Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vagon kuzatuvchisi ishdan olindi: muammoga yechim ishdan bo‘shatishmi?

Vagon kuzatuvchisi ishdan olindi: muammoga yechim ishdan bo‘shatishmi?

Foto: «Xabar.uz»

Joriy yilning 1 avgust kuni Buxoroga chipta olishdagi muammolar hamda 712-F sonli «Toshkent — Buxoro» yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi poyezd vagon kuzatuvchisining xatti-harakatlari haqida 4 avgust kuni tarqalgan «O‘zbekiston temir yo‘llari»dagi xizmat 90-yillarni eslatyapti(mi?)» sarlavhasi ostidagi maqola keng jamoatchilik oldida muhokamaga aylagan edi. 

5  avgust kuni esa «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ rasmiy sahifasida ushbu xabarlarga izoh berilib, poyezdda yo‘lovchilarni «Kupe» vagonga o‘tkazishni va’da qilgan vagon kuzatuvchisi va poyezd boshlig‘i xatti-harakatlariga nisbatan  «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ tomonidan xizmat tekshiruvi boshlangani va uning natijasi yuzasidan rasmiy sahifalarida yana ma’lum qilinishi aytib o‘tilgan edi.

Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda  «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ faoliyatiga doir, jumladan, chipta xarid qilishdagi tashvishlar, jazirama kunlarda temir vagonlarda qulay sharoit yaratilmagani, kondnsioner masalasi og‘riqli muammoga aylanib borayotgani va hokazolar to‘g‘risida muhokamalar kuchaygan.

Ushbu muhokamalarda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ rasmiy sahifasida e’lon qilingan xabar holatga yetarlicha munosabat emasligi to‘g‘risida ham so‘z borgan.

Shunday so‘ng, oradan uch kun o‘tgach, ya’ni 7 avgust kuni «Xabar.uz» muxbiriga ovozli xabar jo‘natgan aksiyadorlik jamiyatining marketing va servis xizmatlari bo‘yicha direktori Sunnatilla Hamidov xizmat tekshiruvi natijalariga batafsil munosabat holat o‘rganuvi to‘liq yakunlangach, bu borada hujjatlar tayyorlanib, chora-tadbirlar belgilangach, berilishini bildirgan. Jurnalistning keyingi kun so‘rovi ham «Yo‘q hali, xizmat tekshiruvi tugasin, keyin bo‘ladi-da» degan javob topgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar yana davom etavergach, «Xabar.uz»da holatga uzviy bog‘langan keyingi «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning yog‘och kovushi yoxud maqolaga munosabat qani?!» sarlavhasi ostidagi maqola 8 avgust kuni chop etilgan.

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ matbuot kotibi Alisher Baltabayev holatni aksiadorlik jamiyati e’tiborsiz qoldirmayotgani, barchasi tizimli nazoratda ekani, faqat birgina vagon kuzatuvchisi emas, shu xunuk holatning yuzaga kelishida sababchi bo‘lgan boshqa shaxslarga nisbatan ham choralar belgilanayotganini, ularga nisbatan o‘z xizmat vazifasiga noloyiq xatti-harakatlari uchun lozim bo‘lsa, ishdan bo‘shatilishgacha  jazo choralari qo‘llanilishi mumkinligini bildirgan.

Jurnalistning: «Tanqid – kimnidir ishdan bo‘shatish uchun emas, muammo bartaraf etish uchun yoziladi» degan so‘roviga Alisher Baltabayev:

«Temir yo‘l tizimining o‘z ichki qoidalari bor, ular qat’iy tartibga asoslangan. Tizimimizda ishchi-xodimlar uchun imkoniyat, sharoit yetarlicha. Oylik maoshlar ham kam emas. Shunday sharoitda faoliyat ko‘rsata turib, yana  o‘z xizmat vazifasini suiste’mol qilishga uringan, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan keskin chora ko‘riladi. Bundaylarga nisbatan yengil choralar qo‘llaniladigan bo‘lsa, o‘z xizmat vazifasiga sadoqatli bo‘lmagan boshqa bir vagon kuzatuvchilarida ham: «Mana, yengil chora bilan vaziyatdan chiqib ketsa bo‘lar ekan-ku!»-degan qarashni uyg‘otib qo‘yishi mumkin. O‘z vazifasini suiste’mol qilishga uringan vagon kuzatuvchilariga ishdan bo‘shatish chorasining qo‘llanilishi – xuddi shunday holatning kamayishiga yoxud takrorlanmasligiga sabab bo‘ladi», — deya javob bergan.  

9 avgust kuni «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ rasmiy sahifalarida holat yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasi e’lon qilindi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, holatda ishtirok etgan poyezd boshlig‘i va 2 nafar vagon kuzatuvchilari «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ ichki mehnat tartibi qoidalarining 56-, 91-, 92-moddalarini buzganligi uchun hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-modda (Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra, bekor qilish) 2-qismining 5-bandiga asosan, mehnat shartnomasi bekor qilingan.

 «Ishchi guruh holat bo‘yicha yo‘lovchi poyezdlar va vokzallarda o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda», — dedi Alisher Baltabayev.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring