning kashf etilishida emas, aynan shu qahramonona sahnalarda Amerikaning gavdalanishi ekanligini ta’kidlagan edi. Vaholanki dunyoning boshqa hech bir davlati Amerikachalik qahramonlikka urg‘u bergan omadli chiqish qilolmagan shu kungacha.
Mafkuraviy ko‘rinishdagi kuchlar esa «gender tengligi», «so‘z erkinligi», «inson huquqlari» va atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan ideologiya (mafkura)larni targ‘ib qilayotgan mamlakatlar yoki jamiyatlar bilan bog‘liq. So‘z erkinligi mavzusida sizning tasavvuringizda gavdalangan birinchi davlat aynan shu mafkurani shakllantirishda yetakchilik qilayotgan davlat hisoblanadi. Umuman olganda, biror mafkurani targ‘ib qilishdan manfaat mamlakat imijini yaratish va shu orqali tashqi investitsiyalarni jalb qilishdan iborat. Deylik, inson huquqlarini taminlashda Yevropa davlatlari ustuvor kuchlarga ega, bu esa o‘z jamiyatida qadr-qimmati poymol bo‘layotgan qaysidir Osiyo davlati fuqarosi uchun «erkinlik»ka chiqish yo‘liga aylanishi mumkin.
Yumshoq kuchning institutsional ko‘rinishi jahonning bir necha xalqaro tashkilotlari bilan bog‘liq. BMT, JSST (Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti), JST (Jahon Savdo Tashkiloti) va shunga o‘xshash boshqa xalqaro birlashmalarda yetakchi ahamiyatga ega davlatlar jahon hamjamiyatida hurmat va e’tiborga molik hukumat sanaladi. Ya’ni ko‘plab xalqaro tashkilotlarning mas’uliyatli a’zosi hisoblangan AQSh bilan tashkilotning boshqa quyi yoki yangi a’zo davlatlari «kezi kelganda hisoblashishiga» to‘g‘ri keladi.
Ushbu kontekstda bugun dunyo ikki nomni yonma-yon ko‘radi: AQSh va Xitoy. Yumshoq kuch yaxshi natijalar va ta’sirlarga sabab bo‘lishi mumkinligi XXI asr boshlarida Xitoy hukumati munozaralarida kun mavzusiga aylana boshladi. 2014-yilda taxt vorisi Si Zinpin «Biz Xitoyning yumshoq kuchini yuksaltirishimiz, chiroyli xitoycha hikoya yaratishimiz va xitoycha qarashlarni dunyoga yetkazishimiz kerak» deya, yumshoq kuch konsepsiyasini rasman yo‘lga qo‘yishni tavsiya qildi. Bu yo‘ldagi ilk harakatlar Ipak yo‘li loyihasi qamrovida xalqaro, davlatlararo transport yo‘llari va telekommunikatsiya infratuzilmalarini bog‘lashga e’tibor qaratdi. Beijing yetakchilari esa madaniy ta’sirni oshirishda til, madaniyat va ta’lim imkoniyatlarini rivojlantirishga urg‘u berdi. Xususan, bugun dunyo bo‘ylab 500dan ortiq Konfutsiy institutlari o‘z faoliyatini yuritadi. Bu birlashma Xitoy madaniyati va Mandarin tilini o‘rgatishda katta rol o‘ynab kelmoqda.
Xalqaro ta’limga tikkan investitsiyasi orqali Xitoy talabalarni jalb qilish bo‘yicha dunyoda 3-o‘rinda turadi. Hukumat nafaqat o‘z talabalarining xorijdagi ta’limini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun pul tikkan, balki bugungi kunda xorijlik talabalarni jalb qilish uchun 10 000dan ortiq xalqaro grantlar taqdim etib kelmoqda. Aynan shu strategik harakatlari Xitoyning yumshoq kuch kontekstida boshqa raqobatchilarini orqada qoldirishining asosiy sababidir. Xalqaro mutaxassislar ta’lim bo‘yicha osiyolik talabalar uchun Xitoyni yaxshi manzil deb baholashadi. «Economist» yozganidek, boy mamlakatlar o‘z ta’limini sotishmoqda, Xitoy esa ta’limdan sotib olish uchun foydalanmoqda.
Morfologik so‘z qoidalariga ko‘ra, har bir sifatning ziddi mavjud bo‘lgan holda bizda o‘sha sifat tasvirlayotgan so‘zga nisbatan tasavvur paydo bo‘ladi. Ya’ni, albatta, Yumshoq kuchning Qattiq shakli ham mavjud. Josef Nay qattiq kuchga urg‘u bermaydi, chunki bu turdagi kuch Jahon urushlarini keltirib chiqargan, Sovuq urush, qurollanish poygasi, atom bombalari va insoniyatni qurol orqali bo‘ysundirish deb hisoblaydi. Vaholanki, qattiq kuch orqali boshqaruv kutilgan natija bermaydi. Bu xuddiki farzandingizni ikki yo‘l bilan nazoratga olishga o‘xshaydi: urib-urishib bosim qilish yoki «agar aytganimni qilsang, shokolad beraman» ko‘rnishidagi tarbiya.
Yumshoq kuchni amaliyotda qo‘llashdan maqsad bevosita davlat imijini shakllantirish va bilvosita unga tashqi kuchlarni jalb qilish. O‘qish maqsadida talabalarni, ish kontekstida jismoniy sog‘lom ishchilarni yoki turizm shaklida sayyohlarni jalb qilish. Tashrif jozibadorligi ortida esa mazkur mamlakatning siyosiy-ijtimoiy yoki iqtisodiy rejalari bo‘lishi mumkin. Qaysidir davlat demografiyasining tushib ketayotganidan xavotirda va yumshoq kuch orqali aholi sonini oshirishni maqsad qiladi. Yana boshqasi esa madaniy kontekstda yetakchilik qilish uchun yumshoq kuchdan foydalanadi. Vaholanki, talabalar uchun grant dasturlarini ajratish bu o‘sha davlatning kambag‘al mamlakat aholisiga bo‘lgan «saxiyligi» emas.
Jozef Nay ta’limni yumshoq kuch manbalarining «madaniy» toifasiga kiritgan bo‘lsa ham, ammo so‘nggi tadqiqotlar va maqolalar ta’limning mustaqil, hattoki kuchliroq yumshoq kuch atributi sifatida tasdiqlamoqda. Intellektual qobiliyatga ega qatlamgina yangi madaniyat va til unsurlarini tez o‘zlashtira oladi, Jozef Nay aytganidek, ularni xalq diplomatiyasining tashuvchisi deb hisoblasa bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda ta’limni o‘z milliyligini targ‘ib qilishning eng yaxshi usuli deb hisoblaydigan mamlakatlar soni jahon miqyosida ortib bormoqda. Shuningdek, ta’lim orqali yo‘lga qo‘yilgan yumshoq kuch nishonalari allaqachon davlat va hukumat qatlamida bo‘y ko‘rsata boshlagan. Misol uchun, Misrning sobiq prezidenti Muhammad Morsi oliy ta’limni Janubiy Kaliforniya universitetida tugatgan, Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili esa Jorj Vashington universitetida tahsil olgan yoki Pokiston Bosh vaziri Benazir Bxutto va Yaponiya malikasi Masaka taniqli Garvard universiteti bitiruvchilari hisoblanadi. Vaholanki, bugungi kunda mamlakatimizda ham xalqaro ta’limni tugatgan kadrlarni yaxshi ish o‘rinlariga qo‘yish urfga kirgan. Oliy ta’limni yumshoq kuchning ideal vositasi deb hisoblash mumkin, chunki u hozirgi dunyoni o‘zaro bog‘langan global hamjamiyatda boshqara oladigan muhim yumshoq kuchni rivojlantiradi.
Mamlakatlar umumiy hisobda yumshoq kuch uchun qancha investitsiya kiritishini e’lon qilmaydi. Umuman olganda, yumshoq kuch hukumatning boshqa yo‘nalishlari kabi: harbiy, ijtimoiy, tashqi ishlar yoki ichki ishlari kabi alohida sohaga ajratilmagan. Biroq tahlilchilar Xitoy har yili o‘rtacha 10 milliard AQSh dollari hisobida yumshoq kuchga pul tikishini ma’lum qilishdi. Agar ushbu raqamlarni uchta asosiy sohaga bo‘lish mumkin bo‘lsa, bular Konfutsiy instituti, Buyuk Ipak yo‘li infratuzilmasi va xalqaro oliy ta’lim grantlari bo‘lardi. Butun dunyo bo‘ylab yoshlar Xitoy tuzumi, texnologiyasi va madaniyati haqida ijobiy nuqtai nazarga ega. Afrika mamlakatlarida esa, aholining aksariyati Xitoy madaniyati dunyodagi eng yaxshisi deb hisoblaydi.
Shuningdek, ta’lim turizmi degan tushuncha ham ba’zan ko‘zimizga tashlanadi. Bu esa aynan ushbu ta’lim orqali ma’lum xalqaro davlatga borgan sayyohlardan keladigan turistik daromaddir. Ta’lim turizmi nafaqat kunlik ijtimoiy ehtiyojlardan keladi, balki mavjud ish o‘rinlarini band etish orqali ham talabalar mazkur mamlakatdagi moliyaviy aylanmani ta’minlaydi. Masalan, AQShda 2022-2023-o‘quv yili davomida xalqaro talabalar 368 mingdan ortiq ish o‘rinlarini egallab, mamlakat iqtisodiyoti uchun 40 milliardga yaqin hissa qo‘shishgan. Bundan AQSh va Xitoy xalqaro talabalarni o‘z ta’limiga jalb qilish uchun sarflayotgan investitsiyalaridan ham ko‘proq foydaga erishayotganini tahmin qilish mumkin. Bu esa joriy vaqt bilan hisoblaganda xalqaro talabalarning tahsilni tugatganidan keyingi jarayonlari, har qanday holatda ham, mamlakat uchun ijobiy rol o‘ynaydi. Bitiruvchilar mamlakatda qolsa ham yoki o‘z yurtlariga qaytib ketishsa ham. Birida davlat iqtisodiy foyda ko‘rsa, boshqasi bilan esa yumshoq kuch ta’sirini yana davom ettirishi mumkin.
Yumshoq kuch o‘zining har qanday ko‘rinishlarida ijobiy natija bermoqda. Josef Nay ilm-fanga taqdim etayotgan tahlillar bundan bir necha 10-20 yillar oldin yo‘lga qo‘yilgan yumshoq kuchning samaralari edi. Bugun texnologik va informatsion jadallik davrining «yumshoq kuch» mevalarini keyingi 10 yilda ko‘rishimiz mumkin. Vaholanki, bizda allaqachon «Amerika orzusi»ga ega avlod shakllanib bo‘lgan.
Barno Dusiyarova, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter