Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amerika — sehrli diyor(mi?)!

Amerika — sehrli diyor(mi?)!

Foto: O‘zA

To‘g‘risi, bizni yoshligimizdanoq Amerikaga qarshi kayfiyat ruhida tarbiyalashardi. Shu sababli ham bizning avlod hech qachon Amerikaga borishni orzu qilmagan desam aslo yanglishmagan bo‘laman. Mustaqillik tufayli xorijga borish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.

AQSh Davlat departamentining Xorijiy tashrif buyuruvchilarni qabul qilish bo‘limi taklifi bilan «Fuqarlik jamiyati va OAV. Bir mamlakat uchun loyiha – O‘zbekiston» dasturi doirasida 2005-yilning 26-fevralidan 20-martiga qadar «okean orti mamlakati»da bo‘lish nasib qilgan edi. Avvaliga Toshkentdan erta tongda yo‘lga chiqib, «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining Nyu-Yorkka uchayotgan «Boing» samolyotida Frankfurt Mayn aeroportiga yetib bordik. Bu samolyot bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Nyu-Yorkka ketish mumkin edi. Ammo AQSh qonunlariga ko‘ra, Davlat departamenti barcha harajatlarni qoplayotgani bois Vashingtonga faqat AQSh aviakompaniyalariga tegishli bo‘lgan samolyotda borish kerak ekan. Frankfurt Mayn aeroportidan Vashington sari parvoz qildik. Tun bo‘lgani bois Atlantika okeanini tomosha qila olmadik.

Vashington bilan tanishuv aeroportidan boshlandi. Bu yerda ko‘p turib qolmadik. Bojxonachilar ingliz tilida nimadir deyishdi. Til bilmayman, «No inglish» deyishdan nariga o‘tmadim. Shunda hamrohlarimidan biri «Sizga oq yo‘l» tilayapti, dedi. «Senkyu» deya tashqariga chiqdik.

Bizni Vilyam Bobbit, Valeriy Yegorov ismli tarjimonlar kutib olishdi. Vashington markazida Oq uydan unchalik uzoq bo‘lmagan mehmonxonaga joylashdik.

Bizga shahardagi tarixiy, siyosiy, madaniy ahamiyatga ega yodgorlik va diqqatga sazovor joylarni ko‘rsatishdi. Keyin o‘zimiz bilganimizga erkin suratda shahar aylandik. Vashington — 1800 yildan beri AQShning poytaxti sanaladi. Bu shahar birorta shtat tarkibiga kirmaydi. Alohida olingan — rasmiy nomlanishi Kolumbiya okrugi (District of Columbia — qisqartirilgani D.C) deb atalmish ma’muriy hudud hisoblanadi. Shu sababli ham amerikaliklar shu nomdagi shtat bilan adashtirib yubormaslik uchun poytaxtni – Vashington(Kolumbiya okrugi) degan atamani ishlatishadi.

Shaharga 1791-yilda asos solingan va nomi AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington sharafiga qo‘yilgan. Shahar rejasi — kelib chiqishi fransuz bo‘lgan me’mor Per Lanfan tomonidan yaratilgan. Vashingtonni mer boshchiligida 13 kishidan iborat munitsipal Kengash boshqaradi. Biroq AQSh Kongressi Konstitutsiyaning birinchi moddasiga binoan shahar ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olishi mumkin. Ya’ni, Kengash tomonidan qabul qilingan qonun va qarorlarni bekor qilishi mumkin. Shu sababli ham shahar aholisi shtatlar aholisiga nisbatan o‘z-o‘zini boshqarish masalasida kamroq huquqqa ega.

Vashingtonda sayyohlarning sevimli joylaridan biri so‘zsiz Oq uy va Kapitolliy binosi hisoblanadi. Vashington markazida memorial va muzeylar joylashgan — National Mall (Milliy Moll) bor. Bu yerdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda AQSh tarixidan darak beruvchi Milliy muzey joylashgan. Tarixiy hujjatlarga qiziquvchilar albatta, AQSh Konstitutsiyasi, Huquqlar to‘g‘risidagi Bill, Mustaqillik Deklaratsiyasi saqlanayotgan Milliy Arxivga tashrif buyurishlari kerak. Kapitoliy atrofida bir-biridan go‘zal hukumat binolari, Oliy Sud, Kongress Kutubxonasi kabi inshoatlar joylashgan. Foggy Bottom atalmish mavzeda sayyohlar uchun muhim bo‘lgan Kennedi nomli Sanat markazi bor. Bu yerda milliy opera, milliy simfonik orkestr va Vashington balet truppasi faoliyat yuritadi.

Potomak daryosining narigi sohiliga o‘tsangiz, AQSh Mudofaa vazirligi — Pentagon binosiga ko‘zingiz tushadi.

Binodan shimolda Arlington qabristoni joylashgan. Bu qabristonga AQShning ikki nafar prezidenti — Jon Kennedi va Uilyam Taft dafn etilgan. Arlington memorial qabristoniga albatta tashrif buyurish kerak.

Vashingtondagi muzeylar orasida Ikkinchi jahon urushi Milliy Memoriali, Dengiz memoriali hamda Vetnam va Koreya urushlarida halok bo‘lgan harbiylarga o‘rnatilgan yodgorliklar sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.

Biz Amerika hayoti bilan yaqinroq tanishishga, ularga esa O‘zbekistonni yaxshiroq bilishlari uchun qo‘ldan kelganimizcha harakat qildik. Albatta, O‘zbekistondan olib borgan sovg‘alarmiz, jumladan, milliy do‘ppi, suvinerlarimiz mezbonlarda katta taassurot qoldirgan, deb o‘ylayman.

Vashington shtati ma’muriy markazi Sietl shahriga Vashingtondan samolyotda taxminan to‘rt soatdan ko‘proq uchdik. Aeroportdan shaharga yo‘l olar ekanmiz, Sietlga kiraverishdagi ko‘p qavatli ko‘prikka ko‘zim tushdi. Sanat asari bo‘lmish bu ko‘prik yo to‘rt yo besh qavat edi.

Shaharni o‘rab turuvchi tog‘lar Sietlni Tinch okeanidan esuvchi shamol va bo‘ronlardan muhofaza qiladi. Sietl sharqida Kaskad (Cascade Range) tog‘lari bor. Atrofi o‘rmon, tog‘ va suv bilan o‘ralgan Sietl nafaqat tabiati va iqlimi bilan, balki rivojlangan infratuzilmalari, dam olish uchun yaratilgan imkoniyatlari bilan ham haqli ravishda faxrlanadi. Shaharda Maykrosoft, Amazon, Starbaks, Boing kabi yirik kompaniyalarning qarorgohlari joylashgan. Reyting bo‘yicha Sietl AQShdagi eng yaxshi shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Pike Place Market – shahar markazida joylashgan bo‘lib, sayyohlarning sevimli maskani hisoblanadi. Bu yerda jahonga mashxur baliq bozori va boshqa bozorlar bor. Fish-market – baliq bozori ikki-uch qavatli bo‘lib, u yerdan yangi tutilgan baliq va baliq mahsulotlarini harid qilishingiz mumkin. O‘zbek bozori singari Sietldagi baliq bozori ham ta’riflashga til ojiz. Aylanib rosa mazza qilasiz. Nafaqat harid, balki tomosha uchun ham bir marta aylanish kerak. Shahardagi boshqa diqqatga sazovor maskanlar ham Pike Place Market yaqinida bo‘lib, bu o‘z navbatida Sietl bilan yaqinroq tanishish imkonini beradi.

Sietlda Vashington universiteti va uning qo‘shimcha ta’lim beruvchi University of Washington Educational Outreach bo‘limi faoliyat yuritadi. Universitetga tashrif buyurdik. Universititga tegishli bog‘ yoqdi. Xuddi o‘rmonni eslatadi. O‘qituvchilar uchun alohida, talabalar uchun alohida avtomobillarga mo‘ljallangan garaj mavjud.

Washington State Ferries — AQShdagi eng ko‘p kemalarga ega bo‘lgan parom servisi sanaladi. Servisga tegishli paromlar shaharni yon atrofdagi orollar bilan bog‘laydi. Suvdagi sayr tabiat go‘zalliklaridan bahra olishga, charchoqni chiqarishga xizmat qiladi.

Pyudjet-Saund bo‘g‘ozi Sietlni Tinch okeani bilan bog‘laydi. Pyudjet-Saund g‘arbida Olimpik (Olympic Peninsula) yarim oroli joylashgan. Bu shaharda biz, o‘zbeklarning «gap» ananasiga o‘xshash odati bor bo‘lib, jamoa a’zolari har oyda bir marta Olimpik yarim oroli to‘planib turishar ekan. Ular har uchrashuvga qandaydir sovg‘a bilan borishlari shart. Jamoaning a’zolaridan biri bu tadbirga O‘zbekistondan kelgan mehmonlarni taklif qilishga qaror qilibdi. Bizning tashrifimiz, jamoa a’zolarida katta taassurot uyg‘otdi. Hamma biz bilan gaplashgisi kelardi. Vashingtondan kelgan Kongreyes a’zosi ham xuddi biz kabi mehmon sifatida ishtirok etdi. U atayin nutq so‘zlab, O‘zbekistonlik mehmonlar bilan bir davrada o‘tirganidan xursand ekanini bildirdi. O‘zbekiston haqida iliq fikrlarni aytib o‘tdi. Vashingtonda bo‘lgani kabi Sietlda ham biror bir kishining qovog‘ini solib yurganini ko‘rmadik. Keyin bilsak kulib yurish amerikaliklarga xos odat ekan. Kulgu va salomlashish nafaqat xushmuamolalik belgisi, balki xavfsizlik kafolati ekan.

Sietl menga yoqdi. Juda ham go‘zal shahar. Bu yerdan Yuta shtati ma’muriy markazi bo‘lmish Solt-Leyk-Siti shahriga yo‘l oldik.

Samolyotdan qarasangiz shaharni botqoqliklar qurshab olgandek va kichik shaharga o‘xshab tuyuladi. Biroq yerga tushganingizdan keyin tasavvur butunlay o‘zgaradi. Amerikaning boshqa shaharlaridan qolishmaydigan shahar ekanini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Shaharni Uosatch va Okuirr tog‘lari qurshab olgan. Solt-Leyk-Siti aholisining 50 foizi mormonlardan iborat ekanligini aytishdi. Ular shaharni «Muqaddas shaharlarning muqaddasi» deb atashadi.

2002 yilda bu shaharda XIX qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Biz olimpiada munosabati bilan barpo etilgan mehmonxonalardan biriga joylashdik.

Solt-Leyk-Sitiga kelgan sayyohlar albatta toqqa chiqmay qaytmaydi. Alta i Snowbird SKi & Summer Resort kurortlari joylashgan Little Cottonwood Canyonni shaharning tashrif qog‘ozi, desak yanglishmaymiz. Biz ham olimpiya qishlog‘i joylashgan toqqa bordik.

Sirakyus (Syracuse) — AQShning Nyu-York shtatidagi Olbani va Buffalo shaharlari o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Onondaga okrugining ma’muriy markazi hisoblanadi.

Yakshanba dam olish kuni madaniy xordiq chiqarish maqsadida Niagara sharsharasi tomon yo‘lga tushdik. Kanada chegarasigacha 3 soat yo‘l yurdik. Yo‘llarga gap yo‘q. Tep-tekis. O‘rmonzorlardan ham, dashtlardan ham o‘tdik. Aholi punktlari bo‘lmasa ham yo‘llarda yer ostidan o‘tish joylari mavjudligiga ko‘zimiz tushdi. Bilsak bu tabiatga ziyon yetkazmaslik maqsadini ko‘zlagan ekan. Ya’ni, hayvonlarning yo‘lning bu chetidan u chetiga o‘tishlari uchun yerosti o‘tish joylarini qurishga qaror qilishibdi. Yo‘lning ikki chetida daraxt shoxlarning sinib yotganini ko‘rib, hashar yo‘li bilan shoxlarini tozalash kerak, degan taklif berdik. Ammo tarjimonlarimiz «bizda tabiatga tashqaridan aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Hamma narsaning tabiiy bo‘lgani yaxshi» deyishdi. Yer osti yo‘llaridan tashqari taxminan 90ga yaqin yer osti va yer usti ko‘priklarini sanab, nihoyat manzilga yetib bordik. Katta yo‘ldan chapga burilib, daryo bo‘ylab yura boshladik. Mana shu daryo Niagara sharsharasining boshlanishi ekanini aytishdi.

Haydovchimiz, AQSh fuqarosi bo‘lgani uchun Kanadaga bemalol o‘tib kelishi mumkin bo‘lib, boshqarayotgan mikroavtobusi chegarada deyarli tekshirilmasdi. Agar mikroavtobusdan tushmaydigan bo‘lsak, Kanada hududlariga bizni olib o‘tishi mumkin edi. Ammo bunday qilmadi. Chunki qonun buzilardi. Amerikada qonunni buzish ular uchun gunoh hisoblanadi. Shu sababli balandligi 53 metrlik sharsharani Amerika tomonidan tomosha qilish bilan kifoyalandik.

Sirakyusdagi bir qator tashkilotlarda bo‘lib o‘tgan tadbirlarda qatnashdik. Xususiy maktabga borib mashg‘ulotlar bilan qiziqdik. O‘quvchilar bilan suhbatlashdik. AQSh maktablarida – u hoh davlatga qarashli, xoh xususiy bo‘lsin — bir odat bor. Mashg‘ulotlar bir vaqtda boshlanadi. Ammo xohlagan vaqtda sinfdagi radiokarnaydan AQSh davlat gimni yangraydi. Shunda hamma o‘rnidan turib, davlat bayrog‘i tomonga yuz burib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yishga majbur. Mamlakat ramzlariga hurmat oilada boshlanib, maktabda davom etadi.

Sirakyusdan Nyu-Yorkka samolyotda uchib ketishimiz kerak edi. Mehmonxonadan aeroportgacha bir soat, u yerda bir soat samolyot kutiladi, parvoz bir soat davom etadi, aeroportdan mehmonxonagacha yana bir soat — jami to‘rt soat ekan. Shunda delegatsiyamizdan taklif chiqdi: «mikroavtobusda ketsak bo‘lmaydimi?». Yo‘lda tushlik qilish bilan qo‘shib hisoblaganda mikroavtobusda besh soat yurar ekanmiz. Taklifimiz Vashingtonga — davlat departamentiga yetkazildi. Ular rozi bo‘lishdi. «Yurgan daryo» deganlari rost ekan. Samolyotdan ko‘ra mikroavtobusda ketganimiz foyda bo‘ldi. Ko‘p narsadan boxabar bo‘ldik, Amerika yo‘llarini ko‘rdik, turmush tarzi bilan tanishdik.

Nyu-York (New York City yoki City of New York) — jahon ahamiyatiga molik megapolis va AQShdagi yirik shahar. 8,3 million kishi istiqomat qiluvchi shahar AQShning iqtisodiy va moliyaviy markazi hisoblanadi. Katta Nyu-York (Greater New York) yoki Metropolitan New York deb ataluvchi shaharda umumiy hisobda 19 million aholi istiqomat qiladi.

Gohida «Katta olma» deb ataluvchi bu shaharni jahon poytaxti, deb ham atashadi. Chunki bu yerda BMT va jahon ahamiyatiga ega tashkilotlarning qarorgoxi joylashgan. Imkoniyat bo‘lishiga qaramay biz BMT qarorgoxiga kiraolmadik. Ayrim hamroxlarimiz istashmadi. Men bu binoga kirib, O‘zbekiston bayrog‘i va O‘zbekistonga ajratilgan joyni ko‘rish niyatim bor edi. Ammo bino oldidan bir necha bor o‘tdik.

Yer yuzidagi birorta shahar Nyu York singari umid va ishonch bilan bog‘liq emas. Amerikaning ramzi bo‘lmish Ozodlik haykali ko‘p yillar davomida farovon hayot ilinjida Amerikaga kelganlarini kutib oldi. Nyu-Yorkdan bitta armon bilan qaytdim. U ham bo‘lsa mana shu — Ozodlik haykaliga borolmaganim. U yerga borib qaytish 10 dollar ekan. Hamrohlarimiz mana shu 10 dollarni ko‘zi qiymadimi yoki boshqa sabab bo‘ldimi, haykal joylashgan orolga borish nasib qilmadi.

21-mart kuni Navro‘zni Nyu-Yorkda nishonladik. To‘g‘rirog‘i, katta bayram tantanalarining ustidan chiqib qoldik. Navro‘zni an’anaviy tarzda nishonlaydigan xalqlarning vakillari shahar ko‘chalarida bayram tadbirlarini o‘tkazar ekanlar, bundan biz ham bahramand bo‘ldik. Shahar ma’muriyati Navro‘zni nishonlash uchun imkoniyat yaratib bergani, hatto tartibni saqlayotgani bizni quvontirdi.

AQSh Davlat departamentining Xorijiy tashrif buyuruvchilarni qabul qilish bo‘limi taklifi bilan «Fuqarlik jamiyati va OAV. Bir mamlakat uchun loyiha – O‘zbekiston» dasturi doirasida «okean orti mamlakati»ga amalga oshirgan safarimiz 2005-yilning 21-mart kuni nihoyasiga yetdi.

Mendan ko‘pincha, «Amerikani bir og‘iz so‘z bilan ifodalay olasizmi?» deb so‘rashadi. Shunda men, ustoz shoir Abdulla Oripovning «Amerika sehrli diyor» degan so‘zlaridan o‘tkazib biror narsa aytish qiyinligini aytaman.

O‘zA saytidan olindi.

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring