Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident huzurida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha taqdimot qilindi

Prezident huzurida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha taqdimot qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 mart kuni qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Yurtimiz agrosanoati samaradorlik va bozor munosabatlari jihatidan isloh qilinmoqda. Sohaga ilg‘or agrotexnologiyalar, ilm-fan yutuqlari keng joriy etilmoqda.

Bir guruh mutaxassislarimiz yaqinda Xitoy, Italiya, Yaponiyaga borib, ilmiy institutlar, yirik kompaniya va xo‘jaliklar tajribasini o‘rgandi. Shu asosida yangi hamkorlik rejalari ishlab chiqildi.

Ma’lumki, yuqori hosildorlikning birinchi omili bu urug‘chilik. Xitoy qishloq xo‘jaligi akademiyasi ekinlar urug‘i va ko‘chatchiligida katta tajribaga ega. Bizda esa qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 14 ta ilmiy institut, 55 ta urug‘chilik xo‘jaligi bo‘lgani bilan, yangi nav va agrotexnologiya masalasida oqsoqlik bor. Dehqonlar mahalliy urug‘dan manfaat ko‘rmagani uchun chet elnikini ekayapti.

Shu bois Yuqori Chirchiq tumanidagi Agroxizmatlar markazida Xitoy tajribasi asosida urug‘chilik va ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Buning uchun 200 million dollar sarmoya kiritilib, paxta, bug‘doy, sholi, makka, uzum va meva navlari ko‘paytiriladi. Urug‘ olishdan boshlab, uni zamonaviy texnika va dronlar yordamida ekish, dorilash, yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha namunaviy hudud tashkil qilinadi.

Soha uchun yana bir dolzarb masala – malakali kadrlar. Bu borada Italiyada yaxshi ta’lim tizimi bor. Birgina Bolonya universiteti Yevropani malakali mutaxassislar bilan ta’minlashda katta o‘rin tutadi. Ilmiy institutlar xususiy sektor bilan hamkorlik qilib, buyurtma asosida sifatli navlarni yaratib, tijoratlashtirayapti.

Ushbu tajribalarni o‘rganish maqsadida Italiyadagi Bolonya, Tushia, Ferrara, Piza oliygohlariga bu yil 200 nafar yoshlarimizni yuborish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Tushia universitetida yiliga 30 nafar oziq-ovqat texnologini grant asosida o‘qitish, yurtimizda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirgan.

Dunyo tajribasini o‘rganishda o‘qib, ishlash dasturlari ham qo‘l keladi. Masalan, Samarqand agrar instituti, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘tgan yili bir guruh talabalarni Germaniya va Angliyaga yuborgan. Toshkent davlat agrar hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetlari, Farg‘ona oziq-ovqat institutida talabalarni Yaponiyaga yuborish uchun yapon tili markazlari tashkil etilmoqda.

Taqdimotda rejalar qo‘llab-quvvatlanib, bunday hamkorlikni Vengriya, Niderlandiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi agrosanoat rivojlangan davlatlar bilan ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hududlarda innovatsion loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring