Taxt tegrasidagi ig‘vo va nizolar

– Bu joriyani yechintir, zora qip-yalang‘och bo‘lsa xonning qayerga yashiringanini aytur, – deb buyurdi Muhammad Rahimbiy askarlariga.
Ammo go‘zal joriyani yechintirishga hojat qolmadi. Negaki, u qo‘rqqanidan hukmdorning yer osti yashirin yo‘li – lahm orqali qochib ketganini aytib berdi.
Shundan so‘ng biy joriya ko‘rsatgan lahm yo‘lidan yurib, oyoq izlari orqali Mir Arab madrasasiga yashiringan xonni topdi. Muhammad Rahimbiy otaliq shu tarzda shiddat bilan askarlari qurshovida hujraga kirdi-da, keskir qilichi ila Abulfayzxonning boshini sapchaday uzib tashladi...
1711-yilda Buxoroyi sharif taxtiga chiqqan Abulfayzxon irodasi zaifligi bois, hukmdorligining ilk yilidayoq saroydagi biylar ta’siri ostida siyosat yuritdi. Biylar ham bir-birlariga qarshi ig‘vo, fitna ko‘tarib, har qaysisi yosh xonni o‘z yo‘rig‘iga solmoqchi bo‘lardi. Shu tariqa saroyda goh Javshan qalmoq, ba’zida Abdullabiy xoja, so‘ngra Xo‘jaqulibiy va Ne’matullabiy kabi ayonlar turli yo‘llar bilan Abulfayzxonni o‘z ta’siriga olib, boylik orttirishga berilib ketdilar.
Xullas, Abulfayzxon turli urug‘lar o‘rtasidagi nizo, biylar orasidagi nifoq, qaysidir shaharga hokim bo‘lish istagidagi mansabparastlar iskanjasiga tushib qoldi. Har hafta, har oyda xon ta’siri katta biy tazyiqi bilan kimgadir to‘qsabo, yana birovga qushbegi, hokim lavozimlarini berar, bir oz vaqt o‘tib esa boshqa bir biyning yo‘rig‘iga kirib, farmonlarini bekor qilar va yana kimlargadir mansab ulashardi.
Shu taxlit Abulfayzxonning farmoni uzoq bir hokimlik u yoqda tursin, Buxoroyi sharifning eng chekka mahallasida ham ijro etilmas, biy va hokimlar o‘z bilganidan qolmas edi.
Oqibatda xalqning ahvoli og‘irlashib, soliqlar ko‘paygani, zulm haddan oshganidan bir necha bor isyonlar bo‘ldi.Ammo turli urug‘lardan tarkib topgan xonlikda boshlar birikmas, barmoqlar mustahkam bo‘lmasdi.
Bu orada Sulton qushbegi, Ibrohimbiy otaliq, Xo‘jaqulibiy devonbegilar bir guruh, Avaz to‘qsabo, Qoplon eshikog‘aboshi va Abdulkarimbiylar bir guruh bo‘lib urug‘lar o‘rtasidagi nifoqni avj oldirgan, har qaysisi zimdan Abulfayzxonni taxtdan tushirib, o‘z odamiga toj kiydirishni istardi. Shu tariqa 1719–1723 yillarda urug‘lar o‘rtasida taxt uchun kurashlar kuchaydi. Ammo har bir biy o‘zicha harakat qilgani bois ular o‘rtasida ham sotqinlik va fitna avj olib, saroy amaldorlari biri-birining ko‘zini o‘yish bilan ovora edi.
Ana shunday vaziyatda Eron hukmdori Nodirshoh o‘zaro ichki nizolar avj olganidan foydalanib, Buxoroga hujum qilmoqni afzal ko‘rdi. Bosqinga bahona tayyor edi. Zero, 1737–1739 yillarda Abulfayzxon Xiva xoni Elbarsning gapiga uchib, Nodirshoh Hindiston bilan bo‘layotgan urushda ovoraligidan foydalangan holda ittifoqdoshlik qilib, ba’zi boylik iskanjasidagi biylar ta’siri bilan Eronning shimoliy hududlariga hujum uyushtirgan edi. Shu bois, o‘z davrining zamonaviy qurollariga ega bo‘lgan Nodirshoh qo‘shini turkmanlar va Xiva xonligini bosib olib, Buxoroga ham yo‘l oldi.
Bu paytda Buxoroda otaliq Muhammad Hakimbiy va o‘g‘li Muhammad Rahimbiylar o‘zaro nizolar, urug‘lar o‘rtasidagi g‘alayon avj olgan xonlikda zimdan Abulfayzxonga muxoliflikda edilar.
Ular 1740 yili Eron hukmdori Nodirshohning Buxoroga bosqini davrida, hatto eroniy shoh oldiga Abulfayzxon tomonidan elchi bo‘lib ham borgandilar. Suhbat asnosida Nodirshoh Buxorodagi vaziyatni to‘la bilib oladi. Ammo u shaxsan Abulfayzxon bilan uchrashmoqchi ekanligini aytadi. Shu taxlit taxtni qo‘ldan chiqarmay, taslim bo‘lishni afzal deb bilgan Abulfayzxon Nodirshoh yoniga bosh egib boradi.
Egilgan boshni qilich kesmaydi, deganlaridek, Nodirshoh Abulfayzxonni taxtdan tushirmay, xonlikda o‘z bosqinchiligini davom ettiradi. Bosqinchilar Samarqandda saqlanayotgan Amir Temurning qilichi va qalqoni, Chingizxonning dubulg‘asiyu sadog‘ini, temuriyzoda Boysunqur Mirzo ko‘chirtirgan Qur’oni Karimning noyob nusxasi va boshqa boyliklarni Eronga olib ketadilar. Abulfayzxon boyliklari talansa-da, taxtini saqlab qolganidan quvonib, bosqinchi Nodirshoh ketganidan keyin ham hukmdorligini davom ettirdi.
Bu paytda Eronda ham hokimiyat talashuv avj olib, 1747-yil 19-iyunda Nodirshoh suiqasd qurboni bo‘ladi. Eronda hokimiyatga erishgan Ahmadshoh Durroniy buxorolik Muhammad Rahimbiyning yaqin do‘sti edi. Negaki Nodirshoh Buxoroga bosqini davrida Muhammad Rahimbiyni o‘z xizmatiga qabul qilib, Eronga olib ketgan, biy va Durroniyning do‘stligi Eronda boshlangandi. Shu sabab, Eronda do‘sti podshoh bo‘lgani, qolaversa, otasi Muhammad Hakimbiy otaliqning vafot etgani bois, Muhammad Rahimbiy Buxoroga kelib, Abulfayzxon saroyida otasi o‘rnida otaliq, keyin amirul umaro mansabini egallaydi.
Muhammad Rahimbiy boshboshdoqlik, nizo va ig‘vo avjga chiqqan Buxoroi sharifda Abulfayzxonni taxtdan qulatish payida yurardi. U o‘ylagan rejasini 1747-yilning kuzida to‘liq amalga oshirdi.
Abulfayzxon Mir Arab madrasasida o‘ldirilib, taxtga Abdulmo‘min sulton, keyinchalik Ubaydullaxon nomigagina chiqdi. Ammo barcha ishni Rahimbiyning o‘zi amalga oshirardi.
1748-yilga kelib, Muhammad Rahimbiy ashtarxoniylar sulolasiga butunlay barham berishni lozim topdi. Taxtga o‘zi chiqdi. Shu taxlit Muhammad Rahimbiy 1748-yildan e’tiboran Buxoroda o‘zi mansub bo‘lgan mang‘itlar sulolasiga asos soldi va amir maqomida davlatni boshqara boshladi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter