Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda 60 yoshli fuqaro xonadonidan ko‘p miqdorda nasha topildi

Buxoroda 60 yoshli fuqaro xonadonidan ko‘p miqdorda nasha topildi

G‘ijduvon tumanilik 60 yoshli fuqaro A.H. o‘ziga tegishli bo‘lgan qurilishi yakunlanmagan va hech kim yashamaydigan hovlisining tomorqasida 17 tup ta’qiqlangan «kannabis» o‘simligini yetishtirgan. Qo‘ni-qo‘shnilari uning qanday o‘simlik ekanini so‘rashganida, A.H. «birovning tomorqasi bilan nima ishlaring bor» deb, ularni quvib solgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, A.H. eski hovlida yashab yurgan turmush o‘rtog‘ining xatti-harakatlaridan xabarsiz ayoli O.J.ni zudlik bilan yangi hovliga kelishini so‘ragan.

«Ustalar kirishadi, tezda hovli tomorqasini begona o‘t-o‘lanlardan tozalab, yoqib yuborish kerak», — deya xotinini ham ishga jalb etgan.

O.J. hech nimadan xabarsiz turmush o‘rtog‘iga ko‘maklashgan. A.H. esa gul va o‘simliklarga qo‘shib, 17 tup kannabis o‘simligini ham yoqib yuborgan. Xuddi shu paytda mahalla bo‘ylab vertolyot tinimsiz harakatlangani kuzatilgan.

Hayal o‘tmay, qurilishi tugallanmagan xonadonga qator huquq-tartibot idoralari vakillari va tezkor guruhning kirib kelgani O.J.ni hayratga solgan.

«Maxsus kiyimdagi xodimlar bir zumda hovlimizning hammayog‘iga tarqalishdi. Uy ichlari, yerto‘la va cherdaklarigacha... ko‘zdan kechirishdi. Bir payt ichida menga noayon bo‘lgan qora paketni ko‘tarib chiqishdi. Afsuski, bir xonadonda yashab, xabarsiz qolibmiz. Turmush o‘rtog‘imning har doim «yangi hovlini o‘zim ta’mirlayman, o‘zim tomorqalarini yashnataman», deganiga ishonibmiz. 2 nafar turmushga chiqqan qizlarimu, ne-ne umidlar bilan o‘z kasbu kori yo‘lida oilasi bilan Samarqandda xizmat qilib yurgan o‘g‘limizning yuziga qanday qararkin?» — degan O.J.

Yoqib yuborilgan 17 tup kannabis o‘simligidan tashqari, A.H.ning xonadonida yana ko‘p miqdorda giyohvand moddalar borligi aniqlangan. Qurilishi tugallanmagan hovli tom qismidagi cherdakdan 130 dona gugurt qutida tarkibida tetragidrokannabinol mavjud bo‘lgan nasha topilgan. Uning sof og‘irligi 951,22 grammga bo‘lgan. Bulardan tashqari, molxona tom qismidan o‘tkir hidli 4 dona ildizsiz, tanalari quritilgan kannabis o‘simligi, sof vazni 2483,31 grammga teng marixuanna, 643,64 gramm o‘simlik barglari borligi hujjatlashtirilgan.

A.H. ushbu giyohvand moddalarni sotish uchun emas, o‘zi iste’mol qilishi uchun yetishtirib, saqlab yurganini va har kuni o‘zi 1 dona gugurt quti nasha chekishini bildirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi hukmi bilan A.H.ga nisbatan 6 yilu 7 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring