Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi Galina Matviyevskaya vafot etdi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi Galina Pavlovna Matviyevskaya 95 yoshida vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Galina Pavlovna Matviyevskaya 95 yoshida vafot etdi.
G. P. Matviyevskaya 1930-yilda Dnepropetrovsk (hozir Ukrainaning Dnepr shahri)da tug‘ilgan. 1954- yilda Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) universitetining matematika mexanika fakultetini tamomlagan, 1959-yilda SSSR Fanlar akademiyasi (hozirgi Tabiatshunoslik va Rossiya texnika Fanlar tarixi akademiyasi)ning institutida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
O‘sha yili u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutiga o‘rta asrlar Sharqidagi fanlar tarixi bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish uchun taklif qilindi. 1968 yilda u doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi (ilmiy maslahatchisi - akademik S. X.Sirojiddinov). U B.A.Rozenfeld bilan birgalikda jahon fondlarida saqlanayotgan arab tilidagi matematika va astronomiyaga oid qo‘lyozmalar katalogini tuzgan, shogirdlari bilan birgalikda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi matematik qo‘lyozmalarining tavsifini amalga oshirgan.
G.P.Matviyevskaya yurtimizdan yetishib chiqqan Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Shamsiddin Samarqandiy va Mirzo Ulug‘bek, Samarqandda faoliyat olib borgan Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy va boshqa olimlarining ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, shuningdek, ilm-fan tarixi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashdagi xizmatlari uchun Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti (1974), «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni (1980) bilan taqdirlangan.
U O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi (1984), so‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (2000) etib saylangan edi.
G. P.Matviyevskaya ko‘ptilli olima edi - u lotin, ingliz, nemis, fransuz va arab tillarini bilgan, YuNESKO tomonidan tabiiy fanlar tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis sifatida tan olingan va Xalqaro fanlar tarixi akademiyasining (Parij) haqiqiy a’zosi etib saylangan, U Xorazmiy, Dekart, Beruniy, Ulug‘bek, V.I.Romanovskiy, Abdurrahmon as-So‘fiy haqida kitoblar nashr ettirgan, sharqshunoslik sohasiga ilmiy to‘plamlar tuzuvchisi va bosh muharriri bo‘lgan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning 1200 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan yubiley (1983) tadbirlarini o‘tkazishda faol ishtirok etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter