Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

50 ming gektar yer 100 mingta kambag‘al oilaga bo‘lib beriladi

50 ming gektar yer 100 mingta kambag‘al oilaga bo‘lib beriladi

Foto: Xabar.uz

Prezident yig‘ilishida bir yil davomida yana 50 ming gektar yerni 100 mingta kambag‘al oilaga bo‘lib berish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Ushbu yerlarda “kompaniya – kooperativ – dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil etiladi. Bunda, yerdan uch xil daromad olinadigan yangi tizim yaratiladi:

- qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi va eksport qiluvchi katta kompaniya kambag‘al oilalardan yerni ikkilamchi ijaraga oladi;

- yoki yer egalari ulushdor sifatida kooperatsiyaga birlashib, kompaniyalardan buyurtma oladi va topilgan daromad ular o‘rtasida taqsimlanadi;

- har ikki holatda ham ushbu aholi yerda o‘zi mahsulot yetishtirib, buning uchun oylik oladi.

Ya’ni, kambag‘al oila o‘ziga berilgan yerdan yanada samarali foydalanib, oylik olish bilan birga, ijara yoki dividenddan daromad ko‘radi.

Mutasaddilarga viloyat hokimlari bilan birgalikda bu orqali kamida 200 ming aholini band qilish topshirildi.

Hozir sanoatda eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan soha – to‘qimachilik.

Tadbirkorlar 2 yil avval tayyor trikotaj, bo‘yalgan mato va gazlama korxonalariga ijtimoiy soliqdan berilgan imtiyozni uzaytirib berishni so‘ramoqda.

Agar korxonalar kambag‘al aholini band qilsa, o‘sha ishchiga ijtimoiy soliqdan imtiyoz yana uch yilga saqlanib qoladi.

Ushbu imtiyoz nafaqat to‘qimachilikka, balki barcha sohadagi korxonalarga beriladi.

Bu imkoniyatdan foydalanib, to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal va hunarmandchilikda 120 ming, dehqonchilik va chorvachilikda 120 ming, qurilish sohasida 25 ming, elektrotexnikada 20 ming kambag‘al aholini ishli qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring