Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ekologiya sohasida malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda

Ekologiya sohasida malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda

Bugun, 26 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)da Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati rahbari Lola Rahmonboyeva ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifing vazirlik tizimida ekologik ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlandi.

Ta’kidlash joizki, Ekologiya vazirligi tomonidan ekologik ta’lim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda 10 118 umumiy o‘rta ta’lim muassasasida 31 916 ekologik-bilogik to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, ularga 473 968 nafar o‘quvchi jalb qilingan. Shuningdek, 5 200 umumta’lim maktabida «Ekologiya burchaklari» faoliyat yuritmoqda. Umumta’lim muassasalarining amaldagi o‘quv dasturlariga muvofiq, sinf soatlari doirasida ekologik savodxonlikni oshirishga oid jami 132 soat mashg‘ulot kiritildi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan «Hub and Spoke» tamoyili asosida nafaqat mamlakatimizda yagona bo‘lgan, balki Markaziy Osiyoda dastlabki ekologik muammolarga ilmiy yechim topishga qaratilgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti («Green University») tashkil etildi va ekologiya tizimida zamonaviy kadrlar tayyorlashga mustahkam zamin yaratdi. Ilk bor ekologik ta’lim jarayonlarini kompleks jamlagan holda «Green University» tarkibiga uchta ilmiy tadqiqot instituti, ikkita kasb hunarga yo‘naltirilgan texnikum, ekologik yo‘nalishdagi xodimlarning malakasini oshirish markazi, bittadan umumiy o‘rta ta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi. Bu, albatta, ta’lim jarayonlarini bevosita amaliyot bilan bog‘lash imkoniyatini beradi.

Hozirda universitetda ekologiya, barqaror boshqaruv, atrof-muhit iqtisodiyoti, ekologiya huquqi, ekologik innovatsiya va raqamlashtirish yo‘nalishlarida bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, har yili Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibga asosan Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 25 ta hamda magistratura va doktorantura (PhD) mutaxassisliklari bo‘yicha kamida 20 ta grant o‘rin ajratiladi.

Muassasada fanlararo tadqiqotlar qilish, innovatsion pedagogik uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Universitet huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlarida 7 ta loyiha-grant va 1 ta tijoratlashtirilgan loyiha, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot institutida 14 ta ilmiy loyiha, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida 16 ta amaliy va 5 ta innovatsion loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, ularning natijalari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bugunga kelib ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida 32 ta ilmiy, amaliy va innovatsion loyihalar doirasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Natijalari bo‘yicha 10 ta monografiya, 21 ta xorijiy, 64 ta mahalliy nashrda maqolalar, xalqaro va mahalliy konferensiyalarda 39 ta tezis chop etildi. Malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari, treninglar va seminarlarda 1000 nafardan ziyod soha xodimlarining malakasi oshirildi.

Yangi o‘quv yilidan universitetda dual ta’limni yo‘lga qo‘yish, urug‘chilik, ko‘chatchilik, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha qisqa kurslar tashkil qilib, har yili ming nafar xodimning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, har yili «Yosh ekologlar» harakati qurultoyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 1 000 nafarga yaqin ekovolontyor jalb qilib kelinmoqda.

Kelgusida esa quyidagi kabi dolzarb vazifalarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

— «Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili» Davlat dasturiga muvofiq 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab har yili maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida dastlabki ekologik bilimlarni shakllantirish maqsadida «Ekologik yo‘lakchalar» tashkil etish;

— davlat grantlari doirasida va xo‘jalik shartnomalari asosida «Green University» va uning tarkibidagi 3 ta ilmiy tadqiqot institutida 9 ta ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

— universitetda «sirkulyar iqtisodiyot» ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida «Green University»ning «yashil texnikumlari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

— tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlaridagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida «Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish» fani va o‘quv dasturlarini kiritish.

Bundan tashqari, vazirlik huzuridagi 2 ta universitet va 3 ta ilmiy-tadqiqot institutida oliy ta’limdan keyingi bosqich, ya’ni stajor tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktorantura (4 nafar) bosqichi uchun qabul jarayonlarini tashkil etish, shu bilan birga, malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari, treninglar va seminarlar tashkil etish maqsad qilingan.

Maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari va oliy ta’lim dargohlari tizimida olib borilayotgan bunday keng qamrovli ishlar kelgusida o‘z samarasini berishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring