Daydi odam qanday qilib restoran egasiga aylandi?
Bir kuni ertalab kabinetimga kotibam kirdi va qandaydir bir uysiz odam men bilan uchrashish uchun kelganini, bu nihoyatda zarur ekanligini aytdi. Dastavval men vaqtni tejash maqsadida ozgina buterbrod yeb, bir chashka qahva ichmoqchi bo‘ldim, ammo keyin nimadir bu odamni qabul qilishni menga uqtirganday tuyuldi...
Men judayam isqirt kiyingan kishini avval hech qachon ko‘rmagan edim. Bu odamning soqoli bir haftadan buyon olinmagan, kiyimlari esa shunchalik g‘ijim ediki, xuddiki uni bir to‘da latta orasidan sug‘urib olgan, deb o‘ylardingiz.
– Mening turqimni ko‘rib, hayratga tushganingiz uchun sizni ayblay olmayman, ─ deb gap boshladi bu odam. ─ Faqat to‘g‘ri tushunsengiz bas. Men sizning huzuringizga pul so‘rab kelganim yo‘q. Hayotimni saqlab qolish uchun yordam berishingizni iltimos qilgani keldim, xolos.
Notanish erkakning gaplari hayron qolarli edi.
– Hayotimdagi noxushliklar bir yil muqaddam xotinim bilan ajrashganimdan so‘ng boshlandi, – deb davom etdi u. – Hammasi boshqacha kechib, vaziyat menga qarshi turib qoldi. Men, eng avvalo, biznesimdan mahrum bo‘ldim. Endi esa sog‘lig‘imni yo‘qotyapman. O‘zimni o‘ldirishga ahd qildim. Ammo daryoga tashlamoqchi bo‘lganimda meni politsiyachi tutib oldi. So‘ng sizning huzuringizga borishimni taklif qildi. U ikki yo‘ldan birini tanlashni: yoki sizning huzuringizga borishni, yoki qamoqqa jo‘nashim kerakligini aytdi. Hozir bu politsiyachi tashqarida kutib turibdi. Men unga bergan va’damni bajaramanmi-yo‘qmi, shunga shaxsan guvoh bo‘lmoqchi.
Bu odamning gapirish ohangi va ko‘rinishi yaxshigina ma’lumot olganini anglatib turardi. Men unga bir nechta savol berdim. Ayon bo‘ldiki, u Chikagodagi mashhur restoranlardan birining egasi bo‘lgan ekan. Esimga tushdi: bu restoran kimoshdi savdosiga qo‘yilganini yangiliklardan ko‘rib qolgan edim.
Shundan so‘ng kotibamdan mehmonga nonushta berishini so‘radim, chunki u ikki kundan beri hech nima yemagan edi.
Nonushta tayyor bo‘lgunga qadar notanish erkak menga butun hayotini gapirib berdi. U biror marta bo‘lsin, o‘zidan boshqalarni ayblamadi, og‘ir ahvolga tushishiga hech kimni sababchi qilib ko‘rsatmadi. Bularning bari esa menga uning foydasini ko‘zlab, qay tarzda yordam berishim mumkinligini shipshiganday bo‘ldi.
U nonushtasini yeb tugatganidan so‘ng men gap boshladim.
– Do‘stim, ─ dedim bu odamga, ─ men boshingizdan o‘tgan voqealarni diqqat bilan eshitdim va u chuqur taassurot qoldirdi. Ayniqsa, o‘zingizni oqlashga urinmaganingiz va hozirgi ahvolingiz uchun zimmangizdan mas’uliyatni soqit qilmaganingiz menga qattiq ta’sir qildi. Yana shunisi borki, siz sobiq xotiningizni ham ayblamadingiz, bu meni yanada taajjubga soldi. Siz u haqida, hatto hurmat bilan gapirdingiz va bu maqtovga sazovor.
Kaminaning gaplarimdan so‘ng erkakning kayfiyati bir oz ko‘tarildi. Endi ko‘zlagan harakat rejamni unga ma’lum qilish fursati yetgan edi. Men o‘zim hisob-kitob qilgan, aynan kelgusidagi rejalarni o‘z ichiga olgan usulni qo‘lladim.
– Siz huzurimga yordam so‘rab keldingiz, ─ deb gapimni davom ettirdim men. ─ Ammo hammasini eshitib, afsus bilan aytishim kerakki, men siz uchun hech narsa qila olmayman! Biroq sizga yordam berishi mumkin bo‘lgan bir kishini aniq bilaman. Agar istasa, o‘sha odam ko‘maklashadi. Hozir u shu binoning ichida turibdi, xohlasangiz, men sizga tanishtiraman.
Shundan so‘ng bu odamning qo‘lidan tutib, o‘zimning eng yaxshi xonalarimdan biriga boshladim va uzun parda qarshisida turishini so‘radim. Men pardani ochganimda, u o‘zini bor bo‘yicha oynada ko‘rdi.
Ko‘zguda ko‘ringan erkakka qo‘limni nuqib, shunday dedim:
– Sizga yordam bermoqchi bo‘lgan odam mana shu! Siz u bilan tanishmay turib, unga quloq solmasdan hozirgi ahvolingizdan mutlaqo qutula olmaysiz, bu ishni bajaradigan yagona odam – mana shu!..
Erkak oynaga yaqinlashdi, o‘zining aksiga diqqat bilan tikildi. Soqoli qirtishlanmagan yuzini siladi, so‘ng menga burilib shunday dedi:
– Siz nimani nazarda tutganingizni tushundim. Xudo xayringizni bersin, siz meni tinchlantirishga urinmadingiz.
Shu so‘zlarni aytib u ketdi va men deyarli ikki yil davomida hech nima eshitmadim.
Ancha vaqt o‘tib, bu odamni idoramda ko‘rib qoldim. U butunlay o‘zgarib ketgan edi. Men, hatto dastlab tanimadim. O‘zining aytishicha, Qutqaruv Armiyasi unga kerakli kiyim-kechak topib berib yordamlashibdi. Shundan so‘ng u ilgari o‘zi egalik qilgan restoranga o‘xshagan yemakxonaga ishga joylashibdi, bosh ofitsiant bo‘lib xizmat qilibdi. Bir kuni esa tasodifan eski do‘stini uchratib qolibdi. Dardini eshitgan bu oshnasi unga pul qarz berib, o‘z ishini boshlashiga ko‘maklashibdi.
Hozir bu odam Chikagodagi eng gullab-yashnagan restoranlardan birining sohibi hisoblanadi. U yetarli darajada boy-badavlat, ammo eng katta boyligi – o‘z aqlini qayta kashf qilganida! Bu odam o‘z tafakkuridan Oliy aql bilan aloqa o‘rnatishda foydalanib, o‘ziga jalb etgan va maqsadi sari astoydil harakat qilgan edi.
Shunday ekan, ko‘zguga – o‘zingizga boqing!
(Napoleon Xill kitobidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter