Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

«Qorasini ko‘rsatmayotgan» ko‘mir

«Qorasini ko‘rsatmayotgan» ko‘mir

Foto: «Vesti.Ru»

Shu yilning 29-oktyabr kuni Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» telegram-kanalida aholiga ko‘mir tarqatish haqida axborot berildi.

Axborotda jumladan shunday deyiladi:

«Qonunchilikka muvofiq gaz bo‘lmaydigan hududlarda aholi ko‘mir mahsuloti bilan uzluksiz ravishda ta’minlanadi.

Buning uchun quyidagilar amalga oshiriladi:

  • qish mavsumida gaz bo‘lmaydigan hududlarga yetarli miqdorda ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha tegishli hujjatlar tasdiqlanadi (Vazirlar Mahkamasi — viloyat hokimliklari — tuman hokimliklari);
  • tuman hokimligi tomonidan tasdiqlangan aholini ko‘mir bilan ta’minlashga oid jadval mahalla fuqarolar yig‘iniga yetkaziladi;
  • mahalla fuqarolar yig‘ini kelib tushgan arizalarga muvofiq ko‘mirni sotib olish bo‘yicha reyestrni shakllantiradi va uni ko‘mir omborlariga yetkazib beradi;
  • ko‘mir omborlari mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan taqdim etilgan reyestrga va tasdiqlangan jadvalga asosan aholini ko‘mir mahsuloti bilan Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan narxlar asosida uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘radi.»

«Huquqiy axborot» telegram-kanalidagi bu ma’lumotlarni o‘qib, tabiiy gaz yo‘q hududlarda yashovchi odamlarning necha yillardan beri ko‘mir olishda qiynalayotgani esimga tushdi. Ochig‘i, shaxsan o‘zim 2017 yilgacha odamlar ko‘mir olishda qanchalik qiynalayotganini bilmaganman, ko‘rmaganman. To‘g‘ri, ko‘mirga borgan odamlar qandaydir qiyinchiliklar, «sxemalar» haqida gapirib yurishardi. O‘z boshimga tushmagani uchun o‘sha odamlar aytgan qiyinchiliklarni unchalik his qilmaganman, ko‘mirni osonlik bilan olib kelib bo‘lmasligini, berilayotgan ko‘mirning katta qismi kukundan iboratligini ko‘rib, bilib yurganman. Qolaversa, oxirgi o‘n-o‘n besh yilda, bir-ikki martani hisobga olmasa, ko‘mir olmaganmiz hisob. O‘shanda ham ko‘mirga ukam borgan.

O‘tgan yili ko‘mirni men olib keldim. Ko‘mirni uyga yetkazib olib kelguncha tortgan azoblarimni hozir eslasam yuragim orqamga tortib ketadi. Eng yomoni, bu yil ham o‘sha azoblarni tortishimni eslasam yuragim sanchayapti. U qanday azoblar ekan, deb qiziqyapsizmi? Marhamat:

Ko‘mir olish uchun mahallaga pasport nusxalari olib boriladi. So‘ng ular sizni navbatga qo‘yib qo‘lingizga ma’lumotnoma berishadi. Shundan so‘ng necha kunlardir o‘tib tuman hokimligidan «Bugun mahallalaringga falon tonna ko‘mir ajratilgan, borib navbati bilan olinglar» degan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Shundan so‘ng mahalla raisi, uning kotibi, xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi eng avvalo o‘zlariga tegishli odamlarga «Falon ko‘mir bazaga boringlar, bugun mahallamizga ko‘mir berishadi, faqat hammaga oshkor qilib yubormanglar, to‘polon bo‘lib, ko‘mirsiz qolib ketishlaring mumkin», deyishadi.

Siz ertasi kuni ertalab aytilgan ko‘mir bazaga borasiz. Baza atrofida tumonat odam. Viloyatdagi bir necha tumanning o‘nlab mahallalaridan odam kelgan. Siz baza idorasidan ko‘mirni so‘raysiz va u «Mahallangiz raisi yoki kotibi kelsin, keyin sizlarga ko‘mir beriladi» deydi. Noiloj kechgacha kutasiz va mahallangiz amaldorchalaridan hech kim bormaydi. Baza mudiriga mahallangizdan bugun hech kim kela olmasligini, shuning uchun ko‘mirni beraverishini so‘raysiz. Ammo u rad etadi. Kun bo‘yi sovuqda o‘tirib qaytib kelasiz.

Ertasi kuni mahalla raisini mashinangizda yoki o‘zingizni mashinangiz bo‘lmasa ko‘chadan kirakash yollab, ko‘mir bazasiga olib borasiz. Ammo baza mudiri endi ko‘mir bera olmasligini, sababi kecha navbatingiz o‘tib ketganini, bugun navbatni buzsa to‘polon bo‘p ketishini tushuntiradi. Shu bilan mahallangiz ko‘mir oladigan birinchi navbat o‘tib ketadi va siz ko‘mir ololmaysiz. Ikkinchi navbatni esa yana o‘n kun yoki ikki hafta kutasiz.

Nihoyat yana hokimlikdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi va bazaga jo‘naysiz. Bu safar borsangiz 20-30 nafar mahalladoshingiz o‘sha yerda. Qachon uydan jo‘nashgan, qachon yetib kelishgan zinhor bilolmaysiz. Hokimlikdan telefon qilgan mutasaddi bu gal 40 tonna ko‘mir ajratilganini aytgan edi. Baza mudiri esa 30 tonna beraman deyapti, nechtadir vagon ko‘mir kam kelgan emish. Haqiqatan ham kam kelganmi yoki u o‘yin qilyaptimi — buyog‘i qorong‘u. Sizga qo‘shilib borgan mahalla raisi yoki kotibining boshi qotgan. Nima qilish kerak? Ko‘mir — 30 tonna. Kelgan odam ham 30 nafar. Lekin ularning har birining qo‘lida 2-3 tonnadan ko‘mirga qog‘oz bor. O‘sha yerda mahalladoshlar o‘rtasida janjal boshlanadi. Bir necha soatlik janjaldan keyin mahalla raisi yoki kotibi «Keyingi navbat aniq sizlarniki, hozir esa uyga ketaveringlar» deb boyagi 30 nafar odamdan 15 tasini amallab uyga jo‘natib yuboradi. 30 tonna ko‘mirni esa qolgan 15 ta odamga 2 tonnadan bo‘lib beradi. Ko‘mir ololmay qaytib ketganlar orasida siz ham borsiz. Ikkinchi marta uyga ko‘mirsiz qaytdingiz.

Uchinchi marta navbat kelganida, ko‘mir bazaga oldingidan ham ko‘p mahalladoshingiz bostirib borishi mumkinligini va buning oqibatida uchinchi navbatda ham ko‘mirsiz qolishni o‘ylab «Nima qilsam ekan-a?» deb boshingiz qotadi. O‘ylab-o‘ylab chorasini topasiz. Uchinchi martada siz ko‘zi ojiz, nogiron bo‘lgan qo‘shningizni o‘zingiz bilan birga bazaga olib borasiz. Hujjatlaringizni uning qo‘liga berasiz. Birinchi guruh nogironida navbatsiz ko‘mir olish imtiyozi bor. U «Qo‘shnim bilan birga kelganman, o‘zim alohida olib ketsam ko‘mirning yo‘lkirasi qimmat tushadi» deydi va qo‘shningizni jo‘natib yuborish uchun sizga ham ko‘mirni navbatsiz berishadi. O‘shanda ham uchinchi navbat kuni sovuqda yarim kechagacha o‘tirib, ulgura olmay ertasi kuni borib kechki payt olib kelasiz. Qorong‘uda nima ortib berishganini ko‘rmaysiz ham. Yarim kechada olib kelib ko‘changizga to‘kdirasiz.

Ertalab turib qarasangiz, ko‘miringizning kamida 70 foizi kukun. «Ko‘chada ko‘mirfurushlar hatto ko‘mirning kukunini ham falon pulga sotib yurishibdi. Har holda bu undan arzon-ku» deb o‘zingizni yupatasiz va o‘sha kuni kuni bilan uni elaysiz. Ertasi kuni esa oila a’zolaringiz havo sovuq bo‘lishiga qaramay, o‘zbekning innovatsion yangiliklaridan biri «qo‘lda ko‘mir kukunidan briket tayyorlash usuli»ni qo‘llab, kukuningizni «ko‘mir tappi» qilib olishadi. Indini esa yangi yilning bongi chalinadi. Qarang-a, nima bo‘lsa ham amallab ko‘mir olib qolish vahimasi bilan dekabr oyi tugayotganini sezmay ham qolibsiz. Ba’zi yillarda siz ko‘mir olib kelguningizcha yangi yilning fevrali bo‘lib, boychechak gullashga ham ulguradi. O‘shanday holatlarda qish oxirlayotgan bo‘lsa-da, siz ko‘mir kukunini, yo‘g‘e-ye, ko‘mirni keyingi yil qish mavsumida yoqish uchun olib qo‘yaverasiz.

Yuqoridagi gaplar mulfilmdagi Qunduz boboning ertaklari emas, balki o‘tgan yil o‘zim guvohi bo‘lgan real voqealarning bayoni. Yana tag‘in ham Jomboydagi ko‘mir bazaga mahalla raisingizni olib boring, ming navbatga turing, agar ko‘chadan arzonroq narxga mashina gaplashib kelsangiz, navbatingiz umuman kelmasligini, lekin baza atrofida o‘ralashib yurgan va baza mudiri bilan osh-qatiq bo‘lgan shofyorlar arzimagan 50-60 kilometr masofaga 600-700 ming so‘m yo‘lkira so‘raganda o‘sha yo‘lkiraga rozi bo‘lsangiz negadir navbatsiz ko‘mir olishingiz mumkinligini batafsil yozmadim.

Meni hayron qoldiradigan jihat shuki, nega aholiga ko‘mir yetkazib berishi lozim bo‘lgan tashkilotlar ko‘mirni avgust, sentyabr oylarida, kunlar uzun va issiq bo‘lgan vaqtda boshlamay oktyabrning oxiridan, noyabrning boshidan boshlaydi? Mana, bugun 31 oktyabr, 2018 yil. Bizning mahallamizda hali ko‘mir haqida gap yo‘q. O‘tgan kuni mahalla raisidan bu haqda so‘rasam «Noyabr boshidan bizga ham bersa kerak» dedi.

O‘tgan yil men ko‘mir olgan kunimda qor aralash yomg‘ir yog‘ayotgan edi va olib kelgan ko‘mirimni yomg‘irdan pana joyga tashib olgunimizcha, ivib bo‘ldi va keyin nam tortgan ko‘mir qishi bilan tutab chiqdi va yaxshi yonmadi. Bundan ham yomoni, ko‘mir bazasiga uch marta borgan bo‘lsam, tumonat odam ichida har xilini ko‘rdim: nogironlar, qariyalar, ayollar deganday. Hatto ular orasida homilador ayollarni ham bor. Hammasi izg‘irinda ertalabdan kechgacha ko‘mirga navbatda turibdi. Shunday ekan, ko‘mir aholiga avgust-sentyabrdan boshlab tarqatilsa yaxshi emasmi? Qachongacha aholi ko‘mir tarqatishdagi tartibsizliklarni deb sovuqda sarson bo‘ladi.

Yana bir jiddiy masala bu aholiga tarqatilayotgan ko‘mirning sifati. O‘tgan yili uch marta borib o‘zim guvohi bo‘ldim, aholiga tarqatilayotgan ko‘mirning yarmidan ko‘pi kukundan iborat. Aholiga arzon ko‘mir beryapmiz, deyilmoqda, ammo aslida bu ko‘mir kukuni. O‘tgan yili bir qo‘shnimiz 4 tonnacha olib kelgan ko‘mirini elaganda undan bir tonna ham ko‘mir chiqmadi. Agar shu ko‘mir avgust-sentyabr oylaridan boshlab tarqatilganda, odamlar ko‘mir kukunini ham «ko‘mir tappi» qilib, issiqda quritib olardi. Ammo noyabr-dekabr oylarida «ko‘mir tappi» qilish ilojsiz...

Men faqat o‘zim guvohi bo‘lgan voqeani zarbulmasal qildim. Shu paytgacha ijtimoiy tarmoqlarda yoinki ko‘cha-ko‘yda «Men borib sarson bo‘lmasdan ko‘mir oldim» degan insonni ham uchratganim yo‘q. Zo‘rg‘a yurgan qariyami, homilador ayolmi yoki nogironmi, hamma-hammasi ko‘mir olishda sarson bo‘lmoqda. Eshityapmiz, joylarda aholiga ozgina ko‘mir tarqatilib, qolgani tarqatildi, deb hujjatlashtirilib, ko‘cha-ko‘ydagi ko‘mirfurushlarga berib yuborilyapti.

Umuman olganda aholiga ko‘mir tarqatish ishlariga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar va shaxslarga savolim bor: «Qachon biz odamga o‘xshab, sarson bo‘lmasdan, tuzukroq, sifatliroq ko‘mir olamiz?». Faqat «Kelayotgan ko‘mirning bori shu» demang. Ko‘cha-ko‘ydagi ko‘mirfurushlarning ko‘mirida kukun umuman yo‘q. Xo‘sh, ular qayerdan olayapti sifatli ko‘mirni?

Necha yildan beri tegishli tashkilotlar yuqorida keltirgan muammolarni atroflicha o‘rganadilar va aholiga ko‘mir tarqatishda yengilliklar joriy etiladi, deb bong uradilar. Ammo o‘zgarish yo‘q. Hamon o‘sha repertuar, hamon o‘sha qo‘shiq.

P.S. Shu jumlalarni yozish jarayonida qishlog‘imiz hududidagi maktablar ahvolini o‘rgandim. Qishlog‘imizdagi oltita maktabning birontasiga hali ko‘mir berilmapti. Sovuqda qiynalsam men hovlimdagi daraxtni kesib yoqib turarman, ammo maktablarda bolalar sovuq sinfxonalarda qanday o‘tirishadi, o‘qituvchilar qanday dars o‘tishadi, bilmayman. Balki buni hanuzgacha maktablarga ko‘mir bermagan mutasaddilar bilishar...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring