Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhojir ayol hikoyasi: «G‘ururlilar va dangasalar bu yerlarda ishlolmaydi»

Muhojir ayol hikoyasi: «G‘ururlilar va dangasalar bu yerlarda ishlolmaydi»

foto: pinterest.com

Turkiyaga kelganiga 5 yildan oshgan Dilobar (ismi o‘zgartirilgan) shu kunlarda kasal bo‘lib yotib qolgan. Aytishicha, istanbullik xonim (uy sohibasi) tozalik «jinnisi» ekan va 3 qavatli uyidagi 10 ta xonani changyutgich bilan emas, qo‘lda artib-tozalashga majbur qilar ekan. Dilobar har kuni 3-4 soat pol artganidan so‘ng ovqat pishirish, kir yuvish, dazmol ishlari bilan ham mashg‘ul bo‘lishi kerak. To‘ladan kelgan, ammo g‘ayratli 38 yoshlardagi bu ayol «shu paytgacha bunday zolim xonimi bo‘lmagani»ni aytdi.

– Yotib qolganimdan so‘ng ilojsiz ketishimga ruxsat berdi. Ijara uyimga zo‘rg‘a yetib keldim. U yerda ishlashga puliga qiziqib borgandim.  

Telegram ijtimoiy tarmog‘ida Turkiyadagi o‘zbeklar uchun bir nechta kanal bor. Ulardan birini hamisha kuzatib boraman. 19 mingga yaqin a’zosi bor, har kuni kamida 7-8 ta e’lon qo‘yiladi: asosan, ish va ijara uylar haqida, har bir e’londa 10-15 tadan variantlar bo‘ladi. Bu tizim shunday mukammal yo‘lga qo‘yilganki, masalan, avvallari ish topib beruvchi shirkat ish izlovchidan unga munosib joy topib bergani uchun pul olgan bo‘lsa, endilikda bu shirkat ishchi topib bergani uchun naq patronning o‘zidan mo‘maygina pul oladi. E’lon matnlari ustalik bilan tuzilgan, uni o‘qigan kishining beixtiyor yollanib ishlagisi kelib qoladi. «Ish qiyin emas, juda oson», «Patronlar (shirkat, uy egasi) zo‘r», «oylik 500, 600, 700 va hatto er-xotin uchun 1000 dollar», «yashash va ovqatlanish patron (shirkat) hisobidan» kabi...

Bunday e’lonlarni minglab o‘zbekistonliklar o‘qiydi. O‘z yurtida biror ish topolmayotgan, nima qilishga boshi qotayotgan, o‘qishga imkoni bo‘lmagan yoki oilasi buzilib, farzandlari bilan uy-joysiz qolgan qanchadan-qancha qiz-ayollar uchun bunday e’lonlar najot kabi, «mana u!» bo‘lib ko‘rinadi. «Bo‘larkanu, dalada qorayib 3-4 so‘mga ishlagandan ko‘ra ming marta yaxshi-ku! Ham chet elni ko‘raman, ishi ham oson deyapti», – deya tushuna boshlaydi O‘zbekistondagilar. Ammo bu «uzoqdagi bug‘doy»ning aslida qanchalar mashaqqatli mehnatdan iborat ekani, ko‘pincha shunday e’lonlar ortidan xotin-qizlarimizning aldanib qolayotganlari bugun ko‘pchilikka ma’lum.

Men Dilobardan birovning uyida xizmat qilish qanday bo‘lishi haqida so‘radim.

 – Kelishuvdan so‘ng xonadonga borasiz va eshiklar yopiladi siz uchun. Bundan so‘ng bir xonadonning istaklarini bajaruvchi xizmatkorga aylanasiz. E’tiroz qilolmaysiz. Ular xohlagan ishni bajarasiz. Ba’zan kechalari ham chaqirib qolishadi, «choy yoki biror ichimlik olib kel» deb. Shuning uchun avval boshdan shartnoma imzolayotganda yoki og‘zaki shartlarning har bir punktini avvaldan kelishib olish kerak. Turkcha bilmasangiz yoki unchalik tushunmasangiz, bu suhbatga turkchani yaxshi biladigan tanishingizni ham chaqiring. Ayni shu nuqtada, ya’ni kelishuvga qadar siz va sizni xizmatkorlikka olayotgan oila boshlig‘i bilan ikki madaniy inson kabi gaplashasiz va kelishuv bitgandan so‘ng biringiz Xonim (Bey)ga, ikkinchingiz uning xizmatkoriga aylanasiz.

O‘zbekistondan Turkiyaga ishlagani kelayotgan xotin-qizlarimizning o‘zlariga yarasha sabablari, kelish bilan bog‘liq achchiq hikoyalari bor. Ammo ularni birlashtiradigan yagona sabab chorasizlikdir. Ular yurtni tashlab, begona davlatda ishlashga qaror bergan daqiqalaridan boshlab, vatanda, oilasida o‘zlarini baxtsiz qilganlarni, g‘urbatda yoqqanlarni, kamsitganlarni, ko‘chaga uloqtirganlarni va odam o‘rnida ko‘rmaganlarni unutmoqqa harakat qiladi. «Men hali kim ekanligimni ularga ko‘rsataman!» deydi ayol... «Ishlayman, pul to‘plab, uy olaman!». Kuzatuvlardan bilganim shuki ularning ko‘pchiligi hech qayerdan yordam, ko‘mak ololmaganlar... na qarindosh, na yaqinlaridan.

Bu nuqtadan so‘ng ayol hech qachon ortga qaytmaydi. Aynan shu nuqta ayolga o‘z qiymatini, g‘ururini, mehnati qadrini unuttiradi. Bizning fojiamiz aynan shu nuqtadan boshlanadi...

Dilobar bu yerda bir turk erkak bilan shar’iy nikohdan o‘tgan, ya’ni, erkakning boshqa oilasi bor.

 – Bir haftalik og‘ir mehnatdan so‘ng, ayol kimgadir kerakligini his qilgisi keladi. Biz ham odammiz, axir. Uyga, bolalarga ishlagan bor pulni jo‘natyapmiz, bu inson ham yordam beradi – pulimga biroz bo‘lsa-da, qo‘shimcha qiladi. Bu yerda yashash uchun, ehtiyojlar uchun ham pul kerak-ku? Uydagilar biror marta «to‘xta-chi, bizga pul yuboryapsan, lekin o‘zingga qoldimi? Tirikchiligingga yetarli puling bormi? O‘zing nima qilyapsan, qiynalmayapsanmi?», deb hech qachon so‘rashmaydi. Boy-badavlat oilada yashayapti, hamma narsasi yetarli, deb o‘ylashadi. Ammo bir oilada XIZMATKOR bo‘lish qanchalar qiyin ekanligi, ba’zan g‘ururingni oyoq osti qilishing kerakligi haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi..

Yana o‘sha muhojirlarning telegramm kanaliga qaytsak. U yerda, aytganimdek, ish e’lonlaridan tashqari ijara uy xabarlari ham bor. Deyarli hammasi sherikli ijara-uylar. Bir xonadonga 3-4 va hatto 7-8 kishi ham olishadi. Bunday gavjum ijaralarda insonlar ba’zan shaxsan o‘ziga tegishli 1 metrlik joyga ham ega bo‘lavermaydi. Chunki ijara uylar qimmat Turkiyada. Boz ustiga, mehnat muhojirlarini har kim ham uyiga qo‘yavermaydi. Ular, asosan, bodrum (yerto‘la) qavatda joylashgan xonadonlarda yashashadi. Ya’ni, eng arzon ijara-uylar.

Men Dilobardan «qanday ayollar Turkiyadagi ishlarda ishlolmaydi?» deb so‘radim. Zero, bu eng muhim savol edi.

 – G‘urur yopgan («g‘ururini har narsadan ustun qo‘ygan» demoqchi), dangasa, o‘zini osmonda deb bilgan ayollar. Ha, yana tillani sevmagan ayollarning ham bu yerlarda qiladigan ishi yo‘q.

Dilobar – yaxshi ayol. Odamoxun, quvnoq, mehribon. Ammo har narsani pul bilan o‘lchaydi. Balki bu ayni jamiyat uchun o‘rinlidir... Zero, buni Dilobar ham ta’kidladi. «Opa, siz zamondan juda ortda qolib ketibsiz» deb. O‘zbekistondan bu yerga yaxshi niyat, pul topib oilasini boqish, ham ish, ham sayohat uchun kelayotganlar ko‘p. Shuningdek, Dilobar aytganidek, «tillolar, puldor erkaklar» uchun kelayotganlar ham, afsuski, yo‘q emas.

Menimcha, Turkiyada xizmatkor o‘zbeklar ko‘payib borayotganining asosiy sabablari bir nechta – yetarlicha ish o‘rinlari yo‘qligi, oilaviy mojarolar va ortiqcha dabdabaga o‘chlik, yolg‘iz onalarning chorasizligi...

Chetda ishlayotgan millat ayollarini ortga qaytarish uchun barcha birdek qayg‘urish vaqti kelmadimikan...

Sabohat Rahmon

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring