Besh milliard so‘mga arziydigan duo
«Oltin olma, duo ol – duo oltin emasmi?» Bu naqlni eshitgansiz. Ammo chin dildan emas, shunchaki aytilgan duo-yu fotihadan ko‘ra, buklanib, g‘ijimlangan bo‘lsa-da, qog‘oz pul, yaltiramasa-da, sariq chaqa zarur bo‘lgan zamonlar edi o‘shanda. Ayniqsa, millat kelajagi, ta’lim va yoshlar uchun qilinadigan saxovat, beriladigan pul har bir davrda eng savob ish hisoblangan. Afsuski, buni tushunadigan, anglaydiganlar sanoqli...
1920 yil sentyabrda Buxoro amirligi tugatilgach, tashkil qilingan Buxoro Xalq Respublikasi rahbarlari etib jadidlar – ilmli, ma’rifatli «Yosh buxoroliklar» saylandi. Ular Fayzulla Xo‘jayev, Fitrat, Usmonxo‘ja, Sadriddin Ayniy, Abdulvohid Munzim edilar. Bu insonlar amirlik davridagi qoloqlik, istibdod va jaholatning avj olgani sababini ilmga, texnikaga e’tibor qilinmaganlikning oqibati bilan izohlashardi. Shuning uchun ham ular dastlabki ishni iqtidorli yoshlarni taraqqiy etgan Germaniyaga o‘qishga yuborishdan boshladilar. BXR budjetidan aynan ilmga intilganlar uchun Germaniya banklaridan biriga pul ajratildi.
Buxoroliklardan ibrat olgan boshqa hududlardagi ma’rifatparvarlar ham Toshkent, Xorazm va vodiy viloyatlaridan iqtidorli yoshlarni tanlab olib, ularni Germaniyaga jo‘natishga harakat qilishdi.Ammo mablag‘ masalasi ko‘ndalang muammo bo‘lib turardi....
Ana shunday vaziyatda Saidnosirboy, Cho‘lpon, Munavvar qori va Abdulla Qodiriylar bir tashabbus bilan chiqdilar. Unga ko‘ra, 1921 yilda «O‘zbek bilim hay’ati» qoshida «Ko‘mak» uyushmasi tuzildi. Ma’rifatparvarlar zamon og‘ir bo‘lsa-da, ma’rifat uchun saxovat qiladiganlar topilar, degan ezgu niyatda harakat boshlashdi.
O‘sha davrdagi vaziyatni «Turkiston» gazetasining 1923 yil 27 yanvar sonidan bilib olishimiz mumkin. Xumsonlik taxalluslik muallif «So‘nggi ko‘makni kimlardan kutishimiz kerak?» nomli maqolasida shunday deb yozgan edi:
«Turkistondan chetga borib o‘qish uchun 1921 yil boshlarida «O‘zbek bilim hay’ati» tomonidan student Saidalixo‘ja bo‘lgan holda bir necha o‘quvchilarning ro‘yxati olinib, hukumatga topshirilgan edi. Bir necha muddat buning ketidan yurib, natijada hukumatimizning moddiy ko‘mak bera olmasligi bilingach, bu masala o‘z-o‘zidan to‘xtadi. Lekin o‘qiguvchilarning orasida ko‘tarilgan chetga ketib o‘qish havasi esa buning bilan bitmadi. O‘qiguvchilardan qaysi bir o‘ziga to‘qlari (garchi borliq narsalarini sotib bo‘lsa-da) yana chetga ketmak orzusida bo‘ldilar.
Bularning o‘zaro tashabbusini ko‘rgan «Bilim hay’ati» chetda tomoshachi bo‘lib tura olmadi. Va chetga ketuvchi studentlarning o‘zlaridan bir komissiya tuzib, o‘z a’zosi Saidalixo‘jani shul komissiyaga boshliq etib, «Ko‘mak» nomi ostida bir uyushma tuzdi.Uyushma kecha-yu kunduz ishlab, bir kishini chetga jo‘nata oldi».
Ha, g‘oyat og‘ir yillar edi. Hukumatga ham qiyin. Madaddan umidvor bo‘lishning foydasi yo‘q. To‘plangan pul esa atigi bir kishini o‘qishga yuborishga yetdi. Boraman, ilm o‘rganaman, deydiganlar esa haddan ziyod edi. Xo‘sh, nima qilish kerak? Kimdan ko‘mak kutish lozim?
Cho‘lpon, Qodiriylar el orasida yurib, tashabbus bilan chiqdilar: «Yoshlardan xayriyangizni ayamang!», «Ilm uchun saxovat ko‘rsating!» Tashabbuskorlar o‘zlaridagi ma’rifatparvarlik, ilmga intilish, yoshlar iqbolini o‘ylaganlari sababli ibrat ko‘rsatishdi. Qodiriydek mehridaryo, hojatbaror inson o‘z bog‘ida yetishtirgan mevalarni sotib, «Ko‘mak»ka xayriya qildi. Cho‘lpon esa qiynalib yurganiga qaramay, qalam haqlarini to‘plab, kiyim-bosh olaman, deb yiqqan pulini yoshlarga bag‘ishladi. Bu borada ular «mening jiyanim, ammamning farzandi bor, to‘plangan xalq puliga Germaniyaga shu borib o‘qiy qolsin», deb harakat qilishmadi. Millat manfaati, yoshlar kelajagi ular uchun mahalliychilik, tanish-bilishchilikdan ustun edi.
Bu insonlarning tashabbusi va xayr-saxovatidan boshqalar ham ibrat olishdi. «Turkiston» gazetasining 1922 yil 18 dekabr sonidagi xabarga ko‘ra, Toshkentdagi bir guruh maorif va madaniyat arboblari o‘qishga boruvchilar uchun pul topshirgan. Ular orasida Saidnosirboy Mirjalolov (yigirma ming so‘m), shoir Cho‘lpon (yetti yarim ming so‘m), Munavar qori, Shokirjon Rahimiylar bor edi. Bundan tashqari, Toshkent ziyolilari 2 dekabrda adabiy kecha uyushtirib, undan tushgan yetmish besh ming so‘mni ham Germaniyaga yubordilar.
Ziyolilarning bunday xayr-saxovatini ko‘rib, oddiy xalq «Ko‘mak»ka oz bo‘lsa-da, pul topshira boshladi. Afsuski, o‘ziga to‘q, boyligini maishatga sarflayotgan ba’zi kishilar bunday tadbirdan o‘zlarini chetga olishardi. Tashabbuskorlarga, «shundan boshqa tashvishim yo‘qmi?», «menim bolam o‘qirmidi?», deya javob berib yuborishardi. Bunday kaltabinlikka guvoh bo‘lgan Abdulla Qodiriy «Mushtum» jurnalining 1923 yil to‘rtinchi sonida «Ko‘mak» uyushmasiga ionalar» nomli hajviyasini e’lon qildi. U shunday boshlanadi:
«Keyingi kunlarda « Ko‘mak» uyushmasiga berilgan ionalarning hisobi juda ham ko‘payib ketdi.Tushgan ionalarni uyushmaning bitta kassasi eplay olmaganlikdan ikkinchi kassa olmoqqa majbur bo‘lindi.Keyingi oyda iona bergan saxiylarning ro‘yxati mundaydur:
1. Valihoji – besh milliard so‘mga arziydigan duo.
2. G‘ulom shayx boybachcha – «O‘qishga ketkan yigitlar mullo bo‘lsunlar» degan yaxshi tilak (baho qo‘yish komissiyasining so‘ziga qaraganda, bu iona ham besh milliardga arzir ekan).
3. Azim boyvachcha, ko‘mirchi – sakkiz pud toshko‘mir.
4. Tujjor shirkati – ikkita sopol tovoq bilan bitta xurmacha.
5. Kamar shirkati – chorak qadoq olma choyi.
6. Poyafzal bozoridagi do‘konlar o‘zaro – bir poy bachkana etik.
7. Chit bozorining do‘konlaridan – bir gazu uch chorak gazlama.
8. Attor og‘a-inilardan–ikki quti upa.
9. Qassoblikdan – besh dona o‘pka.
10. Qandolatchilardan – uch istakan pistashka bilan bir qadoq pashmak va boshqalar.
Ushbulardan Berlin o‘quguvchilarimizga yuborildi:
Berlindagi talabalarimiz ortuqcha muhtoj bo‘lg‘onliklaridan birinchi galda to‘rt put toshko‘mir, ikkita sopol tovoq, bir posilka duo yuborildi».
Qodiriy – Julqunboyning bu hajviyasi o‘lkada katta shov-shuv bo‘lib, ba’zi do‘kondor, savdogar, bog‘bonlar uyalganidan «Ko‘mak»ka xayriya qila boshlashdi. Ammo ayrim mutaassib mulla, maishatparast kishilar baribir saxovatdan, ilmga xayriya qilishdan chetda qolaverdi.
Shunday bo‘lsa-da, ma’rifatparvarlar, xalqning tushungan qismi sa’y-harakati, Qodiriy hajviyasining ta’siri sababli «Ko‘mak»ka anchagina pul to‘plandi. Bu mablag‘ga esa Xayriniso Majidxon qizi, Abdulvohid Is’hoq, Abdulvohid Murodiy, Solih Muhammad, Azimbek Bayramjon, To‘lagan Mo‘min, Sulton Mamatqul, Ibrohim Ahmadjon, Temirbek Qozibek singari ilmga intilgan yoshlar Germaniyaga jo‘nab ketdilar.
O‘sha dolg‘ali, qiyin zamonlarda ham yoshlarning Germaniyada o‘qishiga, «Ko‘mak»ka pul to‘planishiga Cho‘lpon, Saidnosirboy, Munavvar qori va Abdulla Qodiriy kabi ma’rifatparvar ajododlarimiz sababchi bo‘lishgan.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter