Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nogiron bolasini tashlab ketib, o‘zi qo‘ltiqtayoqqa suyanib qolgan ayol qismati

Nogiron bolasini tashlab ketib, o‘zi qo‘ltiqtayoqqa suyanib qolgan ayol qismati

Xizmat safari bilan Qarshiga yo‘l oldim. Ishlar ko‘payib ketgani bois, uzoq yo‘lga tushlikdan keyin chiqishga to‘g‘ri keldi. Chamasi, soat 18:30 larga yaqinlashganda, amallab manzilga yetib keldim. Hartugul, bizga kerakli korxona rahbari ham kutib turgan ekan. Suhbatimiz yarim soatlarcha davom etdi. Kelgusidagi hamkorlik shartnomalari imzolandi. Xayrlashdik. Zudlik bilan yana ortga – Buxoroga qaytishim kerak. Qarshi bekatidan Buxoro yo‘nalishidagi taksilardan biri «yurish»ga shay ekan. Tezgina joylashib oldim. Orqa o‘rindiqdan inqillagan tovush eshitildi. Beixtiyor o‘girildim. 40 yoshlar chamasidagi ayol. Ikki qo‘ltiqtayog‘ini qo‘llari orasiga mahkam ushlab olgan. Tushkun va o‘ychan. O‘ziga qaramagan. Yonida esa yosh yigit.

- Yana bir kishi kerak, Buxorogacha!-deya yon-atrofdan mijoz izlab baqirib chaqiryapti haydovchi.

- Uf-f, kech qolmasam bo‘ldi, onamni xavotirga qo‘yadigan bo‘ldim. Shu kechlikda haydovchining ham yana mijoz izlashini qarang!-dedi yigit bezovtalanib.

- Ha-a... onangizga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirib qo‘ying!-dedim.

- Tushuntirganim foydasiz, opa, rosa ichikadilar vaqtida yetib bormasam...

- Haa... onalar shunday...

Tashqaridan hali-hanuz haydovchining «Yana bir kishi kerak, Buxorogacha!»-degan ovozi takror-takror kelardi.

- Aka, keling, shu bir kishilik joy uchun ham o‘zim to‘layman. Ustiga-ustak, bu opaxon ham bemalol ketishlari kerak,-dedi yigit yonidagi qo‘ltiqtayoqli ayolni ishora qilib.

Bu gap haydovchiga moydek yoqib tushdi. «Gap yo‘q!» deya zudlik bilan mashinasiga o‘tirdi. Biz Buxoroga qarab yo‘lga tushdik...

Yo‘lbo‘yi hammamiz yaxshi suhbatdosh chiqib qoldik. «Mozorbosdi» deya xarid qilganimiz Qarshining patirlariyu, tandir go‘shlaridan bir-birimizga ulashib keldik.

- Ukajon, tun cho‘kdi. Muborakning Qarluq qishlog‘idanman. Agar hamrohlarim yo‘q, deyishmasa, meni uyda qoldirib ketsangiz... to‘g‘ri olis, ammo, yarim kechada yo‘lda qolib ketamanmi, deyman-da..,-dedi ayol va qimtinib,- qo‘shimcha to‘layman,-deya qo‘shib qo‘ydi.

Qo‘ltiqtayoqli ayol Qashqadaryoning Muborak tumanidagi Qarluq qishlog‘idan ekan.

Haydovchi biroz o‘ychan qoldi.

- Endiiii...

- Men bemalolman, oilamdagilarni tinchlantirdim, ammo, anu yigitchaning onasini ko‘ryapsiz, tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib, bezovtalanyapti,-dedim men.

Suhbatlar ancha qizigan, hamrohlar bir-birimizga «yuz yillik» tanishlardek bo‘lib qolgandik-da, bir necha soatda. Shu boismi, haydovchi xiyla tortib:

- Opa, o‘g‘ilbola gap, vaziyatingizni ko‘rib turibman, siz aytayotgan qishloq ancha olis. Pulingiz kerakmas. Manzilingizga olib borib qo‘yaman. Ammo, gap hamrohlarda..,-bizga qarab ishoralandi haydovchi.

Orada biroz jimlik cho‘kdi...

- Allo, onajon!

- Ha, bolajonim, yaqinlashib qoldingmi?

- Bir iltimosim bor edi, onajon!

- Tinchlikmi, bolam?!

- Biz Muborakka kirib kelyapmiz. Buxoroga yaqin manzil. Ammo, hamrohimiz shu tumanning sal uzoqroq qishlog‘idan ekan. Qo‘ltiqtayoqda. Shunga hamrohlar o‘rtoqlashib, opaxonni uylarigacha yetkazib qo‘ymoqchi edik...

- ...

- Nima deysiz, onajon?! Bu kishiyam kimningdir onasi... Shunga-a...

- Xo‘p, bolam, nimayam derdim, savob ish, yo‘lda qoldirmanglar, yo‘llaring oq bo‘lsin, sog‘-salomat yetib kelinglar! Duodaman!

- Rahmat, onajon!

Biz avtoulovdagi hamrohlar ona va bolaning suhbatidan bahra oldik.

- Vo-o, mujik ukam. Sen menga saboq bo‘lding, bor-ku!. Hatto, o‘zimdan o‘zim uyaldim. O‘ylab qarasam, onam bilan gaplashganimga uch-to‘rt kun bo‘libdi. Shu vaqt ichida ish va yo‘l bilan bo‘lib, qo‘ng‘iroqlariga ham javob bera olmabman..,-o‘zini-o‘zini koyidi haydovchi va orqa o‘rindiqda o‘tirgan qo‘ltiqtayoqli ayolga qarab,-ana, opa, shunday o‘g‘illar ko‘paysin, yukingiz yerda qolmaydigan bo‘ldi.

- Rahmat, o‘g‘lim, rahmat,-deya siniqib so‘zladi ayol.

Qarluq qishlog‘i haqiqatan ham ancha olis yo‘l ekan. Cho‘l oralab, qumbarxanlari oralab ketyapmiz. Cho‘l qumlarida ko‘zlari yonib turgan yurmonqoziqlarning avtoulov chirog‘idan cho‘chib, sakrab-sakrab qochishlarini tomosha qildik. Saksovul, yulg‘un daraxtlarning, sarg‘ayib qolgan isiriqlarning bir-biridan bo‘y taloshib yotganini ko‘rdik...

Ammo, kayfiyatlar a’lo, ruhimiz tetik edi. Chunki kutilmagan tungi «sayr»ning ham o‘ziga xos gashti bor edi.

 ...Va nihoyat, biz ayolning manziliga yetib keldik. Atrof qop-qorong‘u, qishloq ko‘chasida chiroq yo‘q. Boshqa hovlilarda ham chiroqlar yoqilmagan. Faqat bir-birimizni tun oyining g‘ira-shirasida ko‘rardik.

- Tushinglar, mehmonim bo‘linglar!-dedi ayol qo‘ltitayog‘iga tayanib, mashinadan tushar ekan.

- Darvozingizni qoqaman, opaxon!-haligi yigit opaning yelkasiga ilingan xaltasini olib, o‘zidan javob ham kutmay, darvozani qoqa boshladi.

E’tibor qilsak, yigitning ham oyog‘i ancha oqsagan, chap qo‘l barmoqlari ham yo‘q ekan...

Shu payt haligi qo‘ltiqtayoqli ayolning «Hech kimim yo‘q, bolam...»- deya uniqqani eshitildi.

Hammamizning ko‘nglimiz behuzur bo‘ldi... Ayol egnidagi kirchil choponining cho‘ntagidan kalitni chiqardi. Yigit darvozani ochdi. Shu paytda «gurillab» turgan mashina «taq-tuq» qilib o‘chdi qoldi.

- Obbo-o, motori o‘tirdi, shekilli,-mashinasidan tushdi haydovchi,-kun sovug‘idayam qizib ketgan, shekilli...

Mashinasining kapotini ochgan haydovchi angraydi-qoldi. Peshonasi tirishdi, qoshlari chimirildi. Mashina ustabop bo‘lib qolgan ekan.

- Endi nima qildim, bu yerda bir tanish-bilish ham bo‘lmasa. Ko‘rinishidan ustaxonayam yo‘qqa o‘xshaydi. Yigit va haydovchi o‘yga tolishdi. Qo‘ltiqtayoqli ayol bunda o‘zini aybdor sezib, tinmay o‘zini-o‘zi koyirdi.

- Endi temir-da, opa! Ayb sizdamas!-dedi haydovchi va mashinasini tuzatishga urinishga harakat qildi. Men qo‘l telefon chirog‘ini tutib turdim.

- Allo, onajon!

- Yaxshi kelyapsizlarmi, bolam!

- Onajonim, ichikmang, xudo xohlasa, yetib boramiz,-deya vaziyatni tushuntirdi.

- Menga qara, Kogon (Buxoro) bilan Muborakning orasi bir qadam. Sen menga manzilni tushuntir, akang bilan bir zumda yetib boramiz!

- Yo‘q, onajon, qo‘ysangiz-chi! Hamrohlarni qoldirib ketolmayman.

- Ko‘nglim nimagadir notinch-da, bolam!

Shu payt haydovchi haligi yigitni chaqirib qoldi.

- Asror, ukajon, kel, yordamlashvor!

- Xo‘p, hozir,-dedi va yigit menga qo‘lidagi telefonni tutqazib,-opajon, onajonimga tushuntiring, yeru-ko‘kka ishonmaydilar erka o‘g‘illarini,-dedi miyig‘ida kulib.

- Biz hamrohlikda kelayotgandik Qarshidan. Yo‘lda shunaqa texnik nosozliklar bo‘lib qoldi-da. Asrorjon hozir haydovchiga yordamga shoshgandi,-dedim.

- Opammisiz, singlimmisiz, ammo, iltimos, ayting, Muborakning qaysi qishlog‘ida edingizlar hozir?

- Qarluq, deyishdi, adashmasam...

- Mayli, xayrli bo‘lsin,-deya telefon go‘shagini qo‘ydi suhbatdosh.

Yo‘lovchilar tajangmiz, hammamiz oilamizdagilarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni tinchlantirdik...

Urinishlarga qaramay, mashinani tuzatish imkoni bo‘lmadi. Qo‘ltiqtayoqli ayolning xonadonida tunashimizga to‘g‘ri keldi.

Chog‘roqqina hovli. Ta’mirga muhtoj. Devorlari to‘kilib ketgan. Xona ichlaridan namiqqan hid keladi. Oshxonasi ham sharoitsiz... Haydovchi ayvonda terib qo‘yilgan o‘tin va tarashalarni uyga olib kirib, qo‘lbola pechni yoqishga tushdi. Birpasda xonani tutun qopladi. Pechka karnaylarining ulanish qismidan buralab tutun chiqayotgan ekan. Haydovchi tezda bir idishda suv va tuproq qorib, eski lattaga bog‘lab, pech karnayiga aylana qilib o‘radi. Tutun chiqishi to‘xtadi. Bolalikni eslab kulishdik. Miltillab yonayotgan gazda suv qaynatdik. Yigitcha bilan birga qo‘ltiqtayoqli ayolga ko‘maklashib, kamtargina dasturxon tuzadik. Qand-qurs, meva-chevalar tortildi dasturxonga. Issiqqina choy bilan shirinliklar tanovvul qilib, ancha ilidik.

Hol so‘rashdik, ahvol so‘rashdik, nega yolg‘izligini ham so‘radik.

Ayol indamadi. Ayol gapirmadi. Jim va sukutda qoldi.

- Farzandim yo‘q,-chuqur xo‘rsindi,-borini ham yo‘qotganman... o‘zimning bevoshligim sabab...

- Qismat har kimning o‘zi bilan, mayli, o‘tmishingiz qanday kechgan, eslatib, yarangizni yangilamaylik, onajon,-dedi beixtiyor Asrorjon.

Ayol shu topda yig‘lab yubordi. Qo‘llari qaltirab, piyolasidagi choy to‘kilayozdi.

- Men umrimda birinchi bor o‘zimga «onajon» degan so‘zni eshitdim...

Suhbat ancha uzoq davom etdi. Dasturxon ustida suhbat qizidi. Yetti yot begonalar xuddi uzoq yillik tanishlardek bir-birimizga kirishib ketdik.

Anchadan keyin Asrorjon barmoqsiz qo‘llariga tayanib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uy burchidagi eski kravotga o‘tirib, o‘ng qo‘li bilan oyoqlarini yozib, uqalagan bo‘ldi.

- Bir muddat mizg‘ib olsam, maylimi?

- Uxlay qol, bolam, uxlay qol,-deya ayol emaklab borgan ko‘yi yigitning ustiga, deb yopinchiq uzatdi.

Yopinchiqqa qo‘l uzatayotgan yigitning barmoqlari yo‘qligiga endi ko‘zi tushdi, shekilli, ayol zum qotib qoldi. Rangi oqarib ketgudek tebrandi.

- Qo‘-o‘-o‘ling... barmoqlaring..,-so‘radi ayol.

- Qo‘rqib ketdingizmi, ha-a, e’tibor qilmang, tug‘ma, oyog‘im ham shu..,-deya miyig‘ida kulib qo‘ydi yigit.

Bir yigitga, bir uning barmoqsiz qo‘llariga qarar, titrardi ayol. Uning gangib qolganini shunchaki bir ko‘rishda cho‘chigan bo‘lishi mumkinlikka yo‘ydik.

- Qalb butun bo‘lsa bo‘ldi. Asrorjon bizniyam mehrimizni qozondi. Onasigayam juda mehrli ekan. Havas qilsa, arziydigan yigit,-dedi haydovchi.

Ayol esa bir og‘iz so‘zlolmas, mung‘aygan ko‘yi krovatda cho‘zilib yotgan Asrorjondan ko‘z uzolmay qolgandi.

- Men ham shu yerda cho‘zilaman. Opajon, siz ham bemalol cho‘ziling, endi yo‘l noqulayliklariga sabr qilamiz. Halizamon tong otadi,-dedi menga qarab haydovchi.

- Siz uxlamang, aka, pechka o‘chib qolsa, kim tarasha tashlaydi, sizni deb tonggacha qotib qolmaylik,- qah-qahlab kuldi Asrorjon.

- Bo‘ldi, sergakman, ham uxlayman, ham o‘zim pechkaga qorovullik qilaman,-kuldi haydovchi ham.

Miltillagan chiroq ostida har kim joy-joyida uyquga ketdik.

...Bir payt uyg‘onsak, tong otgan, atrof yorug‘lanib, quyosh ko‘tarilayotgan ekan. Asrorjonning qo‘l telefoni jiringlamasa, hali-hanuz yotib qolaverar ekanmiz.

- Allo, onajon, assalomu alaykum!

- Vaaleykum assalom, uxlabsanmi, deyman-da, o‘g‘lim?

- Boriyzga shukur, qo‘ng‘iroq qilmaganingizda, haliyam uxlayverar ekanmiz,-qah-qah otib kuldi Asrorjon.

- Biz keldik. Qarluqdamiz.

- Nim-ma-a?

- Ha!

- Obbo-o-o!-Asrorjon apil-tapil o‘rnidan turib, kiyinar-kiyinmas hovliga chiqdi. Onasiga manzilni tushuntirib, ko‘chada kutib turishini aytdi.

Biz ham hovliga chiqdik. Bu paytda qo‘ltiqtayoqli ayol qumg‘onga issiq suv solib, daraxt shoxiga sochiq ilib qo‘ygan ekan...

Oradan ko‘p o‘tmay, darvozadan Asrorjon onasi va akasi bilan kirib keldi.

- Men sabab hamrohlarim shunaqa vaziyatda qolishdi,-deya bir gapirib, bir kulib, qo‘ltiqtayog‘i bilan hovliqqancha ularga peshvoz chiqayotgan ayol zum o‘tmay, turgan joyida muzlab qoldi. Asrorjonning onasi ham unga qarab dong qotdi.

- As-sa-lo-mu a-alay-ku-uum..,-zo‘rg‘a so‘zladi qo‘ltiqtayoqli ayol.

- Nar-gi-za!- serzarda tikildi Asrorjonning onasi unga.

- ...

- Se-yen!

- ...

Qo‘ltiqtayoqli ayol boshi aylanib, tebrandi. Qo‘ltiqtayog‘iga suyana-suyana turgan joyida o‘tirib qoldi. Ko‘zlari mo‘ltayib, bir darvozadan kirib kelgan ayolga, bir Asrorjonga qarardi... Tili duduqlanib:

- Nodima ovsinjo-o-on,-hushdan ketdi, yiqildi qo‘ltiqtayoqli ayol.

Asrorjonning «Onajon, nima bo‘layapti, bir-birlaringizni qayerdan taniysizlar, ayting!»-deyishiga qaramay, Nodima ikki o‘g‘liga hushdan ketgan ayolga ko‘mak berishlarini buyurardi.

Qo‘ltiqtayoqli ayol – Nargiza hushiga zo‘rg‘a keldi.

- Biz seni o‘lib ketgan, deb yuribmiz! Tirik ekansan-da!

- Allohning jazosini tortyapman!

- O‘lganing yaxshi edi,-nafratomuz so‘zladi Nodima.

- Onajo-on, bu nima deganingiz?!-hayron qoldi Asrorjon.

- Bo‘linglar, ketdik, bir zum ham qolmaymiz bu yerda. Bu ayol la’nat tekkan, qarg‘ish urgan!

- Tushunmadim, onajon?

- Bolaaaaaaam, o‘g‘liiiiiim, meni kechiiiir, Nodima,-qo‘rqinchli hayqiriq bilan uvvos tortdi Nargiza.

- O‘g‘lim, dema, u sening o‘g‘ling emas!-terslandi Nodima.

- Meni ke-yechi-ir... o‘g‘li-i-im..!-takrorladi ayol yana.

Asrorjon anqayib qoldi.

***

Men sho‘rlikni kechir, bolam. Bundan 18 yil oldin bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘im vaqtni tig‘iz bilibmi, to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tmadi. Ammo, qandaydir yo‘llar bilan sog‘lomligi haqida tibbiyot varag‘ini yozdirib olgan ekan. Ne-ne orzu-umidlar bilan elga osh berib, to‘y qilgan ota-onamning, mening orzularim sarob bo‘ldi. Kelinlikning uchinchi kuniyoq erimning giyohvandligi ma’lum bo‘ldi. Bularning barini to‘yga qadar aniqlash va chora ko‘rish mumkin edi. Giyohvand erimning xurujlari bir taraf, ota-onam, akalarimning «er uyidan qaytmaysan» deyishlari bir taraf bo‘ldi. Nodimaning ham mening yonimda turib, bergan ko‘maklari zoye ketdi. Kaltak va zarbalar ichida qolgandim. Shu zarbalar ostida o‘g‘il farzandli bo‘ldik. Afsuski, u nogiron tug‘ildi. Chap qo‘l barmoqlari yo‘q, bir oyog‘i ham ikkinchi oyog‘iga nisbatan ancha oriq va nimjon edi. Do‘xtirlar uni «tug‘ma nogiron» deyishdi. Dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘ldi. Qaysi yurak bilan bu ishni qilganimni bilmayman: nogiron chaqaloq va giyohvand erimni tashlab, qo‘shni viloyatlardan biriga qochdim. U yerda ko‘zimga mehribon bo‘lib ko‘ringan va go‘yo taqdirimga achinib, menga ish taklif qilgan xotin, aslida, ayollar va erkaklar maishati ortidan kun kechirar ekan. Men ham asta-sekin shu «ish»ga ko‘nikdim. Hatto, o‘zim ham u xotinning «qo‘lini olib» ulgurgan edim. Boshi devorga tekkan qiz-juvonlarni pullab, tirikchilik qila boshladim. Bizni ushlashdi. Qilmishlarim jazosini oldim. Nojoiz xatti-harakatlarim uchun uch yil «o‘tirib» ham chiqdim. Turmada jazo muddatini o‘tayotganimda, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Menda OITS aniqlandi...

Yillar yeldek o‘tdi. Turmadan chiqib, onam bilan qo‘ng‘iroqlashdim. Onam qaytmasligimni, borsam otam o‘ldirib qo‘yishini aytdi. Qarindosh-urug‘larim ham mendan yuz o‘girgan ekan. Giyohvand erim ham vafot etgan, o‘g‘limiz ovsinimiz qo‘lida qolgan ekan. Bir paytlar nogiron, deb tashlab ketganim - o‘g‘limni ko‘rish uchun qilgan harakatlarim zoye ketdi. Shu dard bilan Buxorodan – Kogon tumanidan yig‘lab bir necha yil ijarama-ijara sang‘ib yurganim - Samarqandga qaytayotganimda, avtoavariyaga duch keldim... Haydovchi asli Qashqadaryoning Chiroqchisidan ekan. Meni «Tez yordam»da kasalxonaga olib kelishganidan tortib, tuzalib oyoqqa chiqqunimcha qaradi. Hayotim, o‘tmishimni eshitib, nafratlandi ham. Ammo, jismonan yaroqsiz bo‘lib qolgandim. Uy-joyim, hech kimim yo‘qligini bilgani uchun ham Qarluq qishlog‘ida xolasidan qolgan qarovsiz hovli borligini, shu yerda yashashimni aytdi. Mana, necha yillarki, shu yerda timirskilab yuribman. Yomonga o‘lim yo‘q ekan, Xudoyam jonimni olmadi. Taqdirning jazosini qarang, bir paytlar men nogiron, deb tashlab ketganim - o‘g‘lim bilan tasodiflarda yuzlashtirdi, odamlar ko‘rsa, jirkanadigan, jisman zaif va qo‘ltiqtayoqda holimda yuzlashtirdi. Vaqtida, burgaga achchiq qilib, jirkanch botqoqqa botganim jazosi bo‘ldi bu. Men tobora o‘z iskanjasiga tortayotgan o‘limdan emas, o‘z tuqqan farzandim bilan yuzlashtirishidan qo‘rqib yashagandim. Shu dard meni tuproqqa qorishini istab yashadim. Afsus.

- Bo‘ldi, bas, yetar! – Asrorjon boshlarini changallab ushladi,- mening onam bitta, mening o‘z onam bor!

***

Nodima o‘z mashinasida haydovchi mashinasini Muborak tumani markazidagi ustaxonagacha sudrab keldi. Haydovchiga kira haqini to‘lab, rozilik olib, Nodimaning mashinasida qaytdik. Hamma jim. Sukut uzoq cho‘zildi.

- Mendan hech nima so‘rama, o‘g‘lim. Men sening onangman! Sen mening bolamsan!

- Menga 19 yil davomida aqalli, bir marta ham qattiq gapirmadingiz. To‘polon qilganimda ham, akam bilan janjallashganimda ham mening boshimni siladingiz..,-pichirladi Abbosjon.

- Ha-a, aslida, men o‘gay bo‘lgan ekanman-da, chunki hamma tosh mani boshimga kelib singan,-qah-qah otib kuldi akasi.

Sukutni hazilomuz kulgi buzdi.

- Qish tugagach, akang bilan kelib, Naziraning hovlisini yengilgina ta’mirlab ketasizlar. Otasi ham, onasi ham shu dardda o‘lib ketdi. Endi u ko‘makka muhtoj. Senlardan boshqa hech kimi yo‘q. Uni shunday holatda tashlab qo‘ysak, undan farqimiz qolmaydi..,-dedi Nodima va bir qo‘lini o‘rindiq orqasida men bilan yonma-yon o‘tirgan Asrorjonga cho‘zdi. Barmoqlari yo‘q qo‘lidan o‘pib qo‘ydi...

***

Manzilga yetgach, xayrlashib mashinadan tushdim. To ko‘rinmay qolguncha, ularning ortidan tikilib qoldim...

Laylo Hayitova

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring