Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident til bayrami munosabati bilan tabrik yo‘lladi

Prezident til bayrami munosabati bilan tabrik yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr - O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan tabrik yo‘lladi. 

«Bugungi kunda yurtimizda davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzi va mavqeini oshirish, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, keyingi yillarda ko‘plab idoraviy hujjatlar davlat tiliga o‘tkazildi, 100 mingdan ortiq geografik ob’yektning nomi davlat reyestriga kiritildi, hududlardagi 150 mingdan ziyod tashqi yozuvlar davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirildi.

Yangi paydo bo‘layotgan zamonaviy tushunchalarga nom berish, so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritishni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Atamalar komissiyasining faoliyati tubdan takomillashtirildi, bu borada aniq ilmiy mezonlar ishlab chiqildi. 

O‘tgan yildan e’tiboran me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tizimi yaratilgani tegishli hujjatlarning davlat tili talablariga mos va uslubiy jihatdan puxta tayyorlanishiga xizmat qilmoqda.

Rahbarlik lavozimlariga nomzodlarning o‘zbek tili bo‘yicha bilim darajasini aniqlash maqsadida milliy test tizimi joriy etilib, qisqa vaqt ichida 3 mingdan ziyod talabgorning qariyb 1 ming 500 nafariga davlat tilini bilish bo‘yicha sertifikatlar berildi.

Davlat tili asoslarini chuqur va atroflicha o‘rganishni ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 58 nomdagi qomus, lug‘at va qo‘llanmalar ko‘p ming nusxalarda chop etildi», deyiladi prezident tabrigida.

O‘tgan davrda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida turli tashkilot va idoralarda mehnat qilayotgan 33 mingdan ortiq xodim o‘qitildi. 

«Avvalo, yuksak taraqqiy etgan demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi davlat tili butun jamiyatni, tili va millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi zarur. Bu borada har qanday xalq uchun o‘ta hassos va ta’sirchan bo‘lgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni o‘ylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz.

Teleradiokanallar va internet saytlarida davlat tilini o‘rganishga yordam beradigan dasturlarning soni va efir vaqtlarini ko‘paytirish, mustaqil til o‘rganuvchilar uchun qo‘shimcha adabiyotlar, lug‘at va qo‘llanmalar nashr etish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Raqamli makonda davlat tilini keng joriy etishga mo‘ljallangan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zbek tilini axborot texnologiyalari sohasidagi yirik dasturlar tili qatoriga kiritish choralarini ko‘rish ham dolzarb vazifamiz bo‘lib qoladi», deyiladi davlat rahbari tabrigida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring