Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Eski hammom – eski tos (hajviya)

Eski hammom – eski tos (hajviya)

Aytilgan har gapga farishtalar omin deyishi to‘g‘ri ekan. Isboti mana: shahar obodonlashtirish boshqarmasining katta mutaxassisi Changiyev tuman obodonlashtirish bo‘limining boshlig‘i etib tayinlandi.

Changiyev ilgari tuman obodonlashtirish xodimlarini hamisha tanqid qilardi. «Chiqindilar nega har kuni olinmaydi? Ko‘chaning xazonlarini ariqqa supurib tashlash mumkin emas. Agar men boshliq bo‘lganimda …»

Mana endi o‘zi boshliq bo‘ldi. Istagini bajarish imkoniyati mavjud. Birinchi galda ko‘chaning ikki yoqasidagi ariqlarni tozalash kerak. Bu ariqlarning yillab tozalanmaganiga o‘zi guvoh. Shu bois mehnat jamoasining asosiy qismi farroshlar bo‘lgan bo‘lim xodimlari bilan ertalabki tanishuv yig‘ilishida u ishni ariqlarni obdon tozalash kerakligi haqida ko‘rsatma berdi.

Tushdan so‘ng Changiyev ko‘chalarni aylanishga chiqdi. Bo‘lim xodimlarining barchasi ko‘chalarga biriktirilgan, farroshlar ariqlarni tozalash bilan band. Faqat tirkama bo‘lmagani bois ariq ichidan chiqarilgan xazon va axlatlar ko‘cha chetiga uyum-uyum qilib to‘plangandi.

Changiyevga hamroh bo‘lib yurgan bosh muhandis chiqindilarni tashiydigan texnika yoqilg‘i olishi bilan hozir kelib ko‘chalarni tozalashi haqida izoh berdi.

Changiyev ishxonasiga qaytganida unga tezlik bilan shahar boshqarmasiga yetib borish kerakligini aytishdi. U yerda Changiyevdan ko‘chalar nega tozalanmayotganligi haqida so‘rashdi. Yangi boshliq kechgacha hammasi tozalanishiga va’da berdi. Lekin ko‘chalarni aylanib hali ham mashinalar chiqmagani va bosh muhandisdan bugun yoqilg‘i ta’minoti hal bo‘lmaganini angladi.

Changiyev kech soat yettida mas’ul xodimlar bilan yig‘ilish o‘tkazishni belgilab, ungacha ekologiya va sanepidstansiya idoralariga borib, ko‘chalar tozalanmagani haqida tushuntirish xatlarini yozib keldi.

Yig‘ilishda barcha masalalar muhokama etilib, tasarrufdagi oltita texnikadan to‘rttasi nosozligi, ikkita texnika yoqilg‘i yo‘qligi tufayli ishlamaganligi, mablag‘ tanqisligidan ehtiyot qismlar olinmayotganligi ma’lum bo‘ldi va yana ko‘plab muammolar o‘rtaga tashlandi. Uch soat davom etgan yig‘ilish oxirida Changiyevni telefonga chaqirishdi. Shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i ertaga shaharga mehmonlar kelayotganligi, ungacha ko‘chalardagi ariqlardan chiqarilgan chiqindilarni tozalash zarurligi haqida ko‘rsatma berdi.

Changiyev yangi ishining birinchi kuniyoq ahvoli tangligidan asabiylashib, majlislar xonasiga qaytar ekan, ertaga kutilayotgan tadbirni o‘tirganlarga ma’lum kildi. Uzoq davom etgan muzokaradan so‘ng o‘rinbosar, bosh muhandis va farroshlar boshlig‘ining taklifi, ya’ni texnikalar ishga tushib ketgunga qadar ko‘chalarda to‘plangan axlatlarni vaqtincha ariqqa surib tashlash fikri ma’qullandi. Changiyev bu taklifga qo‘shilmaslikning iloji yo‘qligini sezib turardi.

Xurshid Nurullayev

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring