Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

FA prezidenti Behzod Yo‘ldoshev vafot etdi

FA prezidenti Behzod Yo‘ldoshev vafot etdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda FA xabar berdi.

Qayd etilishicha, yuqori energiyalar fizikasi sohasida xalqaro miqyosda taniqli va e’tirof etilgan olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik Behzod Yo‘ldoshev 2024 yilning 28 avgust kuni 79 yoshida vafot etgan.

Behzod Yo‘ldoshev 1945 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1968 yilda ToshDUni tugatgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida ilmiy xodim (1968—83), direktor (1990 yildan) bo‘lgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri (1984—90). O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti (2000-2006) sifatida faoliyat yuritgan.

Ilmiy ishlari yuqori energiyalar fizikasi, yadroviy fizika va elementar zarralar fizikasiga oid. Behzod Yo‘ldoshev rahbarligida Yadro fizikasi institutida jahon standartlariga mos keluvchi radioizotoplarni keng ko‘lamda ishlab chiqarish va chetga sotish ishlari yo‘lga qo‘yildi; mahalliy tog‘-kon sanoati chiqindilaridan asl va nodir metallarni qo‘shimcha ravishda ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi.

Behzod Yo‘ldoshev Vashington universiteti fizika fakulteti professori sifatida yuqori energiyali neytrinolarning o‘zaro ta’sirida bo‘ladigan yadroviy effektlarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy loyihaga rahbarlik qilgan. 

Behzod Yo‘ldoshev bir qancha xalqaro akademiyalar va xalqaro jamiyatlar a’zosi, xorijiy universitetlar faxriy doktori bo‘lgan.

Xabar.uz tahriyati marhumning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring