Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘gay bolalarini qiynoqqa solgan ayolning pushaymoni

O‘gay bolalarini qiynoqqa solgan ayolning pushaymoni

Buxoroda o‘gay bolalarini urib, ularni qiynoqqa solgan va  ularning tanasini qaynagan suv bilan kuydirgani uchun  5 yil muddatga ozodligi cheklangan ayol: «Qilmishimdan pushaymonman. Erimning amakimning qizi bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurganini eshitganimdan so‘ng alam, iztirob meni shu ko‘yga solib qo‘ygandi...»

2022-yilning iyun oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tuman sudi hukmi bilan o‘gay bolalarini urib, qiynoqqa solgan va ularning tanasini qaynagan suv bilan kuydirgan, voyaga yetmagan bolalarning og‘ziga peshob qilgan, ro‘mollarni bir-biriga bog‘lab, ularning qo‘lini eshik va derazaga tortib, ertalabgacha ushlab turgan ayolga nisbatan  5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan.

«Xabar.uz» muxbiri oradan vaqt o‘tib, o‘gay bolalarga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lib, jazo muddatini o‘tayotgan ayolning bugungi yashash tarzi va muddatni qanday o‘tayotgani bilan qiziqdi.

Muxbir bilan suhbatda ayol qilmishidan pushaymonligini, ammo, uning bunday jinoyatga  qo‘l urishga majbur qilgan omillar borligini keltirishga uringan.

«Menga nisbatan qo‘llanilgan jazoning 2,5 yilini o‘tadim. O‘zim 1989 yilda Peshko‘ tumani, «Do‘stlik» mahallasida tug‘ilganman. 2020-yilda birinchi turmush o‘rtog‘im bilan ajrashib, ota-onamning uyiga qaytdim.  Turmush o‘rtog‘im Sh.S. o‘rtamizda tug‘ilgan qiz farzandimizni menga bermadi.  Urinishlarim zoye ketdi. Iyul oyida esa qo‘shni mahalla – «Xurram» mahallasi Kallasang qishlog‘i fuqarosi - uch xotinidan ajralib, uch nafar voyaga yetmagan farzandi bilan yolg‘iz yashab kelayotgan 44 yoshli R.Ya.ga qonuniy nikohda turmushga chiqdim. Oradan bir necha oy o‘tar-o‘tmas, oramizda kelishmovchiliklar, o‘zaro janjallar yuzaga kela boshladi. Men ikkinchi turmushimdan ham ajralib qolishdan qo‘rqib, chidashga majbur edim. Keyin bu tashvishimni o‘z amakimning qizi L.R.ga bildirdim. L.R. esa mening erim bilan «gaplashib» qo‘yishini aytib, uning telefon raqamini oldi. L.R. ham turmushidan ajralgan edi. Keyinchalik  bilsam, ular ishqiy munosabatda bo‘lib kelishayotgan ekan... Shundan so‘ng erim R.Ya.ning bolalariga munosabatim o‘zgardi. Alam, iztirob, xiyonatga chiday olmaslikmi bu bilmadim, xato yo‘lda turganimni bilib tursam-da, bolalarga o‘ta qattiqqo‘llik qila boshladim. Zardali bo‘lib qoldim...»,- dedi Z.R.

O‘gay bolalarni qiynoqqa solib kelgan ona

Sud hujjatlariga ko‘ra, Z.R. turmush o‘rtog‘i R.Ya.dan homilador bo‘lgach, uning voyaga yetmagan uch nafar farzandi - tumandagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi V.R., 4-sinf o‘quvchisi J.R. hamda 1-sinf o‘quvchisi Sh.R.larga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lib kelgan. Qiz farzandi Sh.R.ni muntazam ravishda urib kelgan. Tanasining turli qismlariga qaynagan suv quyib, kuydirish orqali qiynagan. Uning oyoq, qo‘l va badanlariga qaynoq suv to‘kib, paypoq kiyib yurishga majburlagan va bu haqda biror kishiga bildirsa, uni o‘ldirish bilan tahdid qilgan.

Voyaga yetmagan qiz qo‘rqqanidan jismoniy va ruhiy ruhiy azob chekayotgani haqida hech kimga aytmagan.

Kunlarning birida Sh.R. ukasining kiyimlarini yerdan olib turgan vaqtda ayol uning sochidan sudrab urgan va itarib yuborgan. Qizaloqning ko‘zi shilinib, ko‘karib ketgan. Bundan tashqari, kenja ukasiga uydagi shirinliklardan olib bergani uchun qattiq do‘pposlagan. Kenja farzand oshxonadagi xamirni olib, g‘ijimlagani uchun uni ham yerda yotgan rezina shlang bilan urgan. Akasi «Ukamni urmang» deb zorlanib yig‘laganda, unga qo‘shib akasini ham urgan. Shu kuni kechqurun uch nafar voyaga yetmagan bolalarning qo‘lini eshik va derazaga bog‘lab, ertalabgacha shu holda qoldirgan.

«To‘g‘ri, erimning bolalarini urganman, so‘kkanman, tartibga chaqirganman. Ammo, bu qadar shafqatsizlikka bormaganman. R.Ya.ning yaqin qarindoshlarining sudda menga qo‘ygan ayblovlarini rad etganman va sudda ham shunday ko‘rsatuv berganman. O‘shanda ikki o‘g‘il o‘zaro sho‘xlik qilib, hovli yuzida o‘ynab yurishganda, termosni suvi to‘kilib, qo‘l-oyoqlarini kuydirgandi. Men esa malham surayotgan paytimda, uning yaqinlari kelib qolib, meni shafqatsizlikda ayblashgandi»,-dedi Z.R.

Ma’lum bo‘lishicha, Z.R.ning turmush o‘rtog‘i R.Ya. bu paytda Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketgan bo‘lgan. Erining yaqin qarindoshlari esa holat haqida R.Ya.ga bildirishgan. Shundan so‘ng bolalari taqdiridan xavotirga tushgan R.Ya. muhojirlikdan qaytgan. Va xotinining bu hatti-harakatlari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Qiynoqlarga chidab kelgan bolalar

«O‘gay onamning yana jazolashidan qo‘rqib, darslarga paypoq kiyib borardim. Kuygan oyoqlarim terisi paypog‘imga yopishib ketsa-da, chidardim. Idish-tovoqlarni yuvayotgan paytimda oshxona yonidagi uyga olib kirib, og‘zimga peshob qilardi. Shalvarimni yechib, orqamni ham oshxona asboblari bilan kuydirar, tayoq bilan urardi. Hech kimga  «churq» eta olmasdim. Chunki, o‘ldirib qo‘yishidan qo‘rqardim»,-degan sud-tergov jarayonida R.Ya.ning qizi Sh.R. yig‘lab.

Sudda so‘roq qilingan va guvoh sifatida ishtirok etgan maktab psixologi voyaga yetmagan Sh.R. bilan suhbatlashganida, o‘gay onasi uning qo‘l-oyog‘iga qaynoq suv to‘kib kuydirganligini  birovga bildirsa, uni o‘ldirishini aytib qo‘rqitib kelganligini, uyga kiraverish eshigi oldidagi beton zinaga sochidan ushlab urganligini, oshxonadagi xamirni olib, g‘ijimlagani uchun yerda yotgan rezina suv shlangi bilan orqa tomon bel qismidan urganligini, bundan tashqari, ro‘mollarni bir-biriga bog‘lab, ularning qo‘lini eshik va derazaga tortib, ertalabgacha ushlab turganini bildirganini aytgan.

«Xabar.uz» muxbiri jabrlangan bolalarning otasi R.Ya. bilan suhbatlashgan.

«Men farzandlarimning o‘gay ona tomonidan shafqatsizlarcha ezilishganini va qaysi kuch bilan bunday jabrlarga chidab kelishganini tasavvur qila olmayman. To‘g‘ri, taqdir taqozosi ekan, Z.R.gacha uch nafar xotinga uylangandim. Birinchi ayolimdan farzandsizlik uchun ajrashganman. Ko‘rgulikni qarangki, ikkinchi va uchinchi ayolim yosh vafot etishdi. Ulardan uch nafar farzand qoldi. Voyaga yetmagan bolalarim ona mehriga zor bo‘lmasin, ularni yuvib-tarasin, deya to‘rtinchi juvonga ham uylangandim. Afsuski, mana shunday ko‘rguliklarni farzandlarimning boshiga solgani uchun ajrashdik. Men uchun birinchi navbatda bolalarim va ularning kelajagi. Xotin – keyingi o‘rinda»,-dedi R.Ya.

Oltinchi xotin bolasini qarindoshiga pullaganmi?

Ma’lum bo‘lishicha, R.Ya. to‘rtinchi ayoli Z.R. bilan ajralgach, yana bir boshqa ayolga uylangan va u ayol ikki nafar farzandini o‘zi bilan yetaklab kelgan bo‘lgan. R.Ya. bu beshinchi ayoli bilan 4-5 oy yashagach, u bilan ham ajrashgan.

«Shundan so‘ng R.Ya. avvaldan ishqiy munosabati bo‘lgan mening amakimning qizi L. R.ga noqonuniy uylandi. L.R. ham bir nafar o‘g‘il farzandini o‘zi bilan yetaklab kelgan. Ikkinchi farzandini esa Yangibozor tug‘ruqxonasiga dunyoga keltirgan va chaqaloqni uzoq yildan buyon farzandsiz yashab kelayotgan qarindoshlaridan biriga pullab yuborgan. Hozircha turmush o‘rtog‘im bilan noqonuniy nikohda birga yashab kelishayapti»,-dedi Z.R.

 R.Ya. esa qonuniy nikohida bo‘lmagan va ayni paytda birga yashab kelayotgan ayoli L.R.ning ikkinchi farzandini haqiqatan ham yaqin qarindoshlaridan biriga rasmiy hujjatlar bilan berib yuborgani haqida so‘zladi.

R/S: Fuqaro L.R. tomonidan chaqaloqning yaqin qarindoshga rasmiy hujjatlar orqali rozilik bilan berilgani yoxud uning sotib yuborilgani to‘g‘risidagi masalaga oydinlik kiritishni huquq-tartibot organlariga havola qilamiz.

Aliment to‘lashni istamayotgan ota

«Yetim bolalarimga o‘gaylik qilgan Z.R. mendan bir nafar o‘g‘il farzand ko‘rdi. O‘g‘limni o‘zi bilan olib ketdi. Men farzandim uchun aliment to‘layapman. O‘z o‘rnida Z.R. ham birinchi turmush o‘rtog‘iga tashlab kelgan qiz farzandi uchun aliment to‘layapti. Uning mening yetim bolalarimga shafqatsiz munosabatda bo‘lib kelgani uchun aliment to‘lashni istamayman»,-deydi R.Ya.

Oila kodeksida har qanday holatda ham ajrashgan ota yoki ona farzandi voyaga yetgunga qadar aliment to‘lashga majburligi ko‘rsatilgan.

5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini olgan Z.R. ota-onasining uyiga qaytgach, oilaviy o‘zaro kelishmovchiliklar sabab oradan ko‘p o‘tmay, u hovlidan ham chiqqan. Ayni paytda tuman markazi - Yangibozor massida bir nafar o‘g‘li bilan ijarada turib yashab kelmoqda.

«Z.R.ning o‘gay bolalariga munosabatiyu, unga sud tomonidan to‘g‘ri kvalifikatsiyalanib qo‘yilgan ayblovdan xabardorman. Biroq, uning yurish-turishi, axloqida salbiy jihat kuzatmadik. Ayol adashgan va turmush yo‘lidagi chigalliklar, qarama-qarshiliklar va boshqa turli holatlar sabablar bilan o‘z aqliga bo‘ysinmagan holatda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan «o‘gay»ligini ko‘rsatgan. Chalkash taqdirlarning achchiq zarbasini bolalar tortishgan. Qilmishlari jabrini tortayotgan bo‘lsa ham, ajabmas. Holidan xabar olib turibmiz. Pandu maslahatlar berilyapti. Ichki ishlar xodimlarining ham doimiy nazoratida»,-deydi Yangibozor MFY yig‘ini raisi.

Sud-tergov harakatlari davomida Z.R. o‘zining shafqatsiz xatti-harakatlarini to‘la tan olmagan va qisman iqrorlik bildirgan. Sud tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazi Romitan filiali xulosasiga ko‘ra esa, Z.R.ning shafqatsiz xatti-harakatlari to‘la tasdiqlagan.

«Sud tomonidan sudlanuvchining aybiga to‘la iqror bo‘lmaganini javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida keltirilgan vajlar, deb hisoblandi. Sudlanuvchi Z.R.ning voyaga yetmagan bolalarni muttasil ravishda urib, qiynaganlikda ifodalangan  harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi ’a’ (qiynash) bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilindi. Biroq, Jinoyat kodeksining 55-moddasiga (jazoni yengillashtiruvchi holatlar) asosan, unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ammo, u bundan ortiq jazoga munosib edi. Afsuski, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandi borligi bois, unga qamoq jazosini qo‘llay olmadik», - deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshko‘ tumani sudi raisi Farrux Ikromov.

Z.R. suhbatga yakun yasar ekan, birovning bolasiga nisbatan qilgan xatti-harakatlaridan pushaymonda ekanini bildiradi.

Tavbada yashayotgan «o‘gay ona»

«Taqdir zarbalari oldida chidamsizlik qildimmi, bilmadim, qilmishimni, birovning bolasiga yetkazgan ozorlarimni eslab, pushaymon bo‘laman. Ko‘z oldimda birinchi turmush o‘rtog‘imning menga bermagan qizimni keltiraman. Ularning o‘rnida o‘zimning qizim bo‘lganida-chi, degan hadik bilan  cho‘chib tushaman. Pushaymonlik va tovbadaman»,-deydi Z.R.

— Nimani istaysiz?,—savol beramiz.

«Meni shunchalikka olib borgan o‘sha paytdagi holatimni menga yetti yot bo‘lgan odamlar o‘qishsa, to‘g‘ri tushunishlarini, meni qahrlarida eslamasliklarini, g‘azablarida la’natlamasliklarini, kechirishlarini istayman»,-dedi Z.R.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring