Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Olis tog‘ qishlog‘ida yosh kelin fojiali tarzda vafot etdi. Bilimsizlikmi yo johillik?

Olis tog‘ qishlog‘ida yosh kelin fojiali tarzda vafot etdi. Bilimsizlikmi yo johillik?

Shu kunlarda juda qayg‘uli bir voqeaga duch keldim.

Sarchashma qishlog‘i Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida, baland tog‘lar bag‘rida joylashgan. Boshqa joylarni saraton kuydirib yotgan mahal Sarchashmada salqin va mo‘tadil ob-havo kuzatiladi. Qishloq nomiyam o‘ziga mos — buloqning boshi, daryolar irmoqlari shu tomonlardan boshlanadi.

Shu qishloqda yashovchi 22 yashar kelinchak bir kechada vafot etdi.

Kelinchakning yaqin qarindoshi (yetmishni qoralagan bu momo) bu voqea tafsilotini kuyunib so‘zlab berdi.

Turmush qurganiga uch yil ham bo‘lmagan kelinchak farzandsizlikdan aziyat chekardi. O‘zbek bolajon xalq, bizda odatda yillab befarzand yurilmaydi, ayniqsa tog‘da yashovchi aholining ko‘pi serfarzand bo‘ladi. Vaqt o‘tgan sari o‘ylov va tushkunlik yosh ayolga ta’sir qila borgan. Shifokorlarning bergan umidlari va taskinlari kor qilmay, bir firibgar tabibning maslahatiga kirgan.

Nima emish, yong‘oq o‘tinini sozlab cho‘g‘ qilib, tanchaga solsa va shu cho‘g‘da biron soat o‘tirsa inson tanasidagi har qanday shamollash barham toparmish. Bunday kishi bemalol farzand ham ko‘ra olar ekan. Ko‘ziga farzanddan boshqasi ko‘rinmagan kelin va uning yaqinlari bu gapga ishonishgan. Yoshgina tanani qalin ko‘rpaga o‘rab, cho‘g‘ chaqnab turgan tanchaga tiqishgan.

Natijada kelinchak tutun va issiqdan bo‘g‘riqqan, azoblangan, lekin bunga bir muddat chidagan. Oxiri kuchi yetmay hushidan ketgach, unga yong‘oq bargini damlama qilib (!) ichirishgan. Lekin bu telba-teskari muolajalar yosh vujudni batamom quritgan. 22 yashar yosh beka ota-onasi va yaqinlarini chirqiratgancha, dorilbaqoga rixlat etgan...

Bu hodisa shu davrda, shu oyda sodir bo‘lgani haqiqat.

Nima deysiz? Johil va bilimsiz tabibni, unga ishongan va yosh kelinni juvonmarg bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan qarindosh-yaqinlarning, kimning yoqasidan tutasiz? Soxta davolovchilar, turli-tuman dorilar urchigan zamonda kimgi ishonishingni ham bilmay qolasan. 

Nima bo‘lganda ham endi bir ro‘zg‘orni obod qilib turgan ayol tirilmaydi.

Lekin, bugun XXI asr. Hech bir ish oqibatsiz qolmasligi kerak. Bolangizni, yaqinlaringizning ko‘zini oching, jamiyatni uyg‘oting, deya hayqirgim keladi. To‘g‘ri tanasi boshqa dard bilmas degan gap ham bor. O‘sha kelin farzandni o‘ylab necha tunlarni bedor o‘tkazgan, sal ko‘zi ilinganda, tushlariga yo‘rgakdagi oppoq chaqaloq kirgan.

Xullas, bu voqea hammamizga saboq bo‘lgulik. Boshqa gaplarga esa qalam aylanmayapti...

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети