Flyadeal Jidda – Namangan yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘ydi
Saudiya Arabistonining Flyadeal aviakompaniyasi Jidda – Namangan – Jidda yo‘nalishi bo‘yicha muntazam ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi.
Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 15 yanvar kuni Namangan aeroportida Flyadeal aviakompaniyasining ilk reysi kutib olindi.
Bortida 350 nafar yo‘lovchi bo‘lgan uchoq mahalliy vaqt bilan 10:21 da Namanganga qo‘ngan. An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan kutib olingan.
Jidda – Namangan – Jidda yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlar haftasiga uch marta (dushanba, chorshanba va juma kunlari) Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Flyadeal aviakompaniyasi 2024 yil 21 noyabrdan Toshkent va Jidda o‘rtasida reyslarni yo‘lga qo‘ygan edi.
Loukoster formatidagi Flyadeal aviakompaniyasi Jiddadagi Podshoh Abdulaziz xalqaro aeroportida joylashgan. Shirkat Saudiya Arabistonining yetakchi havo tashuvchisi Saudia Group amalga tatbiq etgan transformatsiya strategiyasi doirasida 2017 yilda tashkil qilingan.
Avval xabar berganimizdek, 2022 yil 15 noyabrdan Saudiya Arabistonining boshqa bir aviatashuvchisi – «FlyNas» Jidda va Toshkent o‘rtasidagi reyslar sonini ko‘paytirgandi.
«FlyNas» (sobiq «NasAir») aviakompaniyasiga 2007 yilda asos solingan. Yaqin Sharqning yetakchi aviatashuvchilaridan biri sanalgan shirkat 2030 yilda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichini 330 million nafarga, Saudiya bilan bog‘liq xalqaro yo‘nalishlar sonini esa 250 taga yetkazishni maqsad qilgan.
Avvalroq Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlar ko‘paygani, haftalik aviaqatnovlar 25 taga yetganini ijobiy tendensiya sifatida baholagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter