Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident energetika tizimining qishga tayyorligini tekshirdi

Prezident energetika tizimining qishga tayyorligini tekshirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib, energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan yaqindan tanishdi.

Yil boshida kelgan anomal sovuqdan xulosa qilib, tizim salohiyati oshirildi. Avvalo, ichki imkoniyatlar to‘la ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi. Qolaversa, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda ish olib borildi. Muassasa, korxona va turar joylardagi dolzarb masalalar o‘rganilib, bartaraf etildi. Bu ishlar har bir mahallagacha yetib bordi.

– Bu yil energetika tizimini yaxshilashga barcha manbalardan 14,5 trillion so‘m berdik. Qanday xomashyo, buyum, texnika kerak bo‘lsa, olib berildi. Endi soha rahbarlari mas’uliyatni to‘liq zimmasiga olib, aniq reja qilishi va energiya yetkazib berishni kafolatli ta’minlashi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilning o‘tgan davrida 675 megavattli elektr quvvatlari ishga tushdi. Respublika bo‘yicha 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.

Aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 5 milliard kub metr kafolatli gaz manbalari hal qilindi. Yerosti omborlarida yetarlicha gaz zaxirasi jamlandi. 

Prezidentimiz sovuq kunlarda energiya resurslariga bo‘lgan talabni kafolatli ta’minlash mutasaddilarning hisobotini eshitdi.

Energetika vaziri ajratilgan mablag‘ evaziga joriy yilda qilingan ishlar va yaratilgan zaxira, kunlik iste’mol va uni ta’minlash mo‘ljallari to‘g‘risida axborot berdi. 

Qayd etilganidek, energetika tizimi 1 dekabrdan 24 soatlik ish tartibiga o‘tadi. Yaqin oylarda 1 ming 700 megavattli 8 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi, Sirdaryoda 500 megavattli gaz turbinasi ishga tushiriladi. Surxondaryodagi Sharg‘un konida 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarish boshlanadi.

Shuningdek, suyultirilgan gaz, mazut, transformator, kabel va boshqa zarur vositalarning zaxirasi tayyorlab qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, shu bilan birga, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish, ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tadbirda «O‘ztrangaz», «Hududgazta’minot», «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ham axborot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring