Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bobur Nabi

Fiqrachilar firqasidanman!

Ichki yo‘llar ta’mirtalab, qalblarimiz-chi?

Ichki yo‘llar ta’mirtalab, qalblarimiz-chi?

Foto: «Novosti Uzbekistana»

O‘zbekistonda ichki yo‘llarni ta’mirlash dolzarb masalaga aylandi. Hozirgi kunda asosiy yo‘llarni epaqaga keltirishning o‘zi ancha murakkab jarayon bo‘lib qoldi. Hali u yog‘ini tuzatsa, keyin nariyog‘i paydo bo‘ladi yoki yamagan joylari yana ko‘chib ketadi.

Lekin, shukur qilishimiz kerak, yo‘llarning tekislanayotgani haydovchilarga ancha qulaylik tug‘dirayapti. Katta yo‘llar-ku o‘z yo‘liga, lekin kichkina, mahallalardagi ichki yo‘llar haqida kim qayg‘uradi? Qayg‘uradi, qayg‘urishayapti ham. Lekin biz ko‘tarmoqchi bo‘lgan muammo boshqa...

Qishloqlarda unchalik sezilmasligi mumkin, lekin shaharda ushbu muammo tez ilg‘anadi. Bu ayniqsa odamlarning xavfsizligi bilan bog‘liq. Deylik, ko‘p qavatli uyda yashaysiz. Uy yo‘lning yuzida, mashinalar serqatnov. Biroq uyingiz oldidagi yo‘lning ahvoli juda yomonligi bois avtoulovlar tezligini pasaytirib, chuqurlardan ehtiyot bo‘lib o‘tadi. Mashinasini ayaydi.

Ana endi ancha sa’y-harakatlar bilan o‘sha ko‘cha ta’mirlandi, asfalt yotqizildi. Tekis yo‘lga aylandi. Hamma rozi, barcha xursand. Haydovchilarning quvonchi cheksiz. Ammo odamlar, ayniqsa, bolalar-chi? Pod’yezd eshigidan otilib chiqqan farzandingiz tekis yo‘lda uchib kelayotgan mashina ostiga kirib ketishi mumkinmi? Dahshatlimi?

Muammo mana shunda. Odamzot notekis yo‘ldan noliydi, lekin majburan sekin yurib o‘tib ketadi. O‘sha yo‘l ta’mirlansa, tezligini oshiradi. Axir aholi gavjum joyda tezlik cheklangan, bu qoidaga amal qilinmasa jazo ham bor. Xo‘sh, qayerda o‘sha jazo? Qog‘ozda!

Mahallaning ko‘chalarida birorta radar bormi? Tezlikni cheklovchi yo‘l belgilari u yer-bu yerda uchramasa, boshqalari yo daraxt shoxlari orasida qolib ketgan, yoki qo‘porib tashlangan, yoxud o‘sha borini ham haydovchilar nazar-pisand qilmaydi. Chunki nazorat yo‘q. Shuning uchun odamlar uylarning oldiga turli to‘siqchalar yoki tezlikni kamaytirishga yordamlashadigan beton to‘siqlar qilib olishgan. Ularga ham o‘zining, oilasining xavfsizligi muhim.

Hozir markaziy ko‘chalarga kuzatuv kameralari qo‘yib tashlandi. Nima, shunaqa narsani ichki ko‘chalarga o‘rnatishning iloji yo‘qmi? Imkoni bor, balki rejada ham bordir. Ammo qachongacha kutish kerak? Mana endi mashinalar piyodalar yo‘lakchasidan yurib, odamlarni urib ketishayapti hatto.

Yana bir gap. Bu yerda eng avvalo haydovchining madaniyatiga ham bog‘liq. Birinchidan, haydovchilik guvohnomasini halollab olsin. Ikkinchidan, oilada to‘g‘ri tarbiya ko‘rsin. Yuqoridagi tashkiliy jarayonlar esa keyingi darajadagi ishlardir.

Demak, shunday xulosa kelib chiqadiki, ichki yo‘llarga ham radarlar o‘rnatish va jarima miqdorlarini oshirish kerakdir. Shunda qoidaga amal qilishadi. Axir inson aziz. Hamma vaqt, hamma joyda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring