Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi agrar sohada hamkorlikni rivojlantirmoqchi

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi agrar sohada hamkorlikni rivojlantirmoqchi

Foto: Gov.uz

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi turli sohalar qatori agrar yo‘nalishda ham hamkorlikni yanada kengaytirish istagida. Bu haqda 5 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voysexovskiy uchrashuvida ta’kidlandi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda Ya.Voysexovskiy so‘nggi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni e’tirof etar ekan, YeI mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini aytgan.

J.Xo‘jayev esa YeI mamlakatlarining AKIS xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha boy tajribasini o‘rganish, «Smart AKIS» dasturida ishtirok etish haqida gapirgan, shuningdek, o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi tadqiqotchilarining Yevropa ilmiy muassasa va ta’lim markazlarida tajriba almashishi yuzasidan taklif bildirgan.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida Yevropa tajribasining ahamiyati, keyingi 4 yil davomida bu bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar haqida ham so‘z yuritilgan.

Avval xabar berganimizdek, YeIning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voysexovskiy «Dengizga chiqish yo‘llari bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar: oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari» mavzusidagi xalqaro forumda qatnashish va O‘zbekiston rasmiylari bilan muzokara o‘tkazish uchun yurtimizga kelgan.

Joriy yil aprel oyida YeI qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonga 6 million yevro miqdorida grant ajratgan edi.

YeI va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga jami 20 million yevro ajratilishi ko‘zda tutilgan.

2023 yil oktyabr oyida esa Toshkent hamda Bryussel qishloq xo‘jaligi sohasida loyiha amalga oshirish bo‘yicha moliyaviy bitim imzolagandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring