Bir umr sotilmaydigan ko‘ylak (hajviya)

Men sotuvchilik madaniyati haqida qaysi bir gazetada o‘qigandim. Unda har qanday mahsulot savdosining amalga oshishi, asosan, sotuvchining xaridorga bo‘lgan munosabatiga bog‘liqligi haqida yozilgan edi. Menga, ayniqsa, buyumni maqtash bilan birga, uni xarid qilayotgan kishiga ham e’tibor qaratilishi kerak, degan gap rosa ma’qul bo‘lgan. Masalan, ichki kiyimning oq ranglisini tanlagan kishiga uning ozodalikka o‘ta rioya qiladiganlar toifasidan ekanligini uqtirib o‘tish lozim bo‘larkan. Qora yoki boshqa rangdagisi bilan qiziqqan xaridorga esa so‘nggi urfdan xabardor ekanligini ta’kidlash ijobiy natija berarkan. Umuman, ikkala holatda ham savdoning sotuvchi foydasiga hal bo‘lishi ta’minlanar ekan. Qora yoki boshqa tusdagi kiyim ayni vaqtda urfda ekanligini qaysi xaridor bilib o‘tiribdi, deysiz!
Xaridorning yaxshi xislatlarini uning o‘ziga ko‘rsatish orqali (albatta unda mazkur xislatlar umuman bo‘lmasligi ham mumkin, buning ahamiyati yo‘q) buyumning sotilishiga erishish sotuvchining asosiy vazifasi hisoblanarkan. Maqolada bu boradagi xorij tajribasi ham yozilgan edi. Masalan, xaridor do‘konda uzoq qolib ketsa, unga choy taklif qilish, bir oz oromkursida o‘tirib dam olishini so‘rash, qiziqqan narsalari haqida do‘kondagi mavjud buyumlar misolida kerakli ma’lumotlarni berish, mabodo u do‘kon telefonidan foydalanmoqchi bo‘lsa, yolg‘iz qoldirish mumkin va hokazo, va hokazo...
Ilgari do‘konlarga kirganimda, sotuvchilarga, ularning xaridorlar bilan bo‘ladigan munosabatlariga sira e’tibor bermagan ekanman. Maqoladan xulosa chiqarib, sotuvchilarning xaridorlarga qilgan muomalasini ko‘z oldimga keltirdim va, ochig‘i, o‘kinib ketdim. Asabim buzilganidan, hatto o‘sha maqolaga ko‘zim tushganidan pushaymonlar qildim.
Shunday bo‘lsa-da, endi do‘konlarga kirganda, sotuvchilik madaniyatiga e’tibor bera boshladim. Asosan, ishdan so‘ng yoki dam olish kunlari yo‘l yoqasida turnaqator turgan do‘konlarga bir-bir bosh suqardim. Shunda do‘konda xaridor bor-yo‘qligidan qat’i nazar, sotuvchilarning menga e’tibor bermasligi ajablantirardi.
Ba’zan do‘konga kirganimni bildirib qo‘yish uchun tomoq qirib, salom berardim. Ayrim sotuvchilar hayron bo‘lganini yashirmay alik olsa, boshqasi o‘tirgan joyidan qo‘zg‘almay, men tomonga bir qiyo boqish bilan cheklanardi.
Bir gal xarid qilmoqchi bo‘lgan molimni sotuvchi xushlamay, erinchoqlik bilan ko‘rsatganida beixtiyor savol berdim:
– Siz birorta sotuvchining o‘rnida vaqtincha ishlayapsizmi?
– Nega endi, men o‘zimning joyimda ishlayapman, – ajablandi u.
– Do‘kondagi narsalarni sotishdan manfaatdor emasmisiz? – bo‘sh kelmadim yana men.
Sotuvchi boshqa javob qaytarmay, nari ketdi. Meni aqldan ozgan kishi bo‘lsa kerak, deb o‘yladi chamamda.
Ikkinchi do‘konga kiraman. Birorta xaridor yo‘q. Peshtaxta ortida ikki sotuvchi ayol gaplashib o‘tiribdi. Ular do‘konga odam kirganini payqagan bo‘lishsa-da, o‘rinlaridan qo‘zg‘alishmaydi. Aksincha, kuyib-pishib gapirayotgan ayol menga malollanib ko‘z tashlab qo‘yadi. Sotuvchilarning bu taxlit muomalasi kaminaga ayon, o‘rganib ketganman. Chet ellik xaridor bunday vaqtda o‘zini xo‘rlangan deb hisoblashini ham bilaman. Iste’molchilik huquqi poymol etilgani uchun o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zararni kamida bir millionga baholab, uni sud orqali do‘kon egasidan undirib olishi ham aniq. Men esa bu ishni qilmayman. Sotuvchilarga an’ana bo‘lgan bunday munosabatga ko‘nikkanman, ularning betakallufligi zig‘ircha ta’sir qilmaydi. Axir men sotuvchilarning e’tiborini jalb etish uchun emas, xarid uchun kirganman. Fikru xayolim peshtaxtadagi narsalar bilan band. Ulardan biri diqqatimni tortadi:
– Mana bu ko‘ylakning boshqa rangidan bormi?
– Yo‘q.
– Boshqa bichimi-chi?
– Sizga kichiklik qiladi.
Sezgandirsiz, xaridor bilan sotuvchi o‘rtasida oldi-sotdi borasida jarayon boshlandi, lekin ikkisining ham o‘rnidan qo‘zg‘algisi yo‘q. Men ham bo‘sh kelmayman.
– Iltimos, bir ko‘rsating.
Sotuvchilar maosh oladigan kuni ayolining oldiga quruq qo‘l bilan kelgan erni qarshilagan xotindek kaminaga norozi tikilishadi. Menga yaqin o‘tirgani og‘ir «uf» tortib, o‘rnidan turadi va malol kelganini yashirmay ko‘ylakni olib uzatadi.
Ko‘ylakning orqa va old tomonini shoshilmasdan, diqqat bilan ko‘zdan kechiraman. Uning tezda qaytarilishini kutgan sotuvchi menga namoyishkorona nafrat bilan tikiladi.
– Kiyib ko‘rsam bo‘ladimi?
– Olsangiz kiyib ko‘ring. Aks holda o‘zidek qayta taxlab bo‘lmaydi.
Men ko‘ylakni qaytarib beraman. Go‘yo xarid qilmasligim ilgaridan ma’lumdek, sotuvchi bir so‘z demay uni joyiga qo‘yadi-da, ilhaq kutayotgan suhbatdoshining yoniga borib o‘tiradi. O‘qrayib tikilgan ikki juft ko‘zning ta’siri shunchalarki, do‘konni darhol tark etishim zarurligini sezaman. Lekin ayni tobda «bu ko‘ylak bir umr sotilmasa kerak», degan o‘y xayolimdan o‘tadi. Nega menga uni maqtashmadi? Sotib olishim uchun biror chora qo‘llashmadi?
– Sizlarda choymi, kofemi bormi?
Sotuvchilar samodan tushgan kelgindini ko‘rgandek menga baqrayib qarashadi.
– Xaridor do‘konda uzoq qolib ketsa, unga biror ichimlik taklif etish mumkin-ku?
– Ey, bu yer sizga bar emas. Bundan tashqari do‘konni hozir yopamiz.
– Sizlarni ovora qilib qo‘yganim uchun uzr.
Men ularning qahrli nigohlari ostida do‘konni tark etaman.
Eh-he, yana qanchadan-qancha do‘kon bor. Ularning har biriga kirib-chiqishim kerak. Axir, meni sotuvchilik madaniyati qiziqtiradi-da!..
Xurshid Nurullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter