Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xon saroyidagi qovun sayli – Xivada ko‘rganlarimiz

Xon saroyidagi qovun sayli – Xivada ko‘rganlarimiz

2011 yilda Janubiy Koreyaga borganimda hamma narsaga hayrat bilan qaraganim esimda. Birinchi marta xorijga chiqishim edi, barchasi qiziqarli ko‘ringan. Eng hayron qoldirgani, hatto zavqqa to‘ldirgani deb aytishim mumkin – Kyonbokkun saroyidagi teatrlashtirilgan tantanali marosim bo‘lgandi.

Seulda asrlar davomida imperatorning shaxsiy qo‘riqchilari tantanali ravishda navbat almashib kelgan. Nog‘oralar gumbiri ostida qurolli soqchilarning u yoq, bu yoqqa yurishi Choson sulolasining kuch va salohiyatini ko‘rsatishi lozim bo‘lgan. Bu ajoyib an’ana bugungi kunga kelib siyosiy ahamiyatini butkul yo‘qotib bo‘ldi, ammo uning badiiy qiymati oshgandan oshib bormoqda. Soqchilar marosimini ko‘rish uchun Seulga qayerlardan kelishmaydi deysiz.

O‘shanda koreyslarga shunchalik havasim kelganki, Janubiy Koreya turizmning cho‘qqisi bo‘lib ko‘ringandi. Bizda esa afsuski, u vaqtlarda chetga chiqish ham, kirish ham ancha mushkul vazifa hisoblanardi.

Yillar o‘tdi, davr almashdi va biz ham turizmni rivojlantirishni o‘rganib oldik. Kuni kecha Xiva shahridagi “Ichan qal’a” majmuasida boshlangan “Qovun sayli” qaysidir ma’noda buni tasdiqlashi mumkin.


Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan festivalning eng o‘ziga tortgan tomoni – aynan teatrlashtirilgan tomoshalar bo‘ldi. Xorazm xoni Abulg‘ozi Bahodirxon saroyga kirib kelishi menga Seulda ko‘rganlarimni eslatib yubordi. Xonning a’yonlari qurshovida viqor bilan kelishi, xizmatchilar ta’zim bilan kutib olishi, saroy tantanasi – hammasi ancha qiziqarli tashkil etilgan. Mana shu marosim yanada sayqallanib, tamomillashtirilib, Ichan Qal’aning bosh darvozasi oldidagi maydonda muntazam tashkil etilsa yana ham yaxshi bo‘lardi, menimcha. Bunaqa amaliyot ko‘plab turizm poytaxtlarida bor, masalan mashhur Bukingem saroyidagi soqchi almashish marosimini eslang.

Xivaning boshqa turizm poytaxtlaridan qayeri kam?!

Mayli, festivalga qaytsak. Kechga borib tadbirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Konsert tashkil etildi, milliy mazmundagi chiqishlar bo‘ldi, yangi san’atkorlarni ko‘rdik. Bizdan ham ko‘ra xorijdan kelgan mehmonlar ko‘proq qiziqish bilan tomosha qildilar. O‘zi shunaqa bo‘lishi ham kerak.

Festival qovunga atalgandan keyin albatta bu ajoyib poliz ekini haqida ko‘plab ma’lumotlar berildi. Kun davomida Ichan Qal’aning «Polvon» darvoza oldida, «Alleya» maydonining 40 gektarida tashkil etilgan 60 ta pavilonda bo‘ldik, turli meva-sabzavotlar, poliz ekinlari namoyishga qo‘yilganini ko‘rdik.

Shaxsan o‘zim qovunning deyarli barcha turini bilaman deb yurarkanman, ammo «Gurvak», «Qilichboy beshak», «Qariqiz», «Tuya qovun», «To‘yona», «Ola zamcha», «Oq novvot», «Ko‘k gulobi», «Bo‘rikalla» va shunga o‘xshash yana ko‘plab navlarni ko‘rib shoshib qoldim. Qovundan tayyorlangan turli mahsulotlar esa bir olam – shinni, qoqi, kompot, murabbo, pishiriq – hammasi shunchalar ajoyib.


Ochig‘i, qovunning barcha turidan tatib ko‘rishga hozircha ulgurganim yo‘q. Umuman, bu ilojsiz ham bo‘lsa kerak, u yog‘ini o‘zingiz yaxshi tushunasiz. Tatib ko‘rganlarimdan esa, olam-olam taassurotlar qolganini aytish ham shart emasdir.

Xiva sayohatida yana bir qator tadbirlar bilan ham tanishib chiqdikki, bular haqida yana mavridi bilan so‘zlab berishni rejalashtirganmiz.

Zafar Qosimov, Xiva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring