Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik reytingi tuzildi

O‘zbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik reytingi tuzildi

Toshkent shahri.

Foto: Xabar.uz

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik reytingi (Liveability ranking) tuzildi.

Bunda The Economist Intelligence Unit nashri tomonidan har yili dunyo shaharlari bo‘yicha e’lon qilinadigan The Global Liveability Ranking metodologiyasidan foydalanildi.

Reyting hududlardagi ijtimoiy osoyishtalik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat, atrof-muhit va infratuzilmaviy qulayliklar kabi yo‘nalishlarga oid 37 ta ko‘rsatkichni o‘zida jamlagan kompozit indeks asosida tuzilgan bo‘lib, 2020-2021-yillar uchun hisoblandi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Toshkent shahri (reyting ko‘rsatkichi 65), Buxoro (57), Navoiy (49) va Farg‘ona (48) viloyatlari 2021-yilda O‘zbekistonda yashash uchun eng qulay hududlar bo‘lgani aniqlandi.

Yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi natijalar:

  • Ijtimoiy osoyishtalik: Navoiy viloyati (69)
  • Sog‘liqni saqlash: Toshkent shahri (75)
  • Madaniyat va atrof-muhit: Toshkent shahri (70)
  • Ta’lim: Qoraqalpog‘iston Respublikasi (63)
  • Infratuzilmaviy imkoniyatlar: Toshkent shahri (85)

2020-2021-yillarda reyting holatida quyidagi o‘zgarishlar ro‘y berdi:

Farg‘ona viloyati 7-pog‘onadan 4-pog‘onaga, Toshkent viloyati 12-pog‘onadan 9-pog‘onaga ko‘tarilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 9-pog‘onadan 12-pog‘onaga, Samarqand viloyati 4-pog‘onadan 5-pog‘onaga, Jizzax viloyati 5-pog‘onadan 6-pog‘onaga hamda Andijon viloyat 5-pog‘onadan 6-pog‘onaga tushgan.

Qayd etilishicha, 2020-2021-yillar davomida mamlakatimizdagi barqaroqlik ko‘rsatkichi +1,0 punktiga, sog‘liqni saqlash yo‘nalishi ko‘rsatkichi +1,4 punktiga, ta’lim ko‘rsatkichi +3,1 punktiga, infratuzilmalar ko‘rsatkichi +0,5 punktiga ortgan, madaniyat va atrof-muhit yo‘nalishi ko‘rsatkichi -0,2 punktiga pasaygan.

Tadqiqot davrida eng yaxshi natija ta’lim yo‘nalishida qayd etilgan. PMTI mutaxassislari bu yo‘nalish bo‘yicha ijobiy natijalarni masofaviy ta’lim platformalari ishga tushirilgani, oliy ta’lim muassasalari qabul kvotalarining oshirilgani bilan izohlashdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik indeksi hududlarning kompleks rivojlanish darajasi, yashash va ishlash imkoniyatlari, turistik salohiyatini taqqoslashda yordam beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring