Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tom ustida tadbirkorlik (video)

Farg‘onaning Buvayda tumani Beshterak qishlog‘ida yashaydigan Mardonbek Murodov yoshgina yigit. Ammo shunga qaramay, o‘ziga ishonchi baland. Tavakkalchilikdan cho‘chimaydi. Gulchilik bilan shug‘ullanayotganiga 10 yil bo‘ldi.

«Tadbirkorlik uchun menga yerimiz kamlik qila boshladi. Shuning uchun uy qurishni boshlaganimizdayoq tomning ustida ham issiqxona tashkil qilish rejasini tuzib qo‘ygandim», — deydi Murodbek biz bilan suhbatda. — «Va angladimki, qalovini topib qorni ham yondirish mumkin ekan. Mana shu gulchilikning orqasidan mashina oldik, uy qurdik».

Gulchining aytishicha, sof daromadi yiliga 30-40 million so‘mni tashkil qilar ekan. Uning gullari erta bahordan toki mustaqillik bayrami arafasigacha ham xaridorgir bo‘ladi.

«Gulchilik orqasidan shaxsan prezidentimizning qo‘lidan «Kelajak bunyodkori» nishonini olaman, deb sira o‘ylamagandim, ammo endi yanada yaxshiroq ishlash, o‘z ustimda izlanish, ko‘proq ishchi o‘rin yaratishni o‘ylashim kerakligini anglab yetdim», — deydi Mardonbek kelgusi rejalari bilan o‘rtoqlasharkan.

Gulchilik boshqalar nazarida faqat bahordan toki yozgacha qattiq mehnat qilish kerak bo‘lgan jarayondek tuyuladi. Ammo unday emas. Tadbirkorning ta’kidlashicha, erta bahordan obodonlashtirish uchun gul yetkazib berish kerak. Shu bois yanvar oyidayoq urug‘ sepish fevralning oxirida esa har bir unib chiqqan mittigina ikki quloqli gulchalarni avaylab tuvakchalarga olish kabi yumushlar juda ko‘p kuch talab qiladi. Tabiiyki, Mardonbek bu paytda ishchi yollaydi.

Tomda gul yetishtirishning qulay tomoni nimada, deb Mardonbekdan so‘raganimizda, u yerdagi issiqxonada gullar besh-olti soat quyosh nurlaridan bahramand bo‘lsa, tomda to‘qqiz-o‘n soat quyosh o‘z nurlarini ayamaydi. Mana shu yorug‘lik va issiqlik esa gullarning jonu dili, deb javob berdi.

Kelgusida gullarning turini ko‘paytirish va hatto xorijga eksport qilish Mardonbekning oldiga qo‘ygan maqsadlaridan biri. Buning uchun esa unda o‘ziga bo‘lgan ishonch va salohiyat yetarli.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring