Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Quvilmagan, so‘kilmagan, turtilmagan ... jurnalist emas!»

«Quvilmagan, so‘kilmagan, turtilmagan ... jurnalist emas!»

2013-yil, qish. Sovuq zabtiga olgan. Tuman markazida ham avtoulov kam, odam siyrak.

Endigina 19 yoshni qarshilagan talaba ko‘zlari yongan holda bir dasta qog‘ozni quchib ketardi. Svetofor yondi, yigitcha shoshibgina ikki qavatli, eskigina bino qarshisida to‘xtadi.

Binoga kiradigan eshikka taxta osilgan. Unda «Kitob tongi» gazetasi tahririyati» deya yozilgan edi. Tahririyat so‘zi talabaning yuragini yanayam hapriqtirdi. Bu binoda jurnalistlar ishlaydi. Ular xushfe’l, aqlli, gap-so‘zlarni chertib ishlatadigan kishilar bo‘lsa kerak. Talaba hali jurnalistika fakultetini bitkazib, bundan besh baravar katta binolarda ishlaydi. U faoliyat yuritadigan ofisda ish qaynaydi, so‘nggi rusumdagi kompyuterlar ishlatiladi, shovqin-suron tinmaydi...

Talaba entikkancha eshikni qoqdi. Jimlik. Yana bir-ikki bor gursillatib urdi.

— Hoy bola, nima qilyapsan?

Yigitcha o‘girildi: kichik gavdali, qora plash, jo‘nro‘mol o‘rangan kampir. Bu ayol tuman gazetasining yagona bosh muharriri, muxbiri, tahrirchisi, umuman olganda universal xodimi edi. Gazetaga kelganda kampir o‘ttiz besh yoshlardagi juvon edi, mana yetmishni qoralabdi.

— Men, maqola...

Kampir eshikni ochdi, ichkariga yo‘naldilar. Hatto xonasiga taklif qilmay, koridorda qog‘ozlarni ko‘ra boshladi.... va dag‘dag‘a qila ketdi:

— Senlar oliftasanlar. Maqola yozishni bilasanlarmi? Pul berib, Toshkentdagi universitetga joylashgansan. Birovning joyini egallab olgansan. Suf senaqa jurnalist bo‘laman deganga. Ko‘chirib kelgansan maqolani.

Talaba oppoq orzular bulutidan achchiq balchiq hidi anqib turgan botqoqqa qaytib tushganini his qildi. Chalajon nashrning bir oyog‘i go‘rda bo‘lgan muharriri shunday haqoratlar yog‘dirdiki, u karaxt bo‘lib qoldi. Achchiq ustida tishlagan labi ko‘kardi...

Yosh jurnalistning sohadagi «debyuti» ana shunday boshlandi.

«Opkir ichkariga, jurnalistning adabini beramiz...»

Topshiriq bo‘ldi: maktablarni o‘rganish kerak, ta’limdagi muammolarni ko‘tarmoq darkor. Yosh muxbir yangi ishga kirgan emasmi, o‘zini ko‘rsatish uchun, tushlik qilmasdan shahar chetiga yo‘l oldi.

Unda tajriba... haminqadar edi.

Birinchi kirgan maktabining o‘zidayoq sir boy berib qo‘ydi. Ayyorlik ishlata olmadi. Shaxsan direktorning o‘ziga shartta «nima kamchiliklar bor maktabda?» dedi.

Direktor hammasi joyida ekani, sharoit oldida Garvard ip esholmasligini, standartlar bobida Finlyandiya «dam olishini» ta’kidladi. Muhimi, «negativ» chiqmasligi kerak. Darhol shotirini chaqirib, «jipiriq muxbircha»ni olib chiqib tashlashni buyurdi.

«Jurnalistcha» tashqariga chiqib ham tinmadi. Majlisga kelayotgan ota-onalarga diktofon tutdi...

Direktor portladi. Ikki barzangiday o‘qituvchi (aftidan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari bo‘lsa kerak) muxbirni maktab chetiga sudrab keldi. Direktor shunday tahdidli gapirdiki, «muxbir"ning yuragi tovoniga tushdi...

Eh sho‘rlik muxbir! Kelib-kelib shaharning eng nufuzli maktablaridan birining eshigini taqillatasanmi? Sodda-go‘lga o‘xshab darrov maqsadingni aytasanmi? Kirishimlilik, bahona to‘qish, tanish-bilish orqali informatsiya olish qayoqda qoldi? Nega olti yil o‘tsayam odam bo‘lmading? Senga birinchi va to‘g‘ri tashxisni 2013 yilda qari kampir, tuman gazetasining (rahmatli) universal muxbiri qo‘ygan edi...»

«Bizning ko‘cha qachon asfalt bo‘ladi?»

U o‘zini qishloq uchun ko‘p ish qildi deb hisoblardi.

To‘g‘rida, haroba qishloq vrachlik punkti uning maqolasidan so‘ng yangilandi, dehqonlarning mahsulotini nasiyaga olgan savdogarlar achchiq tanqidning sharofati bilan qarzlarini uzishdi.

Odamlarning oldida o‘tayotganda g‘urur tuyardi: kishilar u bilan quyuq so‘rashar, ochiq chehra bilan salomlashishardi. Bir paytlar qora-qura, ozg‘ingiga bola bugun yaxshigina, e’tiborli yigitga evrilgandi.

Ammo... u Shokir tog‘aga bergan va’dasini bajarmadi. Shirakayf kishi barcha gaplarni ertasigayoq unutvoradi deb xato o‘ylagan edi.

Mana Shokir tog‘a yana qiyshayib kelyapti: uni ko‘rishi bilan og‘zidan ko‘pik sachratib, qichqirdi:

— O‘o‘o‘, muxbir(cha)! Sen g‘irt yolg‘onchi ekansan. Mukofot olibsan deb eshitdim. Senam laychaga aylanibsanda... Bizning ko‘cha asfalt bo‘lmadi. Qara hamma Rossiyaga ketyapti, qishloqda ish yo‘q. Narxlar oshib yotibdi. Men nechchi yildan beri harobada yashayman. Cho‘ntagim qup-quruq (aroqqa pul topilganini qarang). Hammasiga senlar aybdorsanlar. Hukumat nega o‘qitdi? Nega ishlamaysanlar? Televizordan chiqvolib, maqtanchoqlik qilasanlar. E, ko‘tar, karamsho‘rvangni!... Diplomingga o‘t tushsin, senlarni!

Oxirgi kuchini to‘plab qichqirgan piyonista yonboshiga yiqildi...

Xulosa

Bilasizmi, u ba’zan hammasini yig‘ishtirib, boshqa yo‘ldan yurgisi keladi. Boshqalardan ortda qolmaslik uchun tinimsiz izlanish, o‘qib-o‘rganish me’dasiga tekkanday bo‘ladi. G‘alati kasb. Odamlar senga umid bilan qaraydi. Muammolarini arz qilishadi.

Ammo, jurnalistika shunisi bilan totlidek. O‘sha qari muharrir ham, seni do‘pposlamoqchi bo‘lgan o‘qituvchilar ham, piyonista hamqishlog‘ingga ming rahmat aytsang arziydi. Ular seni INSON bo‘lishingga zig‘irday bo‘lsada hissa qo‘shishdi...

Hammasi silliq ketib, o‘zingdan nom-nishon qoldirmay o‘tsang, bunaqa ijoddan kimga naf?

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети