Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qandsiz diabet ham bor: shifokor uning alomatlaridan ogohlantirdi

Qandsiz diabet ham bor: shifokor uning alomatlaridan ogohlantirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 400 milliondan ortiq kishi qandli diabetdan aziyat chekmoqda. Mutaxassislar bu ko‘rsatkich yildan-yilga faqat ortib borishini bashorat qilmoqda. 

Diabet deganda aksariyatimiz qandli diabetni tushunamiz. Qandsiz diabet ham borligini esa ko‘pchilik bilmaydi.

Xo‘sh, qandli va qandsiz diabet bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?

Ushbu savolga tibbiyot fanlari doktori, professor Zamira Halimova javob berdi:

— Qandli diabet 2 turga bo‘linib, birinchisi organizmda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmayotganligi natijasida paydo bo‘lsa, ikkinchisi hujayralarning insulinga sezuvchanligining pasayishi tufayli kelib chiqadi, — deydi mutaxassis. 

Qandsiz diabetni ham ikki asosiy turga ajratish mumkin – markaziy va nefrogen. Ko‘pincha kasallik rivojlanishi organizmda suyuqlikni ushlab turishga javob beradigan vazopressin gormonini ishlab chiqarishdagi muammolar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Shu bois, xaddan ortiq darajada, ya’ni kandli diabetga chalingan bemorlarga nisbatan ko‘p — bir kunda 5-15 litrgacha peshob ajralib chiqishi, kuchli chanqoqlik hissi bu xastalikning asosiy alomatlaridan hisoblanadi.

Me’da osti bezidagi patalogiyalar, gormonal o‘zgarishlar, ayrim dori vositalarining nojo‘ya ta’siri, o‘smalar, irsiy moyillik ham qandsiz diabetga chalinish sabablaridan bo‘lishi mumkin.

Bu belgilar qandli diabetda ham kuzatilishi mumkin. Ammo qandli diabetda ozib yoki semirib ketish, yaralarning sekin bitishi, terining qichishi kabi simptomlar ham uchrab turadi. Diabetning bu ikki turiga barcha yoshdagi kishilar, hatto, bolalar ham chalinishi mumkin.

Qandli diabetni davolash jarayoni muntazam ravishda insulin preparatini qabul qilish va parhez tutishni nazarda tutadi.

Qandsiz diabetda esa, eng avvalo, uni keltirib chiqargan asosiy kasallik o‘chog‘i bartaraf etilib, keyin qo‘shimcha vazopressin saqlovchi gormonal o‘rin bosuvchi terapiya va boshqa muolajalar bajariladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring