Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hech kim saylovga befarq emas...

Hech kim saylovga befarq emas...

Mamlakatimizda muqobillik asosida o‘tgan Prezident saylov kampaniyasi ham o‘z nihoyasiga yetdi. Mazkur siyosiy jarayon xalqimizning ruhi ko‘tarinki ekanini, birdamlik, hamjihatlik tuyg‘usi baland ekanini ko‘rsatdi. Eng muhimi, hech kim saylovga befarq emasligiga guvoh bo‘ldik. Bu ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatni, amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganining amaldagi yorqin namoyishidir.

Buning asosiy sababi mamlakatimizda barcha sohalarda o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, o‘zgarishlar natijasida odamlarimizda erkin fikrlash, u yoki bu qarorlarga, voqelikka erkin mustaqil munosabat bildirish, mustaqil tanlov qila olish imkoniyati tobora kuchayib borayotganida. Haqiqatan ham 2017-yildan boshlab O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatida keskin o‘zgarishlar shabadasi esa boshladi. Iqtisodiyot erkinlashdi, valyuta konvertatsiyasi erkin amalga oshirila boshladi, matbuot va vijdon erkinligiga keng yo‘l ochildi, fuqarolarning huquqiy ongi va bilimlarini oshirish ustuvor vazifaga aylandi. Aynan tashqi siyosat sohasida mamlakatimizda oxirgi besh yilda zalvorli yutuqlarga erishildi. Birinchi navbatda yaqin qo‘shnilarimiz bilan qadimiy do‘stlik munosabatlarimizni qayta tiklash, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy aloqalarimizni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston o‘rnini sezilarli darajada ko‘tarishga erishildi. O‘zbekiston YeOII ga kuzatuvchi maqomida kirgan bo‘lsa, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘lqonli a’zo bo‘ldi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish borasidagi muzokaralar davom etmoqda.

Keyingi 5 yilda O‘zbekistonda OAVni erkinlashtirish jarayonlarini kuzatish davomida ushbu jarayonlar jadallashganligi va ijobiy xarakterga ega bo‘layotganligini ko‘rish mumkin. Eng avvalo, so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilik bazasi takomillashtirildi va keyingi 5 yilda 12 ta qonun hujjatlari, jumladan, 2018-yil aprelda O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonuniga qator o‘zgartishlar kiritildi. Shuningdek, 2017-yil 11-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi va 2019-yil 2-fevralda «Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonlari qabul qilindi.

OAV – bugun haqiqiy xalq ovozi, to‘rtinchi hokimiyatga aylanib bormoqda. Balki, hali bu sohalarda katta marralarga erishganimiz yo‘qdir, lekin erishgan yutuqlarni aslo inkor etish mumkin emas. Axir, bir necha yil ilgari ham OAV sohasidagi raqobatni kuzatmasdik. Bugun jurnalistlar qatorida blogerlar axborot makonida qattiq raqobat olib borishmoqda. Agar 2019-yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari – rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda bu raqam 2410 taga yetdi. Ommaviy axborot vositalari, jumladan, blogerlarning tanqidiy chiqishlarga vazirlik va idoralar, hokimliklarning axborot xizmatlari orqali tezkor munosabatlar bildirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Buning tasdig‘ini davlat idoralari tomonidan tanqidiy materiallarga javob qaytarish ko‘rsatkichi 2018-yilda 12 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yil yakuniga ko‘ra, qariyb 90 foizga yetgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Hozirgi vaqtda Internet jurnalistikasi hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 1893 ta ommaviy axborot vositasidan 638 tasi yoki 33,7 foizi Internet nashrlari – veb-saytlar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Shu o‘rinda, mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda barcha jarayonlar inson omilisiz, elektron shaklda amalga oshirilayotgani bu yo‘ldagi yana bir muhim qadam bo‘lganini qayd etish zarur.

Sohada yuksak malakali kadrlar tayyorlash masalasi ham doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat chet tillari institutida ham jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash, ularning malakasini xorijiy davlatlarda oshirish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Shubhasiz, matbuot va OAV erkinligi saylovlarning xolis, adolatli o‘tishini ta’minlashga xizmat qildi.

Bu safargi saylovlar oldingilaridan tubdan farq qiladi. Eng avvalo, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida saylov kuzning iliq kunlarida bo‘lib o‘tgani xalqimizning ko‘nglidagi voqelik bo‘ldi. Qahraton qish - dekabr oyidan ko‘ra, ochiq-sochiq, quyosh tafti bor kunlarda saylov o‘tkazilishi hamma uchun – saylovchilar, saylanuvchilar, saylovlarni tashkil etuvchilar uchun ham juda qulaylik yaratdi. Muhim siyosiy kampaniya butkul yangicha siyosiy muhitda, yangi saylov kodeksi asosida o‘tdi. Ushbu saylovdagi faollik avval hech qachon kuzatilmagan edi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda, targ‘ibot tadbirlari va turli aksiyalarda yoshu-qari, erkagu ayollar birdek faol bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasi bayonotiga tayangan holda aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Prezidenti saylovida mamlakat bo‘yicha saylovda ishtirok etganlar 16 million 36 ming 914 nafar kishini yoki saylovchilarning 80,8 foizini tashkil etdi. Prezident saylovi munosabati bilan respublikaning diplomatik vakolatxonalari joylashgan mamlakatlarda 54 ta saylov uchastkasi tashkil etildi. Shuningdek, ushbu mamlakatlarning 128 shahrida, O‘zbekiston vakolatxonalari bo‘lmagan 11 mamlakatda 316 ta muddatidan oldin ovoz berish ko‘chma nuqtalari faoliyat yuritdi. Shubhasiz, adolat va oshkoralik tamoyillariga amal qilish nuqtai nazaridan O‘zbekistonda o‘tkazilgan Prezident saylovi eng yuqori xalqaro me’yor va normalarga javob beradi. Saylovda ishtirok etuvchilar sonining har doimgidan oshganligi aholining mavjud siyosatdan roziligining alomati hisoblanadi. Yangi saylovchilar – yoshlar va yangi fuqarolik olganlar ham islohotlar davom etishidan manfaatdorlar. Bugun hamma Prezident islohotlaridan yutdi. Xalqimizning to‘ylari kabi chinakam bayramga aylangan saylovni kuzatar ekanman, farzandlarini yetaklab ovoz berish uchun kelayotgan oilalar, kelin-kuyovlar, yoshlar va nuroniylarning ko‘zlarida hayotidan, turmushidan rozilik, taqdiriga bo‘lgan ishonch, baxtiyorlikni ko‘rdim.

Jamiyatning ustuni bo‘lgan o‘qituvchilarimiz, pedagoglar ham o‘z kelajaklari uchun ovoz berishdi. Oliy ta’lim sohasi vakili bo‘lganim uchun bu masalaga to‘xtalmaslikning imkoni yo‘q. Zero, ta’lim va tarbiya masalasi har qanday jamiyat rivojining ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Yurt farovonligi albatta ta’limning qanchalik rivojlanganligiga bog‘liq. Xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi bo‘lgan yoshlarga bilim berayotganimizdan, yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan oliy ta’lim sohasida mehnat qilayotganimizdan faxrlanamiz. Darhaqiqat, keyingi besh yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafardan ziyod yoshlar uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi va umumiy qamrov 4 yil avvalgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. 2016-yili O‘zbekistonda oliygohlar soni 77 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilda 141taga yetkazildi. Mamlakatimizda 2030-yilga qadar maktab, litsey va kollej bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 50 foizga yetkazish rejasi bu borada yanada katta ishlar amalga oshirilishini anglatadi. Eng e’tiborlisi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasi vakillari majburiy mehnatdan ozod etildi, ularning oylik maoshlari 3-3,5 baravar oshirildi.

Muhim siyosiy jarayonda barcha partiyalardan nomzodlar ishtirok etdi. Siyosiy maydondagi yangi o‘yinchi – Ekologik partiya nomzodi to‘rtinchi o‘rinni egallab, o‘zining nimalarga qodirligini namoyish etdi. Har bir partiya o‘zining bir-biridan farqlanuvchi g‘oyaviy maqsadlarni taqdim etdi. Gender tenglikka rioya qilindi. O‘zbekiston XDP o‘z tarixida birinchi marta ayol nomzodni ko‘rsatdi. Targ‘ibot uchun teng imkoniyatlar berildi. OAV barcha nomzodlarni teng rakursdan namoyish etdi. Misli ko‘rilmagan so‘z erkinligi muhiti kuzatildi, faol jamoat munozaralari Internet va ijtimoiy tarmoqlarda olib borildi. Tarixda birinchi marta debatlarning ikkita raundi o‘tkazildi. Mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar jiddiy qonunbuzarliklar bo‘lmaganini e’tirof etishdi. 1000 dan ortiq xalqaro kuzatuvchining qatnashganligi adolat va qonuniylikni ta’minlashda qo‘l keldi.

Saylovchi esa mamlakatdagi barqarorlik, ommabop islohotlar davomiyligi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlar va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat, milliy qadriyatlar va eng muhimi, kuchli lider uchun ovoz berdi. Ular kommunistik yoki feodal o‘tmish, fakt va raqamlarga tayanmagan populistik chaqiriqlarga qo‘shilmadi.

Bu nimaning belgisi? Gap shundaki, so‘nggi yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan izchil va tizimli islohotlar natijasida ochiq va erkin, muqobillik asosidagi saylovlar o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik. Xalq hokimiyatini mustahkamlash, saylov tizimini erkinlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish borasida misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar hayotga tatbiq etildi. Bir so‘z bilan aytganda, islohotlar natijasida mamlakatimizda ijtimoiy davlat qurish borasida ulkan natijalar qo‘lga kiritildi, yurtimizda mutlaqo yangi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy muhit shakllandi. Yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar, tuman, qishloq va mahalla qolmadi, desam, adashmagan bo‘laman. Bugun jonajon O‘zbekistonimiz ulkan imkoniyat va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda.

Keyingi yillardagi o‘zgarishlarni butun jahon e’tirof etmoqda. Yashirishning hojati yo‘q, chet elliklar uncha munchaga maqtayvermaydi. Yangilanayotgan O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni ularki e’tirof etayaptimi, demak bundan bir necha yillar avval boshlangan islohotlar natijadorligi hatto chet elliklar nazariga ham tushib ulguribdi. Yutuqlarni, mavjud jarayonni boricha gapirdi ular. Pandemiyadek o‘ta murakkab va sinovli bir davrda Yevropaning mana-man degan davlatlarida ish o‘rinlari keskin qisqarmoqda. Demakki, oddiy odamlarning non topish imkoniyati kamaymoqda. Bizda-chi?

O‘tgan besh yil mamlakat hayotini, ongu tafakkurimizni butkul o‘zgartirib yubordi. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy jabhalarda jadal yangilanish jarayonlari kechmoqda. Odamlar haq-huquqlarini tanishi, talab qilishi, shuning barobarida fuqarolik majburiyatlarini anglashi, fikrini emin-erkin ifoda qilishi uchun sharoit yaratildi. Xalqni o‘ylantirayotgan muammolar to‘lib-toshib yotgani yashirib o‘tirilmadi. Ayol va qizlar, nuroniylar, yoshlarga oid masalalarga eng ustuvor vazifa sifatida yondashilmoqda. Biror-bir yilt etgan, xalqimizning ko‘nglini ko‘targan, unga taskin bo‘lgan yangilik, ezgulik, xayrli amaliy tashabbus borki, bari odamlar, ko‘pchilik, butun hamyurtlarimiz bilan bamaslahat tarzda joriy etilmoqda. Adashganlarga, turli yolg‘on g‘oyalarga uchib, yer kurrasining olovli nuqtalariga borib qolganlarga, ularning oilalari, norasida va begunoh farzandlariga bir emas qayta-qayta rostmana mehr ko‘rsatilmoqda. Xatolarni anglash, ularni to‘g‘rilash uchun imkon berilmoqda. Og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sabab chet mamlakatlarda non topish ilinjida yurgan musofir hamyurtlarimiz o‘z holiga tashlab qo‘yilmayapti. Ularning og‘irini yengil qilish uchun hamma imkoniyatlar ishga solinyapti.

Ha, bugun mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shganlar ham, oddiy odamlar ham, mushkul ahvolga tushib qolganlaru xato yo‘lga kirganlarga ham e’tibor ko‘rsatilmoqda. Hech kim mehrdan benasib qolmayapti. Bir oilani, ro‘zg‘orni risoladagidek boshqarish, barini badastur etish, yana tartib, intizom, odamgarchilik, insoniylik, o‘zlikni unutmaslik oson emas.

Yoshi ulug‘larimiz har kuni dasturxon atrofida mamlakat yetakchisini, yurtga rizq berayotgan dehqonu mirishkorlarni, xalqimizni, jonajon O‘zbekistonimizni Yaratgan o‘z panohida asrasin, deb duo qilishdan charchashmaydi. Ezgu tilaklarda hikmat ko‘pligi bugungidek munavvar kunlarda yanada teran bilinar ekan.

Ahamiyatlisi, munosib nomzod uchun berilgan har bir ovoz zamirida xalqimizning xohish-irodasi, orzu maqsadlarining ifodasi yashaydi. Saylovda yoshlarning faol ishtiroki, ularning o‘z siyosiy va huquqiy madaniyatini namoyish etganlari yosh avlod qalbida ona yurt taqdiriga daxldorlik hissi jo‘sh urayotganining yaqqol namunasi bo‘ldi. Saylovning tarixiy ahamiyati ham shundaki, xalqimiz qalban birlashib, hamjihatlik bilan o‘z taqdiri, farzandlari kelajagi, oilalari farovonligi, eng asosiysi yurtimiz taqdiriga befarq emasligimizni namoyish etdi. Bu jannatmonand makonda yashayotgan har bir vatandoshimizning ovozi, xohish-irodasi muhim ekanini, insonning qadr-qimmati, manfaatlari ustuvor bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib bergan saylov - huquq va erkinliklarimizning yuksak tantanasidir.

Ismoil Saifnazarov, falsafa fanlari doktori, TDIU professori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring